Harbiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi xususiy korxonalar 3 barobarga ko‘paydi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda harbiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 6 taga yetdi. Xususiy sektorda bu tur mahsulotlarni ishlab chiqarishga litsenziya olgan tadbirkorlar 3 barobarga ko‘paydi. Bu haqda bugun, 21 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi raisi Oybek Ismoilov ma’lum qildi.

Oybek Ismoilovning axborotida keltirilishicha, 2021 yilda qo‘mita tasarrufidagi korxonalar tomonidan mahsulotlar ishlab chiqish ko‘rsatkichi 2020 yilga nisbatan 3,5 barobar, xorijiy davlatlarga mahsulotlar eksporti 1,9 barobarga oshgan.

Qo‘mitasi tasarrufidagi korxonalar soni 6 taga yetib, harbiy mahsulotlarni ishlab chiqarishga litsenziyalashtirilgan xususiy sektor korxonalari 3 barobarga ortgan.

Qayd etilishicha, korxonalar zamonaviy, energiya tejovchi, raqamli-dasturlashtirilgan boshqaruvli dastgohlar va uskunalar bilan bosqichma-bosqich jihozlangan. Ular bazasida kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari o‘tkazilgan. Ushbu maqsadlarga yo‘naltirilgan mablag‘lar, o‘tgan yilga nisbatan 15 barobarga o‘sgan.

Shuningdek, yengil zirhlangan avtomobillar va tungi ko‘rish priborlar kabi yuqori texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib, 20 dan ortiq turdagi zamonaviy talablarga javob beradigan harbiy va ikki maqsadda qo‘llaniladigan mahsulotlar ishlab chiqarish texnologiyasi o‘zlashtirilgan.

Bundan tashqari, dunyoning yetakchi davlatlari bilan hukumatlararo harbiy-texnikaviy hamkorlik komissiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

“O‘zbekiston tarixida ilk bor milliy Mudofaa sanoati mahsulotlari joriy yilning 23-26 iyun kunlari Belarusning Minsk shahrida o‘tgan “MILEX-2021” qurol-aslaha va harbiy texnikalar xalqaro ko‘rgazmasidagi namoyishi katta e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Umumiy hisobda o‘tgan davr ichida qo‘mita va uning korxonalari tomonidan yirik loyihalar amalga oshirildi, ko‘plab turdagi harbiy va ikki maqsadli mahsulotlar ishlab chiqarilishi o‘zlashtirildi, yuzlab ish o‘rinlari yaratildi va sezilarli miqdorda xorijiy valyuta tejab qolindi”, deya ma’lum qilgan Oybek Ismoilov.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

242

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing