Hammasi xayoldan boshlanadi
Jamiyat
−
11 noyabr 2019
6465Hammasi xayoldan boshlanadi. Biz ham avvaliga xayol qurdik. O‘shanda QALAMPIR’ning nomi bor edi, xolos. 2015 yilning yanvari. QALAMPIR loyihasiga asos solindi. Ishni avvalo mazkur nomga monand logotip tayyorlashdan boshladik. O‘z-o‘zidan g‘oyalar tug‘ilaverdi. Odamlarga yuzlashish, ularning g‘oyalarini o‘zimizniki bilan birlashtirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda fleshmob o‘tkazdik. Bir necha kunda ijtimoiy tarmoq QALAMPIR yozuvi tushirilgan suratlarga to‘lib ketdi. Fleshmobda 150 nafarga yaqin taniqli shaxslar ishtirok etdi. O‘shanda 2015 yilning apreli edi. Ammo biz QALAMPIR nomi ostida qanday faoliyat yuritish haqida qat’iy qaror qabul qilmagan edik.
Ilhom manbaimiz odamlarning o‘zi bo‘ldi. QALAMPIR nomi ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lishi bilan "bu yangi internet-sayt bo‘lsa kerak" degan izohlar yog‘ildi. Bu ayni muddao edi. Odamlar ehtiyoji bor narsani o‘zi aytdi va bizga yo‘l ko‘rsatdi.
Xayol qurishda davom etdik. Vaqt o‘tdi. Turli qiyinchiliklarni yengib 2015 yilning 11 noyabr kuni QALAMPIR.UZ internet-nashrini ishga tushirdik.
O‘shanda jamoamiz juda tor, moliyaviy imkoniyatlarimiz ham haminqadar edi. Ammo, xayollarimiz bor edi va u bizni yangi marralar sari ildam qadam tashlashga, mutlaqo bajaramiz, uddasidan chiqamiz, qoqilamiz, lekin yiqilmaymiz deyishga undadi. Biz bajardik! Uddaladik! Va biz 4 yoshdamiz. Bugun esa 40 yillik to‘yimizni xayol qilyapmiz.
Hisobot bermoqchi emasmiz. Faloncha maqola chiqardik, falon muammoni hal qildik... Zotan bu maqtanadigan ishlar emas, balki burchimiz. Biz odamlarning yonida bo‘lish, haq so‘zni aytishdek oliy maqsadni gardanimizga olib yo‘lga chiqdik. Bu manzilda qanday borayotganimizga esa bahoni siz berasiz.
Tanqiddan qo‘rqmaymiz, pichoqni avval o‘zimizga urishni eng to‘g‘risi deb biluvchilardanmiz. Shu bois eng og‘ir tanqidingiz bizning yana va yana o‘z ustimizda ishlashimizga, xayollar qurishimizga turtki bo‘ladi. Bu xayollar ushalganda, natijasini ko‘rsatganda esa unda Sizning ham hissangiz bo‘ladi. Ishoning!
4 yillik mehnatimizni sarhisob qila turib, ilk maqolalarimizdan biriga ko‘zimiz tushdi. Unda Zangiota tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birining xarob ahvoldaligi va bunga mutasaddilar panja ortidan qarab kelayotgani yortilgandi. O‘shanda bu kabi tanqidlarning internetga chiqishi bugungidek oson va oddiy qabul qilinadigan hodisa emasdi. Ammo QALAMPIR’ning prinsiplari avval boshidan aniq edi. Unga qanchalik sodiq qoldik yoki yo‘q, bu ham talab va ehtiyojdan.
Bugun saytimizni kuniga 200 mingdan ziyod foydalanuvchi kuzatib kelyapti. Ijtimoiy tarmoqlardan birgina Instagram’ning o‘zida 1 milliondan ortiq foydalanuvchimiz bor. Bir vaqtlar bu xayol edi.
Bugun o‘tgan 4 yil va kelajak haqida xayollar quryapmiz. Biz hammasi xayol qilishdan boshlanishiga ishonamiz!
LiveBarchasi