Har bir amerikalikka $5000: Tramp saylovchilarni pul bilan manipulyatsiya qilmoqchi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning noyabr oyidagi Kongress saylovlarida respublikachilar nazoratni saqlab qolsa, har bir katta yoshli amerikalikka 5 ming dollardan “Tramp dividendi” to‘lashni va’da qildi. Bu haqdagi taklifni Tramp kecha, 9 sentyabr kuni Respublika partiyasining birinchi marta o‘tkazilgan oraliq saylovlar konvensiyasida bildirdi

Biroq mablag‘ qanday tartibda to‘lanishi va bunday to‘lovlarni amalga oshirish qonuniy jihatdan mumkin yoki mumkin emasligi hozircha aniq emas. AQSHda katta yoshli aholi soni taxminan 270 million nafarni tashkil etadi. Shu sababli Tramp taklif qilgan to‘lovlarning umumiy qiymati qariyb 1,35 trillion dollarga yetishi mumkin.

Prezident konvensiyada 1 soat 45 daqiqa davomida nutq so‘zlab, prezidentlik faoliyatining dastlabki ikki yilini “prezidentlik tarixidagi eng buyuk ikki yil” deb atagan. Shu tariqa u oraliq saylovlar oldidan o‘zini respublikachilar kampaniyasining markaziga qo‘ygan.

Biroq Trampning saylovoldi uslubidagi nutqi mustaqil saylovchilarni qay darajada jalb qilishi noma’lum. Sotsiologik so‘rovlar hayot qimmatlashishi va Eron urushi tufayli saylovchilar orasida respublikachilarni qo‘llab-quvvatlash pasayganini ko‘rsatmoqda.

“Amerika kelajagini radikal so‘l demokratlarga topshirsak, mamlakatimiz keyingi o‘n yilni endigina oyoqqa turishga sarflaydi. Respublikachilarga ovoz bering va biz dunyoni avlodlar davomida ortda qoldiramiz”, degan Tramp.

Dallasda ikki kun davomida o‘tayotgan konvensiya 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlar oldidan Respublika partiyasining Trampga qanchalik bog‘lanib qolganini ham ko‘rsatmoqda. Tadbir Respublika milliy qo‘mitasi raisi Jo Gruters tomonidan norasmiy ravishda “Trumpapalooza” deb atalgan. Bu nom mashhur “Lollapalooza” musiqa festivaliga ishora qiladi.

Trampning reytinglari rekord darajada pasaygan bir paytda uni partiyaning asosiy saylovchilarini yana safarbar qila olishiga umid bog‘lash respublikachilar uchun xavfli qaror sifatida baholanmoqda. Prezident saylov kunigacha qolgan 8 hafta davomida hal qiluvchi shtatlar va okruglarga bir necha bor borishini aytgan.

“Men byulletenda bordek tasavvur qilishingizni so‘rayman”, degan Tramp.

Ayrim respublikachi nomzodlar esa Prezidentdan masofa saqlashni ma’qul ko‘rgan. Qator raqobatli saylovlarda ishtirok etayotgan nomzodlar, jumladan Michigan vakili Tom Barrett, Alyaska senatori Den Sallivan va Men senatori Syuzan Kollinz konvensiyada qatnashmagan.

Shu bilan birga, kamida 16 nafar raqobatli Palata va Senat saylovlaridagi nomzodlar Dallasda so‘zga chiqishi rejalashtirilgan. Ular orasida Trampning yaqin ittifoqchisi, Texas bosh prokurori Ken Pakston va Ogayo senatori Jon Xyusted ham bor.

Demokratlarga qarshi tanqidlar kuchaydi

Konvensiyadagi dastlabki chiqishlarda asosiy e’tibor demokratlarni tanqid qilishga qaratildi. Respublikachilar ularni transgender ayollarning sportda ishtiroki va chegara xavfsizligi kabi masalalarda “sotsialistlar” va “kommunistlar” deb atagan. Shu bilan birga, saylovchilar uchun eng dolzarb mavzulardan biri bo‘lgan Eron urushi va hayot qimmatlashishiga nisbatan kamroq e’tibor qaratilgan.

Alabama shtati vakili Erni Yarbro Tramp saylovchilarga Erondagi urush qancha davom etishi va ma’muriyatning aniq maqsadlari nimadan iborat ekanini tushuntirishi kerakligini aytgan. Tramp esa Tehronga qarshi harbiy zarba berish qarorini Eronning yadroviy qurol yaratishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurati bilan izohladi. Shuningdek, Eron bilan urushda AQSH g‘alaba qozonishi bilan neft narxi tushishini va’da qildi.

Biroq AQSH va Isroil Eronga qarshi zarbalar boshlaganidan olti oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, mojaroning yakunlanishi hozircha ko‘rinmayapti. Tahlilchilar Eronning yadroviy dasturi yo‘q qilinmaganini bildirgan, Tehron esa yadroviy qurol yaratishga intilmayotganini ta’kidlamoqda.

Kongress saylovlari har 2 partiya uchun muhim ahamiyatga ega. Saylovlarga ikki oydan kam vaqt qolgan bir paytda respublikachilar Kongress palatalaridan kamida birida nazoratni yo‘qotish xavfiga duch kelmoqda. Sotsiologik so‘rovlar esa demokrat saylovchilarning ovoz berishga qiziqishi yuqoriroq ekanini ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uydagi 4 nafar xodimiga bayram munosabati bilan jami 155 ming dollar miqdorida pul sovg‘a qilgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing