HAMAS Isroilni tan olsa, partiyaga aylanishi mumkin – Abbos
Olam
−
21 Oktabr 2025 3041 2 daqiqa
HAMAS bir qator shartlar bajarilgan taqdirda siyosiy partiyaga aylanishi mumkin. Bu haqda Falastin Prezidenti Mahmud Abbos “Corriere della Sera” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“HAMAS hali ham siyosiy partiyaga aylanish imkoniyatiga ega, agar u Falastinni ozod qilish tashkiloti (FOT)ning tamoyillarini qabul qilsa – ya’ni Isroilni tan olsa, xalqaro majburiyatlariga hurmat bilan yondashsa va ikki davlat tuzish haqidagi qarorni qo‘llab-quvvatlasa”, dedi Abbos.
Parlament va prezident saylovlariga to‘xtalar ekan, Abbos ular harbiy harakatlar tugaganidan so‘ng bir yil ichida tashkil etilishi mumkinligini aytdi. Unga ko‘ra, vaqtinchalik konstitutsiyani tayyorlashga oid yangiliklar yaqin oylarda e’lon qilinadi.
“Biz saylovlar va partiyalar to‘g‘risidagi ikki qonun ustidan ishlayapmiz”, dedi u.
Ma’lumot uchun, 7 noyabr kuni Abbos Italiyaga tashrif buyurib, Rim Papasi Lev XIV bilan uchrashadi.
Eslatib o‘tamiz, 9 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroil va XAMAS vakillari G‘azo sektoridagi garovdagi shaxslarni ozod qilish hamda Isroil qo‘shinlarini kelishilgan pozitsiyalarga chiqarishni nazarda tutuvchi kelishuvning birinchi bosqichi bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgan edi.
10 oktyabr kuni tungi paytda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning devoni hukumat barcha garovdagi shaxslarni ozod etish bo‘yicha bitimni ma’qullaganini xabar qildi. Otashkesim haqidagi kelishuv shu kuni kuchga kirdi.
19 oktyabr kuni Isroil armiyasi Rafah shahri atrofidagi hodisa haqida xabar berib, HAMAS otashkesim rejimini buzganini ma’lum qildi. Netanyahu bu hodisada HAMASni ayblab, harbiylarga “chora ko‘rish”ni buyurdi. Shuning ortidan Isroil armiyasi butun anklav bo‘ylab bir qator hujumlar uyushtirdi. Keyinroq ma’lum qilinishicha, Rafahdagi to‘qnashuv oqibatida ikki harbiy halok bo‘lgan, yana biri og‘ir jarohat olgan. HAMAS esa mazkur hodisaga o‘zining aloqadorligini rad etgan.
Live
Barchasi