HAMAS va Isroil muzokaralari hali boshlanmadi – Qatar
Olam
−
08 iyul 1661 2 daqiqa
Qatar poytaxtida bo‘lib turgan Isroil va HAMAS harakati vakillari G‘azo sektoridagi mojaroni hal qilish bo‘yicha muzokaralarni hali boshlamadi. Bu haqda Qatar Bosh vaziri maslahatchisi, TIV rasmiy vakili Majid bin Muhammad al-Ansoriy ma’lum qildi.
“Birinchidan, ikkala delegatsiya ham Dohada. Biz ular bilan bo‘lajak muzokaralar doirasi haqida alohida gaplashyapmiz. Shunday qilib, muzokaralarning o‘zi hali boshlanmagan”, dedi u brifingda.
Uning aytishicha, kelishuvga erishish vaqt talab etadi va Dohadagi muzokaralarni yakunlash uchun aniq muddatni aytish qiyin.
“Hozircha vaqt oralig‘ini ayta olmayman deb o‘ylayman, lekin hozir aytishim mumkinki, buning uchun bizga vaqt kerak bo‘ladi. Bu jarayon vaqt talab etadi”, dedi u Isroil va HAMAS yangi kelishuv shartlari bo‘yicha kelishib olishlari kerak bo‘lgan muddat bormi, degan savolga javob berar ekan.
Shuningdek, Qatar vakili muzokaralar jarayonini baholashga hali erta ekanini, vositachilar HAMAS va Isroil o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish ustida ishlayotganini aytdi.
“Biz aytishimiz mumkin bo‘lgan yagona narsa shundaki, ikkala tomon ham [jarayonda] ishtirok etmoqda. Biz har ikki tomon bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. Shubhasiz, bizning vazifamiz ular o‘rtasidagi nozik masalalar bo‘yicha kelishmovchiliklarni bartaraf etishdir”, dedi al-Ansoriy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar jarayoni doirasida tomonlarning har biri bilan pozitsiyalarni aniqlashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlar olib borilmoqda.
“Biz asosiy masalalar bo‘yicha kelishuvlarga erishish orqali tegishli shart-sharoitlar yaratishga harakat qilmoqdamiz”, dedi Qatar TIV vakili.
Uning ta’kidlashicha, Qatar va Misr muzokarachilar guruhlari G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha bo‘lajak muzokaralar uchun poydevor qo‘yish maqsadida Dohada kechayu kunduz ishlamoqda.
6 iyul kuni HAMAS va Isroil Misr, Qatar va AQSH vositachiligida Dohada G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va anklavda garovga olingan isroilliklarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishishga qaratilgan muzokara jarayonini qayta boshladi. Manbalarning kecha, 7 iyul kuni “Al Arabiya” telekanaliga ma’lum qilishicha, maslahatlashuvlar ijobiy muhitda o‘tmoqda, biroq hozircha hech qanday yutuqlar yo‘q.
“Reuters” xabariga ko‘ra, Isroilning G‘azo sektoriga gumanitar yordamning to‘siqsiz va xavfsiz kirishini ta’minlashdan bosh tortishi muzokaralardagi asosiy muammoli masala hisoblanadi.
Live
Barchasi