Siyosatshunos totalitar va avtoritar davlatlardagi farqni tushuntirdi
Bu qiziq
−
05 fevral 2022
11345Har bir davlatning o‘ziga xos mafkurasi bo‘ladi. Lekin totalitar va avtoritar davlatlardagi mafkura o‘rtasida farq bor. Siyosatshunos Hamid Sodiq QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida mafkuralar o‘rtasida qanday farq bo‘lishini aytib o‘tdi.
“Totalitar mamlakatlarda davlat mafkurasi sifatida yagona mafkura o‘rnatiladi. Ya’ni bitta mafkura bo‘ladi, boshqa mafkuraga yo‘l bermaydi. Hatto, jinoiy javobgarlik bor. Bugungi kunda bunday yagona davlat Shimoliy Koreya. Shimoliy Koreyadan boshqa totalitar davlat yo‘q. Bor bo‘lsa ham boshqalari u darajada emas. Shimoliy Koreyada “Chuchxe” degan mafkura bor. “Chuchxe” bu ham din, ham mafkura, ham siyosat, ham tarix hisoblanadi. Agar u yerga borsangiz matematika faniga ham o‘sha “Chuchxe” singdirilgan. Eng kuchli matematik Kim Chen Inlarning kattasi. Ya’ni millatning otasi eng zo‘r matematik, eng zo‘r jangchi, eng zo‘r iqtisodchi hammasi o‘sha. Hatto, u Xudo darajasiga ko‘tarilgan”, deydi Hamid Sodiq.
Siyosatshunos so‘zida davom etarkan, avtoritar davlatlar kundalik mafkura bo‘lishini va avtoritar mamlakatlarda yangi fikr bo‘lmasligini ta’kidladi.
“Avtoritar rejimda kundalik mafkura bo‘ladi. Masalan bir kun korrupsiyaga qarshi kurashish kuni. Ikkinchi kun aholiga yordam berish kuni. Shunday turli xil mafkuralar aylanaveradi. Avtoritar davlatlarda sof yangi fikrni topa olmaysiz. Bu asosiy farqi. Totalitar davlatlar dunyoga o‘zini ochiq namoyish etadi. Lekin avtoritar mamlakatlarda fasad demokratik bo‘ladi. Ya’ni avtoritar rejimda demokratiyaning barcha institutlari mavjud bo‘lib, ular mohiyatdan uzilgan bo‘ladi. Ishlamaydi! Faqat ko‘rinish demokratik. Uzoqdan qarasangiz e’tiroz bildira olmaysiz. Davlatning ichida yashab turib ham muammo nimada ekanligini tushunmaysiz. Hamma narsa bor, nega rivojlanmayapmiz? Buni tushuntirish uchun haqiqiy hayotdan uzilmaslik kerak, siyosiy bilimlar zarur”, deydi siyosiy mutaxassis.
Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi