Hakamlik haqida gapirishni istamayman – Vlado Radmanovich
Sport
−
11 Oktabr
4753O‘zbekiston milliy terma jamoasi yordamchi murabbiyi Vlado Radmanovich Jahon chempionati saralashi 3-bosqich 3-turidan o‘rin olgan Eronga qarshi o‘yindan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Ushbu o‘yin qiyin bo‘lishini kutgandik, chunki raqibimiz ham Osiyoda o‘z o‘rniga ega jamoalardan. Bizda yaxshi imkoniyatlar ham bo‘ldi. O‘yinga tashrif buyurgan muxlislar va OAVga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Biz o‘yindan o‘yinga kuchayib borishni maqsad qilganmiz. Oldimizda yanada jiddiy bahslar kutib turibdi. Navbatdagi o‘yinimiz BAAga qarshi bo‘lib o‘tadi va muxlislarimizdan bizni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab qolamiz”, deydi Radmanovich.
Radmanovich bahsdagi hakamlik haqida ham to‘xtaldi.
“Bu mavzuda gapirishni istamayman. Chunki murabbiylar uchun hakamlar haqida gapirish noto‘g‘ri deb hisoblayman”, deydi mutaxassis.
Murabbiy terma jamoaning jismoniy holati to‘g‘risida ham fikrlari bilan bo‘lishdi.
“Terma jamoada bu yo‘nalishda futbolchilar bilan ishlash uchun yetarlicha vaqt bo‘lmaydi, bu barcha terma jamoalarda uchrab turadigan muammo. Chunki biz ularni o‘yinga tayyorlashga 3 kun vaqtimiz bor edi. Biz asosan taktik va o‘yin qurish ustida ishlaymiz. Oston dastlab o‘yinga tayyorligini aytgandi, biroq oxirgi mashg‘ulotdan keyin u og‘riq his qildi. Shu sababli bu darajadagi o‘yinda biz tavakkal qila olmasdik”, deydi Radmanovich.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi keyingi o‘yinini 15 oktyabr kuni o‘tkazadi. O‘sha kuni “oq bo‘rilar” “Bunyodkor” stadionida BAA terma jamoasini qabul qiladi.
LiveBarchasi