Har bir viloyatda bittadan Yevropa andozasidagi kollej va texnikumlar ochiladi
Jamiyat
−
11 fevral 2023
56922023 yil 1 sentyabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida malakali xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Yevropa kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitish sifatini ta’minlash tizimi talablariga to‘liq javob beradigan 1 tadan namunaviy professional ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bu haqda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida nazarda tutilgan.
Qayd etilishicha, professional ta’lim tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va ish beruvchilarning talablariga mos bo‘lgan malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash maqsadida 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab davlat grantlari kollej va texnikumlarning dual ta’lim shakli bo‘yicha ham ajratiladi.
Joriy yilda esa dual ta’lim shakli bo‘yicha davlat granti asosida kamida 5,7 ming nafar o‘quvchi qabul qilinadi.
“Dual ta’lim shaklida o‘quvchi professional ta’lim muassasasida nazariy bilimlarni oladi va bir vaqtning o‘zida ishlab chiqarish korxonasida mehnat faoliyatini amalga oshirib, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlaydi (Germaniya, Shveysariya, Avstriya tajribasi).
Natijada, namunaviy profta’lim muassasalari Yevropa Ittifoqi Komissiyasi, Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), KFV banki, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasini, Koreyaning “YeDSF” fondi bilan birgalikda tashkil etiladi”, deya belgilangan dasturda.
Ushbu muassasalar faoliyatiga zamonaviy standartlarni joriy qilish uchun esa ularga o‘quv reja va dasturlarni, ta’lim shakli va muddatini mustaqil belgilashga ruxsat etiladi.
Shuningdek, har bitta muassasaga 4 nafardan xorijiy ekspertlar ham jalb etilishi belgilangan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risidagi prezident Farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Jamoatchilik muhokamasi 17 fevralgacha davom etib, bunda har bir fuqaro ishtirok etishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning 2023 yilga mo‘ljallangan davlat dasturiga ko‘ra endi “dom”larni maktabga aylantirishga ruxsat berilishi haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi