HAMAS G‘azo sektorini boshqarmasligi kerak – Rishi Sunak
Olam
−
24 yanvar
3463Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak HAMAS Falastin anklavida tinchlikni ta’minlash uchun garovga olingan barcha isroilliklarni ozod qilishi va G‘azo sektori ustidan nazoratdan voz kechishi kerakligini aytdi. Bunday fikrni u bugun, 23 yanvar kuni mamlakat parlamentining Jamoatlar palatasida (quyi palata) so‘zlagan nutqida bildirdi.
"Buyuk Britaniya G‘azodagi janglar imkon qadar tezroq tugatilishini istaydi. Biz jangovar holat, vayronagarchilik va o‘limga qaytmasdan, barqaror, doimiy o‘t ochishni to‘xtatish yo‘lidagi muhim qadam sifatida yordam yetkazib berish va garovga olinganlarni olib chiqish uchun zudlik bilan gumanitar pauzani qo‘llab-quvvatlaymiz. Lekin bunga erishish uchun HAMAS barcha garovga olinganlarni ozod qilishga rozi bo‘lishi kerak. Ular endi G‘azoni boshqara olmaydi. HAMASning terror tahdidi va raketa hujumlari to‘xtatilishi lozim. Falastin milliy ma’muriyati anklavni boshqarish va xavfsizlikni ta’minlash uchun G‘azoga qaytishi haqida kelishuvga erishish kerak”, deydi u.
Sunak Britaniya hukumati doimiy ravishda Yaqin Sharq mojarosini ikki davlatning yonma-yon yashashi tamoyili asosida hal etish tarafdori ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Bosh vazir London Isroilning Ashdod porti orqali G‘azoga gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlash niyatida ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala kecha, 22 yanvar kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan telefon muloqoti chog‘ida muhokama qilingan.
Bundan tashqari, u Yamandagi husiylarga qarshi harakatlar haqida ham so‘z ochdi va Buyuk Britaniya o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda qurol yetkazib berishni to‘xtatish uchun chora ko‘rishini qo‘shimcha qildi.
"Husiy jangarilariga noqonuniy qurollar oqimini to‘xtatishimiz kerak. Biz avvalroq mintaqada qurol-yarog‘ jo‘natmalarini, shu jumladan bugungi kunda husiylar tomonidan qo‘llanilayotgan qismlarni to‘xtatgan edik. Dengiz mintaqaviy xavfsizligini ta’minlash katta ahamiyatga ega. Bu qurol va uning tarkibiy qismlarini yetkazib berishni to‘xtatish uchun ittifoqchilar va hamkorlar bilan yaqin hamkorlikni o‘z ichiga oladi”, deydi u.
Shuningdek, Sunak London yaqin kunlarda husiylarga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilishini aytdi.
"Biz husiylarning hujumlari uchun foydalanadigan moliyaviy manbalarini kesish uchun qo‘limizdagi eng samarali vositalardan foydalanishga tayyormiz. Biz bu masalada AQSH bilan yaqindan ishlayapmiz va yaqin kunlarda yangi sanksiya choralarini e’lon qilishni rejalashtirmoqdamiz", deb qo‘shimcha qilgan Bosh vazir.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 23 yanvarga o‘tar kechasi Buyuk Britaniya va AQSH husiylarning pozitsiyalariga qarshi rasman tasdiqlangan ikkinchi qo‘shma zarbalarni boshlagandi. Ularning asosiy nishonlari husiylarning yerosti omborlari va raketa uchirish va havodan kuzatuv bilan bog‘liq ob’ektlari bo‘lgan. Tomonlar husiy nishonlarini bombardimon qilish orqali “Qizil dengizda barqarorlikni tiklash” va mintaqada navigatsiya erkinligini ta’minlash niyatida ekanliklarini aytmoqda.
Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron ham London husiylarning harbiy salohiyatini kamaytirish uchun Yamandagi nishonlarga zarba berishda davom etishini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi