Savodsizlik urchigan O‘zbekiston, xiyonatkor rahbarlar, Lola Karimovaning pullari, migrantlariga no‘noq TIV – Hafta tahlili

Tahlil

Biz Dok-1 Maks dorisi sabab 65 nafar norasidaning vafot etganidan xulosa chiqarmagan odamlarmiz. Xulosa qilganimizda edi, bugun hammasi boshqacha bo‘lardi. Ayniqsa, tizim o‘zgarardi, ayrim shifokorlarimiz ishiga, inson salomatligiga jiddiyroq qaragan, nafsi hakalak otmagan bo‘lardi. Antibiotik, garmon kabi kuchli va jahon tajribasida odatda bolalarga tavsiya qilinmaydigan dori vositalarini yetti o‘lchab, keyin tavsiya qilardi. Tugayotgan haftada bir necha xususiy klinikalar va davlat shifoxonalarida bo‘ldim, pediatrlar bilan suhbatlashdim. Albatta, ular orasida kasbining fidoyilari, millat salomatligi uchun umrini tikkanlar talay. Shifoxonalar esa bolalar va doktorning ko‘ziga mo‘ltirab, yozgan retseptini olgancha dorixonaga chopayotgan ota-onalar bilan to‘la. Eng qizig‘i, o‘sha kuchli dorilar hech qanday retseptsiz sotiladi. Bolalarda tarqalayotgan o‘tkir respirator virus yoki pnevmoniyaning da’vosi faqat antibiotik, garmonlarmi? Dorilar har bir bolaning bugungacha kechirgan kasalliklar tarixi, ayni vaqtdagi qon tahlillari, rentgen va boshqa tahlillarga ko‘ra tavsiya etilishi kerakmasmi? Kuni kecha davlat shifoxonalaridan birida ishlaydigan shifokor bilan gaplashib qoldim. U ming afsus bilan ba’zi xususiy klinikalarda bolalar shunchaki tajriba quyonchasi qilinayotgani, hamma bolaga “optom”iga antibiotiklar, garmonlar tavsiya etilayotgani, bular esa kelajakda ularning salomatligida jiddiy asoratlar qoldirishidan yozg‘irdi. Ota-onalar o‘ylamayotgan narsani begona shifokor o‘ylayapti. 

Telekanal boshlovchisi o‘limida ayblanganlar jazoga tortildi

Dasturni sog‘liqni saqlash tizimiga oid xabar bilan boshlasak. 2023 yilda vafot etgan “Dunyo bo‘ylab” telekanalining marhum 31 yoshli boshlovchisi Ramina Yagafarovaning o‘limi ortidan u jon bergan xususiy klinikaning ikki shifokori jinoiy jazoga tortildi.

Sud materiallarida qayd etilishicha, ikki nafar tibbiyot xodimi “Doctor Servis” MCHJga qarashli xususiy klinikada reanimatolog shifokor bo‘lib ishlab kelgan.

2023 yilning 12 sentyabr kuni Ramina Yagafarova xususiy klinikada davolanayotgan onasini ko‘rgani kelib, betobligi sababli o‘zi bilan birga olib kelgan “Taygeron” nomli dori vositasini iste’mol qilib, mazkur dori vositasining reaksiyasi oqibatida anafilaktik shok holatiga tushib qolgan.

Jurnalistda anafilaktik shok holati yaqqol ko‘rinib turganiga qaramay, shifokor unga “dori vositalaridan anafilaktik reaksiya” tashxisini noto‘g‘ri qo‘yib, dastlabki davo choralarini patogenetik yo‘nalishga mos bo‘lmagan usulda olib borgan. Sog‘liqni saqlash vazirining 2021 yil 30 noyabrdagi buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Anafilaktik shok bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha milliy klinik protokol”da bunday bemorga inson organizmining ichki a’zolari faoliyatini tiklovchi “Epinefrin” (Adrenalin) dori vositasi qo‘llanishi to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatilganiga qaramasdan shifokor beparvolik bilan mazkur dori vositasini qo‘llashni buyurmagan.

Bundan tashqari, shifokor Yagafarovaga so‘roq ostida pnevmoniya tashxisini qo‘ygan bo‘lsa ham, rentgen tekshiruvlari o‘tkazib, pnevmoniya tashxisi bor yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan.

Shifokor bemordagi anafilaktik shok holatini bartaraf etish, uning hayotini saqlab qolish hamda davo usulini tanlash maqsadida allergolog va terapevt mutaxassislarining maslahatini olmay, kelgusida turli xil anafilaktik shok tashxisini bartaraf etishga patogenetik yo‘nalishiga mos bo‘lmagan, to‘g‘ridan to‘g‘ri davolashga mo‘ljallangan dori vositalaridan chetga chiqqan holda, ushbu kasallikni bartaraf etishga moslashmagan hamda qarshi ko‘rsatmalarga ega bo‘lgan turli dori vositalari, ya’ni “Gistamin-liberatori” hisoblanuvchi – hujayra ichidagi “Gistamin” moddasini qonga yanada ko‘p miqdorda chiqishi va anafilaktik reaksiyani yanada kuchaytiruvchi qarshi ko‘rsatmalari bo‘lgan “Kalsiy glyukonat” dori vositasini hamda qorindagi kuchli og‘riqni qoldirish maqsadida tarkibida “narkotik” moddasi bo‘lgan “Promedol” dori vositasini qo‘llashni buyurgan.

Shuningdek, shifokor Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekistondagi dori vositalarining qo‘llanmalari haqidagi “Spravochnik vidal” nomli kitobda “Natriy gidrokarbonat” dori vositasi tutqanoq xurujini keltirib chiqarishga moyilligi qayd etib o‘tilgan bo‘lsa-da, to‘g‘ridan to‘g‘ri anafilaktik shok holatida qo‘llanmaydigan 400 ml dozada “Natriy gidrokarbonat” dori vositasini qo‘llagan.

Sud hujjatiga ko‘ra, shifokor o‘z kasbiga beparvo munosabatda bo‘lgan va bemor 12 soat vaqt mobaynida qarovsiz qolib ketgan.

Ikkinchi shifokor esa Yagafarovani umumiy og‘ir ahvolda qabul qilib olgan hamda bosh shifokor bilan birgalikdagi ko‘rikda unga “anafilaktik shok” hamda “qarindoshlari so‘zidan tutqanoq sindromi” tashxisini qo‘ygan. U Yagafarovaning ahvoli og‘ir bo‘lsa ham uni anafilaktik shok holati bo‘yicha davo muolajalarini olib borishga ixtisoslashtirilgan muassasaga ko‘chirish choralarini ko‘rmagan. Bemorning tibbiy kartasiga “bemor va uning qarindoshlariga ixtisoslashtirilgan davolash muassasasiga ko‘chirish taklif qilingani, biroq bemor va uning qarindoshlari bunga rozilik bermagani” haqidagi yozuvlarni kiritish bilan cheklangan.

U ham Yagafarovaga mazkur kasallikni bartaraf etishga moslashmagan hamda qarshi ko‘rsatmalarga ega bo‘lgan turli dori vositalari, ya’ni arterial qon bosimining yanada pasayishiga olib keluvchi qarshi ko‘rsatmalari mavjud bo‘lgan “Natriy tiosulfat” hamda “Kalsiy glyukonat” dori vositalarini qo‘llashni buyurgan.

Ushbu ikki shifokor bemor Ramina Yagafarovaga tibbiy yordam ko‘rsatish davomida “Anafilaktik shok bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha milliy klinik protokol” talablariga zid ravishda tibbiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan. Buning oqibatida bemorning umumiy ahvoli og‘irlashgan va “tutqanoq xuruji” yuz bergan. So‘ng u yuqori nafas yo‘llari ovqat massalari bilan berkilishi oqibatida mexanik asfiksiya-aspiratsion sindromidan vafot etgan.

Joriy yilning 7 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida bo‘lib o‘tgan sudda har ikkala shifokor ham aybini tan olmagan. Sud hukmi bilan ular Jinoyat kodeksining 116-moddasi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Ularning har biriga 1 yil 6 oy muddatga sog‘liqni saqlash tizimida reanimatolog vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Shu bilan birga, ulardan solidar tartibda jabrlanuvchining qonuniy vakili foydasiga 334 million 150 ming so‘m, taqriban 26 ming AQSH dollari miqdorida moddiy zarar undirish belgilangan. Odam hayoti bor-yo‘g‘i shuncha turadi.

Erkinjon Turdimov viloyatdagi katta-kichik rahbarlardan diktant oldi

Mening buvim Vasila Xo‘jayeva 23 yoshlarida maktab direktorligiga tayinlanganlar va to nafaqagacha shu lavozimda xizmat qilganlar. Buvimni eslaganlarning aytishicha, maktabga o‘qituvchilarni ishga qabul qilishdan avval ularga eng kamida ariza yoki diktant yozdirib ko‘rar ekanlarki, millatning bolasiga ilm beradigan odamning o‘zi eng avvalo ilmli, savodli bo‘lishi kerak, degan talab bo‘larkan buning ortida. Tugayotgan haftada Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov odamlarimiz savodsiz bo‘lib borayotgan bu davrda viloyatdagi katta-kichik rahbarlardan diktant olgani haqidagi xabarni eshitib, bolaligimda eshitganlarim yodimga tushdi.

Sirdaryolik rasmiylarning bildirishicha, diktant yozish amaliyoti rahbar xodimlarning savodxonlik darajasini baholash maqsadida o‘tkazilgan.

Ma’lumki, O‘zbekiston ikki alifbo orasida arosatda. Mamlakat aholisining juda ko‘p qismi, ayniqsa, o‘rta yoshdagilar hamon kirill alifbosidan faol foydalanadi. Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda hujjatlar va rasmiy axborotlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida rasmiylashtirish to‘liq joriy etilishi kerak. Ammo qaror ijrosi paysalga solib kelinmoqda.

Xullas, ushbu qarorning Sirdaryo viloyatidagi ijrosi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilingan va rahbar xodimlarning savodxonlik darajasini baholash maqsadida diktant olingan. Natijalar esa maqtagulik emas.

Sog‘liqni saqlash boshqarmasining 9 nafar rahbar xodimidan 6 nafari, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 5 nafar rahbar xodimidan 4 nafari, “O‘ztelekom” AJ Sirdaryo filialining 10 nafar rahbar xodimidan 7 nafari, “O‘zbekiston pochtasi” AJ viloyat filialining 8 nafar rahbar xodimidan 4 nafari qoniqarsiz baho olgan.

Endi men sizga aytsam, savodsizlikning katta-kichigi bo‘lmaydi. U chuqur ildiz otsa, farosatsizlikka, ilmsizlikka, jaholatga yo‘lboshchi bo‘ladi. Buning zarari faqat o‘zingizga tegsa mayli, butun jamiyatni zaharlaydi. Bundan oldingi xabarlarda aytilganidek, odamlarning o‘limigacha sabab bo‘ladi.

Biroq savod masalasida davlatning o‘zi bosh islohotchi. Odamlarga nima singdirilsa, yanada aniq aytsam, yerga qaysi daraxt ekilsa, o‘shandek meva beradi. Bugun qator qarorlarga qaramay, til va alifbo masalasi jiddiy nazoratsiz qolmoqda va bu jamoatchilik faollarining ba’zan keskin tortishuvlariga sabab bo‘ladi. Oqibatda esa masala ijobiy tomonga hal bo‘lish o‘rniga taraflar bir-birini millatchilikda ayblashga o‘tadi.

Ayni vaqtda O‘zbekistonda ko‘plab idoralarda, ayniqsa, xususiy shirkatlarda rus tilidan faol foydalaniladi, bu hujjatlarda ham o‘z ifodasini topgan. Aholiga taqdim etiladigan materiallarning aksari esa kirill alifbosida.

“O‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi esa loyihaligicha qolib ketdi. Unda 28 harf va 1 ta harflar birikmasidan iborat o‘zbek alifbosi joriy etilishi belgilangandi. 2023 yilning dekabr oyida Toshkentda o‘tgan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyada nutq qilgan O‘zbekiston Prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham mamlakatda amalda bo‘lgan lotin alifbosi bilan bog‘liq muammolar haqida gapirgandi, biroq u bu mavzuga qaytib to‘xtalmagan.

AQSH import bojlari O‘zbekistonga ham ta’sirini o‘tkazmoqda

AQSH import bojlari O‘zbekistonga ham ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti va bu xalqaro savdoda ba’zi davlatlarning O‘zbekiston bilan agressiv raqobat qilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tugayotgan haftada o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida gapirdi.

Mirziyoyevga ko‘ra, ayni vaziyatda davlatlar o‘rtasida shakllangan ishonchga putur yetmoqda.

Prezidentning aytishicha, ko‘plab rahbarlar vaziyatning qanchalik jiddiyligini payqamay, mudrab o‘tiribdi. Davlat rahbari bunday loqaydlikni xalqqa xiyonat deb baholadi.

Davlat rahbariga ko‘ra, o‘ziga nisbatan eng katta import bojlari qo‘yilgan davlatlar endilikda O‘zbekiston eksport qilayotgan yo‘nalishlarga o‘zining mahsuloti bilan kirish uchun agressiv savdo siyosatini yuritishi mumkin. Gap O‘zbekiston kirib borgan ip-kalava, mato, gazlama, tayyor tekstil va maishiy texnika bozorlarida ham ayovsiz raqobat bo‘lishi haqida ketmoqda.

Yig‘ilishda ayrim rahbarlar tendensiyalarni o‘rganib, xatarlarni to‘g‘ri baholab, tadbirkorlarga yo‘l ochish o‘rniga o‘zi to‘siq bo‘layotgani tanqid qilindi. Masalan, standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimidagi eskirgan talablar va byurokratiya tadbirkorlarning “qo‘lini bog‘layotgani”, sohada korrupsiyani keltirib chiqarayotgani aytildi.

Shuningdek, Prezident tadbirkorlarni anchadan beri qiynayotgan masalaga to‘xtaldi. Aytaylik, siz ishlab chiqaruvchisiz. Qiynalib, biror mahsulot ishlab chiqarishga harakat qilyapsiz. Lekin boshqasi xorijdan tovar olib kelib, uning tannarxini o‘ta past ko‘rsatib, juda kam miqdorda boj to‘layapti va bu xorij mahsuloti bozorga arzon narxda kirib kelishi, o‘zimizda ishlab chiqarilganidan arzon sotilishiga sabab bo‘lyapti. O‘zbekistondagi ishlab chiqaruvchining esa sho‘riga sho‘rva to‘kilyapti. Prezident bularni biladi va bunga yechim ham ko‘rsatdi.

Yig‘ilishda davlat rahbari 1 iyuldan boshlab birorta tovar eksportiga cheklov bo‘lmasligini e’lon qildi. Faqat 86 ta tovar guruhiga kirgan xomashyo va ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulotlarga nisbatan eksport bojlari joriy qilinadi.

Shuningdek, joylarda yer solig‘i va ijara to‘lovlariga oshiruvchi koeffitsiyent belgilayotganda uning biznesga ta’sirini o‘rganish, tadbirkorlarning imkoniyati va moliyaviy ahvolidan kelib chiqib, qaror qabul qilish muhimligi aytildi.

“Tushumni ko‘paytirish soliq stavkasini oshirish hisobidan bo‘lmasligi kerak. Aksincha, tadbirkorga yordam berib, soliq bazasini kengaytirsak, tushum ko‘payadi, tadbirkorlar ham rozi bo‘ladi”, deydi Prezident.

Endilikda tadbirkorlarga ushbu soliqlarni yilda ikkiga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Xorazmda 7-sinf o‘quvchisi tungi klubda raqqosalik qilayotgani aniqlandi

Savodsizlik haqida ko‘p gapirdik. Lekin bir narsani tan olish kerak, u faqat bir odamning xohish-irodasi bilan yuzaga kelmaydi. Davlat va jamiyat bunda asosiy ishtirokchi. Xorazm viloyatining Urganch shahrida 7-sinf o‘quvchisi tungi klubda raqqosalik qilayotgani buning yaqqol isboti.

Tugayotgan haftada Xorazmda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari tomonidan tungi paytda faoliyat olib boruvchi kafe, bar va restoranlarda nazorat-reyd tadbirlari amalga oshirilgan.

Tadbir davomida diskotekalardan birining rahbari voyaga yetmagan 7-sinf o‘quvchisi bo‘lgan 14 yoshli qizni tungi klubda raqqosalik bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yib kelgani aniqlangan.

Holat yuzasidan klub rahbariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188-moddasi (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) 2-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

14 yoshli qiz tungi klubda ijtimoiy xavfli ahvolda qarovsiz va nazoratsiz qolgani aniqlanib, Ichki ishlar boshqarmasiga qarashli bo‘lgan Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan.

Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining bildirishicha, qiz Urganch shahridagi 8-sonli maktabning 7-sinfi o‘quvchisi bo‘lgan, ammo 2024 yil 24 noyabrda Xorazm viloyati Bolalar masalalari bo‘yicha Urganch shahar komissiyasining 162-sonli qarori va ushbu qaror asosida 2024 yil 3 dekabrdagi maktab buyrug‘i bilan o‘quvchilar safidan chiqarilgan.

Qiz ota-onasi bilan uzoq muddatga 2024 yil dekabr oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga chiqib ketgan va joriy yil fevral oyida O‘zbekistonga qaytib kelgan. Lekin ota-onasi yoki tegishli tashkilotlar tomonidan bu bo‘yicha maktabga xabar berilmagan. Ushbu o‘quvchi bugungi kunda viloyatdagi hech bir maktab ro‘yxatida qayd etilmagan. Vajni qarang go‘zalligini. O‘zi bizda shunaqa. Qaysidir amaldor pora olib qo‘ysa, bir kun oldin qandaydir buyruq tayinlanib, lavozimidan ozod etilgan bo‘lib chiqadi yoki ish vaqtida sodir etmagan, degan bahona o‘ylab topiladi. Endi bu bolaning javobgarligini ham hech kim olmoqchi emas. Xo‘sh, mahalla, uchastka noziri qayerga qarayapti?

Rossiyaning Kaliningrad shahridagi ko‘p qavatli uyda 4 nafar o‘zbekistonlikning jasadi topildi

Rossiyada Markaziy Osiyodan borgan migrantlar bilan bog‘liq vaziyat borgan sari jiddiy tus olayotgan, qirg‘izistonlik migrantlar hammomda ham tinch qo‘yilmagan bir paytda tugayotgan haftada Rossiyaning Kaliningrad shahri Gagarin ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyda 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi o‘lik holda topildi. Ular Rossiyaga ishlash uchun borgan bo‘lgan.

Migrantlarning o‘limida tergovchilar tomonidan jinoyat alomatlari aniqlanmagan. Ma’lum qilinishicha, to‘rtovlon Gagarin ko‘chasida joylashgan 22-uydagi 5-xonadonga bir oy avval joylashgan.

Marhumlarning jasadi olib chiqilgach, uyning eshigi qulflangan. Tergovchilar qo‘shnilarni ham so‘roqqa tutgan. Ular esa vafot etgan o‘zbekistonliklarning uyga kam kelgani, ko‘p ishlagani haqida gapirgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning o‘limiga is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgan. Viloyat tergov qo‘mitasi bergan xabarga ko‘ra, ijaradagi xonadonda gaz jihozlariga noto‘g‘ri xizmat ko‘rsatilgan.

“Ish bo‘yicha tergov ishlarini viloyat prokuraturasi ham nazorat qilmoqda. Xonadon egasi ularning o‘limi uchun javobgar bo‘lishi mumkin. Ish ochilgan modda bo‘yicha eng ko‘p jazo bir necha yillik qamoq jazosiga to‘g‘ri keladi”, degan Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbarining Kaliningrad viloyati bo‘yicha katta yordamchisi Natalya Gatsko.

Xullas, xorijdagi o‘zbekistonliklar haqida gap kelganda aytib olay: tugayotgan haftada O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovga xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda qilayotgan ishlari bo‘yicha parlament so‘rovi yuborildi.

Shuni aytish o‘rinliki, ko‘p hollarda vazirlik xorijda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarning jinoyat qurboni bo‘lishi, o‘ldirib ketilishi yoki baxtsiz hodisa sabab vafot etishi bilan bog‘liq voqealarga munosabat bermaydi, ularning jasadi vatanga qanday olib kelinishiga ham to‘xtalmaydi. Odamlar yaqinlari vafot etsa, ularning murdasini O‘zbekistonga qanday qaytarish yo‘llarini hamon aniq bilmaydi.

Qolaversa, TIV xorijiy mamlakatlarda, ayniqsa, Rossiyada o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga nisbatan nomaqbul harakatlar, qo‘pol muomalalarga ham miq etmay keladi.

Shuningdek, o‘zbekistonliklarning xorijiy mamlakatlarda jinoyat sodir etishi va jazoga tortilishi bilan bog‘liq vaziyatlar ham TIV nazaridan chetda qoladi. Bunga yaqqol misol BAAda yahudiy ravvinning o‘ldirilishida 3 o‘zbekistonlikning ayblanishi va o‘lim jazosiga hukm qilinishidir. TIV vakillari rasmiy saytida va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bo‘lmasa-da, jurnalistlarning so‘rovlariga javoban og‘zaki ravishda ushbu jinoyatda o‘zbekistonliklar ayblanayotganini tasdiqlagan.

Odatda TIV voqea va hodisalarga aniqlik kiritib, batafsil ma’lumot beriladi, qabilidagi bayonotlar bilan cheklanadi. Biroq aniqlik kiritilmagan masalalar anchani tashkil qiladi.

Bunday ayblovlarga nisbatan TIV matbuot kotibi tugayotgan haftada ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali munosabat e’lon qilib, Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini, ular qayerda bo‘lishidan qat’i nazar doimo himoya qilib kelgani va bu faoliyati ustuvor bo‘lib qolishini aytdi.

Uning qayd etishicha, mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari xorijiy davlatlarning tegishli idoralari bilan bevosita aloqalar o‘rnatgan.

Istanbulda o‘zbekistonlik ayol erini pichoqlab o‘ldirishda ayblanmoqda

Mavzuni davom ettiramiz. Turk matbuoti Istanbul shahrida 28 yoshli o‘zbekistonlik ayol janjal chog‘ida erini pichoq bilan yaralab, o‘ldirganini iddao qilmoqda. Ammo O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulligiga ko‘ra, erkakning o‘limida ayol aybdor bo‘lmasligi mumkin.

Voqea joriy yilning 6 aprel kuni sodir bo‘lganiga qaramay, uning isi tugayotgan haftada chiqdi. Xabarlarda yozilishicha, O‘zbekiston fuqarosi va turmush qurganiga 4 yil bo‘lgan Emre Erim o‘rtasida moliyaviy sabablarga ko‘ra janjal kelib chiqqan va u mushtumzo‘rlikka aylanib ketgan. Agar matbuot berayotgan farazlarga ishonilsa, erining kaltaklashidan g‘azablangan ayol oshxonadagi pichoq bilan unga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda erkak vafot etgan.

Marhumning jasadi ekspertizaga yuborilgan. Ayol esa qochishga uringanda qo‘lga tushgan. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Istanbul bosh konsulligining bildirishicha, marhum ayolni bo‘g‘ayotgan paytda orqa tomondan pichoq bilan jarohatlangani va bu uni boshqa shaxs tomonidan pichoqlangan bo‘lishi ehtimolini istisno etmaydi.

Konsulxonaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida qotillikda gumonlanayotgan ayolning xolasi bilan intervyu e’lon qilindi.

Konsullik gumonlanuvchining xolasiga ishonib bayon qilishicha, vafot etgan Turkiya fuqarosi spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgan va o‘zbekistonlik turmush o‘rtog‘iga nisbatan muntazam ravishda jismoniy-ruhiy bosim o‘tkazib kelgan. Voqea sodir bo‘lgan vaqtda xonada boshqa shaxslar ham bo‘lgan. Dastlabki tergovga ko‘ra, marhum ayolni bo‘g‘ayotgan paytda orqa tomonidan pichoq bilan jarohatlangan.

Hozirda gumonlanuvchi ayolga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda va unga advokat biriktirilgan. Holat Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olingani aytilgan.

Rossiyada o‘zbekistonlik ayol o‘z o‘g‘lini o‘ldirganlikda aybdor deb topildi

Tugayotgan haftada Rossiyaning Qozon shahrida 40 yoshli o‘zbekistonlik ayol beparvolik tufayli 17 yoshli o‘g‘lini o‘ldirganlikda aybdor deb topildi.

Ayol qurol ishlatib, qasddan badanga yengil shikast yetkazish va buning ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga olib kelishi bo‘yicha aybdor deb topilgan. Sud uni 1 yil 4 oylik qamoq jazosiga hukm qilgan. Biroq uning 2024 yil 28 iyuldan beri tergov izolyatorida o‘tkazgan vaqti hisobga olingan holda, ayol qolgan muddatni o‘tashdan ozod qilingan. Ehtiyot chorasi bekor qilingan.

Mazkur voqea o‘tgan yilning iyul oyida sodir bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ona va o‘g‘il o‘rtasida mojaro kelib chiqqan, mojaro davomida ayol o‘g‘lini ikki marta pichoqlagan. Shifokorlar yigitning hayotini saqlab qololmagan. U O‘zbekistonda dafn qilingan.

Sudda marhumning otasi so‘z olgan, singlisi esa xat yozgan. Ikkalasi ham ayolni o‘z o‘g‘lini o‘ldira olmaydigan mehribon va hamdard ayol sifatida tasvirlagan. Marhumning otasi uning o‘g‘li bir necha bor o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lganini aytgan.

52 ta radar kamerasiga pnevmatik miltiqdan o‘q uzildi

Bu xabarni eshitib kulishni ham, afsus qilishni ham bilmay qoldim, ochig‘i. Balki siz ham men tushgan vaziyatni boshdan kechirgandirsiz. Andijonda bir hamyurtimiz 52 ta radar kamerasiga pnevmatik miltiqdan o‘q uzgani va kameralarni ishdan chiqargani aniqlandi.

Ma’lum qilinishicha, 1976 yilda tug‘ilgan erkak Andijon shahri hududidagi 29 ta chorrahaga o‘rnatilgan 51 dona Hikvision rusumli yo‘l harakati qoidalari buzilganini aniqlaydigan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari va 1 dona Hikvision rusumli radar kompleksiga pnevmatik miltig‘idan o‘q uzish orqali qasddan shikast yetkazgan. Bu qilmishi bilan u jami 1 milliard 147 million so‘m, taqriban 88 300 AQSH dollari moddiy zarar yetkazgani aytilmoqda. 

Holat bo‘yicha erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 173-moddasi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Teleboshlovchi Husnora Shodiyeva YPX xodimlarini onasidan haqorat qilganlikda ayblamoqda

Teleboshlovchi Husnora Shodiyeva Toshkent shahrida yo‘l-patrul inspektori tomonidan haqoratlanganini iddao qilib chiqdi. U bu haqda o‘zining Instagram sahifasida yig‘lab videomurojaat qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, holat poytaxtning Nukus ko‘chasida sodir bo‘lgan. Bu haqida gapirib berar ekan, Shodiyeva avtomobilida yo‘lning belgilangan qismida, to‘xtash belgisiga amal qilgan holda harakatlanish ishorasini kutib turgani, shu payt YPX xodimi unga “ahmoq”, “yebanashka” deya baqirgan va onasidan haqorat qilganini aytgan.

Shundan so‘ng, Shodiyeva inspektordan nimaga bunday gapirayotgani va nega so‘kkanini so‘rash uchun ortiga qaytgan. Biroq inspektor u kelgunicha ketib qolgan. Uning aytishicha, o‘sha atrofda xizmat olib borayotgan post-patrul xizmati xodimlari uni haqoratlagan xodimni yashirishga uringan.

Shodiyeva so‘zida davom etarkan, avtomobilida videokamera yo‘qligi, holatni yozib olish imkoni bo‘lmaganini bildirgan. Voqea bayon qilinganidan bir necha kun o‘tgan bo‘lsa ham Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati munosabat bildirgani yo‘q. Vazirlik va Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining munosabatsizligi tugayotgan hafta boshida kun tartibiga chiqqan Road24 ilovasi bilan bog‘liq holatda ham ko‘zga tashlandi.

Gap shundaki, Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimalar to‘g‘risida ma’lumot berib kelayotgan Road24 ilovasi va IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati o‘rtasida yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jarimalar to‘g‘risida ma’lumot almashinuvi batamom to‘xtatildi.

YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev 14 apreldan e’tiboran jarimalar va boshqa xizmatlar haqidagi ma’lumotlarni Safe Road ilovasi orqali bilish mumkinligini bildirdi.

Road24 ilovasi ma’muriyati esa o‘z Telegram kanalida holatni shunday izohladi:

“Ha. YHX va IIVga kelsak, davlat tashkiloti bo‘lib hammaga teng imkon berish o‘rniga dadasi kuchli, shunga yo‘l berdi. Eski zamonlar qaytdi”.

Keyinroq ilova ma’muriyati postining aynan shu qismini o‘chirib yubordi.

Road24 ilovasi va YHXX tomonidan taqdim etilayotgan ilovaga taalluqli jarayon ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga, e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Jamoatchilik vakillari, ijtimoiy tarmoq faollari, jurnalistlar, iqtisodchilar YHXXning tayyor ilova bilan hamkorlikni butkul to‘xtatib, tendersiz, raqobatni qo‘llab-quvvatlamay boshqa ilova bilan ish boshlaganini tanqid qilmoqda. Biroq bu tanqidlarning hech biriga munosabat bildirilgani yo‘q.

Shveysariya bankida Lola Tillyayevaga aloqador shubhali pullar aniqlandi

“Yosh avlodimizni turli ma’naviy tajovuzlardan himoya qilish haqida gapirganda, nafaqat xalqimizni ulug‘laydigan buyuk xususiyatlar, ayni paytda uning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, eski zamonlardan qolib kelayotgan noma’qul odatlar haqida ham ochiq so‘z yuritishimiz zarur. Birinchi navbatda xudbinlik va loqaydlik, qarindosh-urug‘chilik va mahalliychilik, korrupsiya va manfaatparastlik, boshqalarni mensimaslik kabi illatlardan jamiyatimizni butunlay xalos etish to‘g‘risida o‘ylashimiz lozim”.

Bu O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2008 yil nashrdan chiqqan “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asaridan iqtibos.

Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida xabar berish loyihasi va “Le Monde” gazetasi Shveysariyaning Reyl Intesa Sanpaolo banki hamda Shveysariya Moliyaviy bozorlarni nazorat qilish organi o‘rtasidagi maxfiy yozishmalarni qo‘lga kiritdi. Ularda regulyator bankda “pul yuvish sohasidagi zaifliklar” mavjudligini va yuqori xavfli hisoblarni yuritishda kamchiliklar bo‘lganini tergov qilgani ko‘rsatiladi. Mazkur yozishmalarning O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva va uning turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayevga ham aloqador ekani aniqlangan.

Maqolada yozilishicha, Moliyaviy bozorlarni nazorat qilish organi tomonidan yuborilgan bir nechta batafsil maktublar va ularga Reyl bankining javoblari 2023 yil yozida o‘tkazilgan tekshiruv davomida “pul yuvish xavfiga juda yuqori darajadagi tayyorlik” va “zarur ehtiyot choralariga loqaydlik” aniqlanganini fosh qiladi.

2012 yilda Moliyaviy bozorlarni nazorat qilish organi Lola Karimova-Tillyayeva va uning turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev mijoz bo‘lgan “Fidurhô” nomli boyliklarni boshqarish firmasi bilan munosabatlar “alohida darajada yuqori” xavf tug‘dirishidan ogohlantirgan. Oradan ikki yil o‘tib ularning kompaniya hisoblari 190 million Shveysariya frankigacha oshgani aniqlangach, Moliyaviy bozorlarni nazorat qilish organi “Fidurhô”dan ular bilan aloqani uzishni talab qilgan. Bu haqda keyinchalik Shveysariya Moliya departamenti e’lon qilgan qarorda bayon etilgan.   

Firmadan aloqani uzish so‘ralganda, “Fidurhô” rad javobi bergan. Shundan so‘ng Moliyaviy bozorlarni nazorat qilish organi kompaniya litsenziyasini tortib olish bilan tahdid qilgan. Keyinchalik, “Fidurhô” asoschilaridan biri Tillyaayev bilan bog‘liq shubhali hisob harakatlarini bildirmagani uchun jarimaga tortilgan.

Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiya haqida xabar berish loyihasini qo‘lga kiritgan yozishmalarga ko‘ra, 2020 yilda Tillyaayevning Liobel Limited Inc. kompaniyasi Reyl bankida hisob ochgan. Uch yil o‘tib esa Tillyaayevning o‘zi ham bankda shaxsiy hisobini ochgan. 2023 yil dekabr holatiga ko‘ra, hisoblardan birida 83 million frank (97 million AQSH dollari) saqlangan.   

2024 yil yanvar oyida regulyatorlar Reyl’dan Tillyaayevga tegishli hisoblar bo‘yicha hujjatlarni, shuningdek, O‘zbekiston bilan bog‘liq bo‘lgan barcha mijozlar haqida ma’lumotlarni taqdim etishni buyurgan. Bank esa Moliyaviy bozorlarni nazorat qilish organiga Tillyaayev hisoblarini qayta ko‘rib chiqayotganini bildirgan, bunga sabab sifatida Lola Karimova-Tillyayevaning opasi Gulnora Karimova haqida chiqqan salbiy xabarlar fonidagi “potensial yuqori obro‘” keltirilgan.

Ma’lumot uchun, Lola Karimova-Tillyayeva otasining vafotidan so‘ng, turmush o‘rtog‘i Timur Tillyayev va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. U masofadan turib, “Sen yolg‘iz emassan” fondi hamda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondini boshqarib keladi. U AQSHda “The Harmonist” attorlik buyumlari brendiga asos solgan. Uning qizi Maryam Tillyayeva esa ayni vaqtda Toshkentda buvi Tatyana Karimova bilan istiqomat qiladi va blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing