“Hamma narsa o‘ylab qilingan”. Tunnel uch kunga bormay nuraganiga izoh berildi
Jamiyat
−
04 yanvar 2022
21876Avvalroq, Samarqandda 14 million dollar evaziga qurilgan tunnel ochilganidan uch kun o‘tar-o‘tmas yomg‘irga dosh berolmay, devorlarida yoriqlar paydo bo‘lib, suv o‘tib ketgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat yuzasidan “1-Ko‘prik qurilish otryadi” direktor o‘rinbosari Azimbek Mirzayev rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ko‘prik hali to‘liq foydalanishga topshirilmagan, qurilish ishlari joriy yilning yanvar oyida o‘z nihoyasiga yetadi. Suv o‘tishiga tashqaridan kelgan chiqindilarning suv qochirish-irrigatsiya tizimidagi lotoklarga tiqilib qolgani sabab bo‘lgan.
“Qurilish ishlari yakunlangandan so‘ng, bunday holat kuzatilmaydi. Chunki hamma narsa o‘ylab qilingan, chizmalari bor, faqat oxiriga yetmagani uchungina shu holat yuz berdi”, deydi Azimbek Mirzayev.
Ma’lumot uchun, tunnel qurilishi 2019 yil oxirida boshlangan bo‘lib, qurilish ishlariga 143 mlrd so‘m sarflangan. Bu mablag‘lar to‘liq davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilgan.
Tunnel shaklidagi yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 675 metr. Inshootning estakada qismi uzunligi 20 metr, balandligi 5,7 metr va kengligi o‘rtacha 26,3 metrni, tirgak devorlarining umumiy uzunligi 551 metrni tashkil etadi.
2019 yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tunnel “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ “Ko‘prikqurilish” tresti UK tomonidan amalga oshirilishi belgilangan edi.
Ma’lumot o‘rnida, hali to‘liq foydalanishga topshirilmagani bot-bot aytilayotgan tunnelning tantanali ochilish marosimi 2021 yilning 31 dekabr kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirokida bo‘lib o‘tgan edi. Ko‘prik tayyor emas ekan, unga shuncha pul sarflab ochilish marosimi qilganda nima foyda? Yo Samarqand viloyati hokimligi sharmandalikni lenta kesish orqali qabul qilib olmoqchi bo‘lganmi?
LiveBarchasi