Har viloyatning bir tumani Xitoy tajribasi asosida kambag‘allikdan chiqariladi
Jamiyat
−
10 may 2023
15189Bugun, 10 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumki, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoyning tajribasini o‘rganish va yangi yondashuvlarni ishlab chiqish uchun yaqinda O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoyda bo‘lib qaytgan. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga u yerdan ekspertlar jalb qilingan.
Endi Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan tumanni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilishi belgilangan. Bunda kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga e’tibor qaratilishi qayd etilgan.
Bosh vazir o‘rinbosariga buning uchun zarur infratuzilma masalasini hal qilish vazifasi yuklatilgan.
Aytilishicha, joriy yilda oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion so‘m kredit va 1,5 trillion so‘m subsidiyalar ajratilayapti. Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha 37 turdagi subsidiyalar mavjud. Lekin ularni ajratish shartlari oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, loyihaning o‘zini o‘zi oqlash muddatidan qat’iy nazar, barcha uchun deyarli bir xil. Shu bois kredit va subsidiyalarni har bir kambag‘al oilaga alohida yondashuv asosida taqdim etish taklifi bildirilgan.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligini xalqchil tizimga aylantirish, 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallaning o‘zida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
LiveBarchasi