“Har bahorda shu bo‘lar takror...” Yana shakar taqchilligi avj oladimi?
Jamiyat
−
19 aprel 2023
9748Hademay, o‘zbek xonadonlarida qish fasliga g‘amlab qo‘yish uchun turli murabbolar va sharbatlar tayyorlash ishlari boshlanadi va bu fuqarolarda shakar mahsulotiga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshiradi. Buni inobatga olgan holda Raqobatni rivojlantirish va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 2023 yilda O‘zbekistonda shakar mahsuloti bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasligini ma’lum qildi.
Keltirilishicha,shakar mahsulotini ishlab chiqaruvchi va realizatsiya qiluvchi mahalliy tadbirkorlarning 2023 yildagi faoliyatida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha Hukumat tomonidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
“Respublika aholisining yillik ehtiyojini (o‘rtacha 650 ming tonna) barqaror ta’minlash uchun zarur darajada (1 million tonna) shakar mahsuloti mavjud va hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q”, deyiladi qo‘mita xabarida.
Bugungi kunda aholiga shakar 11 500 – 14 000 so‘mdan, ayrim olis hududlarda 12 000 – 15 000 so‘mgacha chakana narxlarda realizatsiya qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning iyun oyi boshida O‘zbekiston ichki bozorida 1 kg shakarning o‘rtacha narxi 9 500 – 13 000 so‘m, ayrim savdo nuqtalarida 20 000 so‘mgacha ko‘tarilgani kuzatilgan edi. Shuningdek, qo‘shni va boshqa MDH mamlakatlarida shakar narxi 52 foizga (so‘m ekvivalentida qo‘shni mamlakatlarda 14 000 so‘mdan 21 000 so‘mgacha) o‘sishi bilan bir qatorda, ushbu mahsulot taqchilligi bilan bog‘liq muammo va xatarlar yuzaga kelgan edi.
LiveBarchasi