AQSHdan haydalayotgan, Rossiyada do‘pposlanayotgan, Ukrainada qamalayotgan o‘zbeklar, suvsiz qolayotgan O‘zbekiston – Hafta tahlili

Tahlil

O‘zbekiston yana bir bor to‘ylarni jilovlashga bel bog‘layotgan bir paytda mamlakatda shu yilning o‘tgan uch oyida 9 ming 63 ta oila ajrashgan. Ajrimlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 824 taga ko‘p. Ajrim bo‘yicha murojaat qilgan 6 ming 10 ta oilaning talabi qanoatlantirilmagan. 1481 bitta ish esa ko‘rib chiqilmagan. Umuman olganda, O‘zbekistonda ajrimlar soni yil sayin ortib bormoqda. O‘tgan yilning o‘zida 32 217 ta oilaning qonuniy nikohi bekor qilingan. Xo‘sh, ajrimlarning asosiy sababi nima? Doimiy vaj qilinadigan to‘qlikka sho‘xlik, toqatsizlikmi yo bular orasida ijtimoiy muammolar ham bormi? Fikrlaringizni albatta izohlarda yozib qoldiring. Biz esa Hafta voqealari tahlilining navbatdagi sonini boshladik. 

AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar Toshkentga qaytarildi

AQSH endi orzular mamlakati emas. U sarobga aylanayotgan orzular mamlakatining nomini olmoqda ko‘pchilik uchun. Aynan kimlar uchun deysizmi? AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar uchun. 30 aprel kuni AQSH hududida qonuniy asoslarsiz yashab, ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari charter reys orqali Toshkentga qaytarildi.

Rasmiy Toshkentning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi migratsiya siyosati va fuqarolarni repatriatsiya qilish sohasida Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlikni faol ravishda kuchaytirmoqda. Erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar doirasida deport qilingan o‘zbekistonliklar uchun Nyu-York–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha maxsus charter reys amalga oshirildi.

Harakatlar ikki davlatning konsullik va migratsiya xizmatlari bilan yaqin hamkorlikda olib borilmoqda. Barcha choralar repatriatsiya qilinayotgan fuqarolarning huquqlarini maksimal darajada hurmat qilib, O‘zbekiston va AQSHning amaldagi qonunchiligiga qat’iy rioya etgan holda ko‘rilmoqda.

“Mazkur qadam O‘zbekistonning migratsiya oqimlarini tartibga solish, xorijdagi fuqarolarining huquqiy himoyasini, ijtimoiy va huquqiy moslashuvini ta’minlash hamda ularning xavfsiz va insoniy sharoitlarda vataniga qaytishini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan keng qamrovli siyosatining bir qismidir. O‘zbekiston o‘z migratsiya siyosatini rivojlantirishda davom etadi va fuqarolarini har qanday vaziyatda qo‘llab-quvvatlash va himoya qilishga intiladi”, deydi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov.

AQSH Ichki xavfsizlik departamenti mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarning ortga qaytarilishini tarixiy deb atab, Toshkentga minnatdorlik bildirdi. Qayd etilishicha, ushbu amaliyotda nafaqat o‘zbekistonliklar, balki Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari ham Toshkentga olib kelingan. O‘zbekiston fuqarolarining qaytarilishi bo‘yicha xarajatlar esa to‘liq Toshkent tomonidan qoplangan. Bu AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyga kelganidan beri xorijiy davlat tomonidan moliyalashtirilgan ilk deportatsiya reysi bo‘lgan.

“Biz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni o‘z fuqarolarini ortga qaytarish uchun samolyot yuborganiga yuqori baho beramiz. Kelgusida ham xavfsizlikni mustahkamlash va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida hamkorligimizni davom ettirishga tayyormiz”, deydi AQSH Ichki xavfsizlik departamenti rahbari Kristi Noem.

Qayd etilishicha, bu choralar Donald Tramp ma’muriyatining kuchli diplomatik siyosati va immigratsiya tizimini tiklash yo‘lidagi strategiyasini namoyon etadi. Noqonuniy muhojirlar o‘z vatanlariga qaytarilishi kerak.

Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekistonga yetib kelgach, darhol o‘z mamlakatlariga jo‘nab ketgan.  

O‘zbekistonliklar Green card lotoreyasi yutish orqali AQSHda yashash huquqini qo‘lga kiritish bo‘yicha dunyoda yetakchi uchlikka kiradi. Har yili 5000 dan ziyod o‘zbekistonlik ushbu huquqni qo‘lga kiritadi. Boshqa tomondan O‘zbekiston AQSHga noqonuniy kirib boruvchilar, ayniqsa, Meksika orqali yashirin va xavfli yo‘llar bilan migratsiyani amalga oshiruvchilar borasida ham peshqadam.

Tramp ma’muriyati esa saylovoldi rejalarda va’da qilinganidek, joriy yilning birinchi yarmida 1 milliongacha muhojirni deportatsiya qilmoqchi. Joriy yilning mart oyi oxirigacha 100 mingdan ortiq muhojir chiqarib yuborilgan. Bir yil ichida 400 mingdan ortiq deportatsiya bo‘yicha avvalgi rekord 2009 yilning yanvaridan 2017 yilning yanvarigacha – 44-prezident Barak Obama davrida o‘rnatilgan edi.

Deportatsiya masalasida AQSH allaqachon o‘zbekistonliklarni ham ogohlantirishga ulgurgan. Aprel oyida boshida AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik murojaat bilan chiqib, AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan minglab o‘zbekistonliklarni o‘z ixtiyori bilan O‘zbekistonga qaytishga chaqirgan edi, aks holda ular AQSHda qamoqqa olinishi yoki deportatsiya qilinishi mumkin.

Xenikning bot-bot OAVga bayon qilishicha, ayni vaqtda AQSH va O‘zbekiston munosabatlari misli ko‘rinmagan tarixiy darajaga yetgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev Trampga yo‘llagan maktublarida uni O‘zbekistonga taklif qildi.

Aprel oyining birinchi dekadasida O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHga borib, Tramp ma’muriyati a’zolari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi, xususan, Komilov Vashingtonda AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau bilan uchrashdi.

Davlat kotibi o‘rinbosari O‘zbekistonning fuqarolik atom energetikasi, muhim foydali qazilmalar va iqtisodiyotning boshqa biznes sohalariga investitsiyalar kiritish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholagan hamda noqonuniy immigratsiya va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha doimiy hamkorlik uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirgan.

Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov esa Vashingtonda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio hamda AQSH Prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts bilan ko‘rishdi.

Delegatsiya tarkibida AQSHga borgan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov esa yirik kompaniyalar, korporatsiyalar va sanoat birlashmalari rahbarlari bilan uchrashib, foydali qazilmalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolagan.

Tugayotgan haftada esa O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva birinchi marta AQSH mustaqilligi kuni munosabati bilan AQSHning Toshkentdagi elchixonasida o‘tkazilgan qabul marosimida ishtirok etdi.

Tugayotgan haftada esa Oq uydagi hukumat yig‘ilishida AQSH Mehnat vaziri Lori Chaves-DeRemer Qo‘shma Shtatlar tashqi yordam dasturlarini bekor qilish orqali 250 mln dollar tejalganini aytdi. Ular orasida O‘zbekiston paxta sanoatini shaffoflashtirish uchun ajratilgan pullar ham bor. AQSH Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask esa buni eshitib, kulib yubordi. Ushbu jarayonni Oq uy jonli efirga uzatdi.

Vazirga ko‘ra, O‘zbekistonning paxta sanoatidagi shaffoflik va hisobdorlikni moliyalashtirish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Bayonotni eshitgan Mask esa kulib yubordi va AQSH mablag‘laridan O‘zbekiston paxtachilariga pul ajratilishini hajviy ko‘rsatuvga qiyosladi.

AQSH bojlari O‘zbekistonga ham tegishli bo‘lib chiqdi

AQSHdan uzoqlashmaymiz. Mamlakat Senati tugayotgan haftada Rossiyadan neft, gaz, uran va boshqa tabiiy resurslarni sotib olayotgan davlatlar uchun 500 foizlik import bojlari joriy etilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi. Rossiya bilan munosabatlarga ko‘ra, ushbu bojlar O‘zbekistonga ham tegishli bo‘ladi.

Qayd etilishicha, qonun loyihasi Senat tomonidan qabul qilingan, endi u Vakillar palatasi tomonidan tasdiqlanishi va Prezident tomonidan imzolanishi kerak.

Senator Lindsi Gremning aytishicha, 72 senator Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni o‘z ichiga olgan ushbu loyihani qo‘llab-quvvatlagan. Agar Rossiya Ukraina bilan tinchlik muzokaralarini boshlashga rozi bo‘lmasa, bojlar kuchga kiradi.

Joriy yilning 2 aprel kuni Tramp 185 davlatga nisbatan bojlar joriy etilishini ma’lum qilgandi. Tariflar 10 foizdan 50 foizgacha bo‘lgan. AQSH boj joriy qilgan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekiston ham kiritilgan. Biroq Xitoyning qarshi choralari natijasida AQSH Xitoy uchun bojlarni 145 foizga ko‘tardi. Xitoyda esa AQSH mollariga boj 125 foiz bo‘lishi aytildi. Tugayotgan haftada esa Tramp Xitoy mollariga belgilangan 145 foiz boj kamaytirilishini aytdi.

Keyinchalik AQSH ommaviy axborot vositalari Tramp 70 ta davlat bilan AQSH hamkorlarini Xitoyga bosim o‘tkazishga va u bilan savdo aloqalarini uzishga majbur qilish uchun tariflar bo‘yicha muzokaralar olib borishni rejalashtirayotgani haqida yozdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Rossiyadan Qozog‘istondagi  quvur orqali gaz sotib oladi va aprel oyida O‘zbekistonga kelgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ko‘ra, Rossiyadan gaz yetkazib berish yana ikki baravarga ko‘paytirilishi kutilmoqda.

Qozog‘iston Energetika vaziri Yerlan Akkenjenovga ko‘ra, 2024 yilda Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini 3 barobarga oshirgan, 2025 yilda esa 30 foizga oshishi kutilmoqda.

Rossiya gazining iste’molchisi faqat O‘zbekiston emas. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston, hatto, Xitoy ham ro‘yxat avvalida keladi. Moskvaga qarshi 17-sanksiyalar paketini tayyorlayotgan Yevropa ham Rossiyadan gaz oladi.

2025 yil 1 yanvarda Rossiya gazining Ukraina orqali tranziti to‘xtatilganidan so‘ng, “Turk oqimi” “Gazprom”ning Yevropaga gaz yetkazib berishdagi yagona yo‘nalishiga aylandi. “Turk oqimi” Rossiyadan Turkiyaga Qora dengiz orqali gaz eksport qilinadigan quvur bo‘lib, uning liniyasining birinchisi Turkiya iste’molchilarini gaz bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, ikkinchisi Janubiy va Janubi-Sharqiy Yevropa mamlakatlariga gaz yetkazib beradi. Gap Serbiya, Ruminiya, Gretsiya, Shimoliy Makedoniya, Bosniya va Gersegovina, Vengriya haqida bormoqda.

“Turk oqimi” orqali gaz yetkazib berish o‘tgan yili 22,3 foizga oshib, 16,7 milliard kub metrga, Ukraina orqali esa 5,1 foizga oshib, 16,1 milliard kubometrga yetgan.

Rossiya 2024 yilda rekord darajadagi 33,6 million tonna suyultirilgan gaz eksport qilgan va bu eksportni 2023 yilga nisbatan 4 foizga oshirgan.

O‘zbekiston “Tolibon” bilan Amudaryo suv havzasi bo‘yicha bitim tuzdi

O‘zbekiston “Tolibon” muvaqqat hukumati boshqaruvidagi Afg‘oniston bilan Amudaryo suv havzasini birgalikda boshqarish hamda suvdan adolatli va oqilona foydalanish bo‘yicha muhim bitim imzoladi. Bitim 30 aprel kuni O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuxurovning Afg‘onistonga amalga oshirgan safari davomida “Tolibon” muvaqqat hukumatining qishloq xo‘jaligi hamda suv va energetika vazirligi bilan imzolangan.

Balx viloyati hokimi Hoji Muhammad Yusuf Vafo bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama savdo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport-import tartiblarini soddalashtirish, o‘simliklar karantini, suv resurslaridan barqaror foydalanish va ularni birgalikda boshqarish masalalari muhokama qilingan.

Ma’lum qilinishicha, Amudaryo suv havzasini birgalikda boshqarish hamda suvdan adolatli va oqilona foydalanish bo‘yicha qabul qilingan hujjat nafaqat ikki tomonlama hamkorlikni, balki Markaziy Osiyodagi ekologik barqarorlik va transchegaraviy suv resurslari bo‘yicha kelajakdagi o‘zaro mas’uliyatli yondashuvlarni belgilab beradi.

“Mazkur tashrif Afg‘oniston bilan yaxshi qo‘shnichilik, iqtisodiy integratsiya va suv diplomatiyasi yo‘nalishidagi yangi davrni boshlab berdi. Ayni vaqtda, bu O‘zbekistonning mintaqaviy tinchlik, barqaror taraqqiyot va ekologik xavfsizlik yo‘lidagi qat’iy siyosatini amalda namoyon etuvchi navbatdagi muhim qadamidir”, deyiladi O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bayonotida. 

Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Turkmaniston bilan ham Amudaryo oqimi yo‘qotishlarining oldini olish va undan oqilona foydalanishga qaratilgan zarur gidrotexnik tadbirlarni amalga oshirishda yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olgandi.

Ayni vaqtda “Tolibon”ning Qo‘shtepa kanalini qurishi jadal davom etmoqda. Afg‘onistonda Qo‘shtepa kanalining ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suv rejimi va muvozanatini tubdan o‘zgartirishi mumkin.

Kanalning uzunligi 280 kilometr, eni 100 metr bo‘lib, u Balx viloyatining Qaldar tumanidan boshlanib, Jauzjon viloyatidan o‘tib, Andxoy Faryob tumaniga yetib boradi.

Amudaryo mintaqadagi barcha mavjud suv resurslarining 80 foizini tashkil qiladi. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, besh-olti yil ichida kanal qurib bitkazilganidan so‘ng, daryo bo‘ylab Turkmaniston va O‘zbekistonga oqib tushadigan suvning o‘rtacha hajmi uning umumiy quvvatining 50 foizigacha qisqaradi. Bu O‘zbekistonda asosiy ekin bo‘lgan paxta maydonlarini sug‘orish uchun muhim suv resurslari yetishmasligini anglatadi.

Ekspertlar tomonidan olib borilgan o‘rganishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2030 yilga borib 7 mlrd kub metr suv tanqisligi yuzaga keladi. Bu esa mamlakatning 33 ta suv tanqis hududlar qatoriga tushib qolishiga sabab bo‘ladi.

Afg‘oniston Milliy taraqqiyot korporatsiyasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat shimolidagi Qo‘shtepa suv kanali qurilishining ikkinchi bosqichi allaqachon 81 foizga, to‘g‘on qurilishi esa 67 foizga bajarilgan. Ishlarning ikkinchi bosqichi 2024 yilda boshlangan va 2025 yilning martida yakunlanishi rejalashtirilgan edi. Qizig‘i shundaki, kanalni qurish uchun 700 million dollarlik mablag‘ Tramp ma’muriyati tomonidan muzlatib qo‘yilgan AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligidan (USAID) kelgan. Hozir esa moliyalashtirishning to‘xtatilishi loyihaning keyingi amalga oshirilishiga ta’sir qilishi mumkin.

Qolaversa, Tojikistonda qurilayotgan Rog‘un GESi ham Amudaryoga soya solmoqda. Vaxsh daryosi suvining qurilish, suv omborini to‘ldirish (bu jarayon kamida 15 yil davom etadi) va GESni ekspluatatsiya qilish davrida kamayishi hamda mavsumiy qayta taqsimlanishi, daryoning quyi oqimlarida – xususan Vaxsh va Amudaryoning quyi hududlarida suv tanqisligini keltirib chiqaradi.

Jahon bankining dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, faqat Rog‘un suv omborini to‘ldirish bosqichida Amudaryoning Orol dengiziga oqimi yiliga 0,8-1,2 kub kilometrga kamayadi, bu esa hozirgi oqimning kamida 25 foizini tashkil etadi. Bunday ulkan hajmdagi suvning yo‘qotilishi tabiiy va antropogen ekotizimlarning shundoq ham zaif holatini yanada og‘irlashtiradi, yerlarning yanada tanazzulga uchrashiga, tuproqning sho‘rlanishiga va cho‘llanishga olib keladi.

Loyihada Rog‘un GESning Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali kabi boshqa yirik suv xo‘jaligi loyihalari bilan birgalikda sinergetik ta’siri deyarli hisobga olinmagan. Mutaxassislarning hech biri bu ikki gigant loyiha ishga tushgach, Amudaryo va unga bog‘liq ekotizimlar hamda aholi qancha zarar ko‘rishi haqida asosli prognoz bergani yo‘q. Amudaryoga bunday ikki tomonlama zarba, ayniqsa, prognoz qilinayotgan iqlim o‘zgarishi va mintaqada suv resurslarining kamayishi sharoitida butun havza uchun ulkan noaniqlik va xavf tug‘diradi. Jahon bankining O‘zbekiston uchun prognozlariga ko‘ra, 2050 yilga borib Amudaryo havzasida suv ta’minoti 15-30 foizga kamayishi kutilmoqda, bu esa faqat dehqonchilikda 250 minggacha ish o‘rinlarini yo‘qotishga olib keladi va iqlimga moslashish uchun milliardlab sarmoyalarni talab qiladi.

Buxoroda ikki talaba o‘z joniga qasd qildi

Buxoro davlat texnika universitetida bir haftada ikki talaba o‘z joniga qasd qildi. Birinchi holat 27 aprel kuni sodir bo‘lgan. Universitetning yangi qurilgan yotoqxonasi 1-qavatida yashab turgan 1-kurs talabasi o‘zini osib, joniga qasd qilgan.

Marhum 2005 yilda tug‘ilgan va Navoiy viloyatdan bo‘lgan. Holat tonggi soat 07:23 da sodir bo‘lgan. O‘limidan oldin talaba xat qoldirgan. Xatda marhum o‘limi uchun hech kimni ayblamasligini yozgan va o‘z ota-onasidan kechirim so‘ragan.

Ayni vaqtda prokuratura tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.

Oradan bir kun o‘tib, 28 aprel kuni xuddi shu universitetning 2-bosqichida tahsil oluvchi 2005 yilda tug‘ilgan yana bir talabasi o‘z joniga qasd qildi. U Buxoro davlat texnika universiteti qoshidagi akademik litseyida joylashgan sport zalining tom qismiga chiqib, bo‘yin sohasidan o‘zini osib, vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Marhumning Instagram’dagi sahifasiga 27-28 aprel kunlari 3 marotaba o‘z joniga qasd qilish mazmunidagi lavhalarni joylagani aniqlangan.

Shuningdek, tugayotgan haftada ma’lum qilinishicha, Toshkentda talaba-yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik ortgan. 2025 yilning birinchi choragida poytaxtdagi talabalar tomonidan 460 ta jinoyat sodir etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 40 foizga (39,8) yuqori.

Talabalari eng ko‘p jinoyat sodir etishi bo‘yicha ro‘yxatdan esa Toshkent davlat transport universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, xususiy oliy ta’lim muassasalaridan esa Zamonaviy moliyaviy texnologiyalar instituti, Alfraganus universiteti va Kimyo xalqaro universiteti o‘rin olgan.

Toshkent shahar prokuraturasiga ko‘ra, o‘tgan davr ichida talabalar tomonidan yo‘l transport hodisasi, o‘g‘irlik, giyohvandlik, tan jarohati yetkazish, bezorilik, bosqinchilik, qotillik, talonchilik va hatto nomusga tegish kabi jinoyatlar sodir etilgan. Masalan, uch oy ichida 5 ta holatda talabalar qotillik sodir etgan, 2 ta holatda nomusga tegish jinoyati aniqlangan.

O‘zbekistonda elektron sigaretalar butunlay taqiqlanadi

Oliy Majlisi Senatida tugayotgan haftada o‘tgan oltinchi yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi va senatorlar mamlakatda elektron sigaretalar butunlay taqiqlanishini ma’qulladi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, shuningdek, olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qonun sodir etgan noqonuniy harakatlari to‘g‘risida o‘z ixtiyori bilan hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutadi.

Senat axborotnomasida tushuntirilishicha, qonun aholining hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilishga, millat genofondini saqlashga hamda atrof muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qiladi. Biroq axborotda O‘zbekistonda elektron sigaretlarning savdosi va uning boshqa zararlari haqida aniq statistik ma’lumotlar taqdim etilmagan.

Aytish o‘rinliki, xuddi shunga o‘xshash qonun o‘tgan yilning aprel va noyabr oylarida Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham qabul qilingan edi.

1110 nafar O‘zbekiston fuqarosi Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan bo‘lishi mumkin

Tugayotgan haftada Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 1110 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qildi.

Ma’lum qilinishicha, ro‘yxat to‘liq emas, etnik o‘zbeklar hisobga olinsa, Rossiya tomonidan urushga jalb qilingan O‘zbekiston fuqarolarining umumiy soni bir necha mingni tashkil qilishi mumkin.

Ro‘yxatda kamida 109 kishining o‘lgani aytilgan. Ularning eng kichigi 21 yoshga to‘lmagan, eng yoshi kattasi 62 yoshda bo‘lgan. Yollanma askarlardan biri shartnoma imzolangandan keyin 8-kuni vafot etgan.

Shuningdek, “Xochu jit” loyihasi Rossiya Qurolli Kuchlari safiga o‘zbekistonliklarni yollash tarixi Tojikistonnikiga juda o‘xshash ekanini qo‘shimcha qilgan. Qayd etilishicha, O‘zbekistondan Rossiyaga borayotgan muhojirlar oqimi susayish alomatlarini ko‘rsatmayapti va Rossiya hukumati ulardan “o‘ljasi” sifatida foydalanmoqda. Rossiya rasmiylari Markaziy Osiyodan borgan odamlarni reydlar va deportatsiya tahdidlari orqali ularni urushga majburlamoqda.

“O‘zbekistonliklarni Rossiya armiyasi safiga jalb qilish masalasida Kremlning rasmiy Toshkentga ta’siri yaqqol ko‘zga tashlanishiga qaramay, biz O‘zbekiston Respublikasi hukumatini jinoiy amaliyotlarga berilishni bas qilishga chaqiramiz va ularga chek qo‘yishda yordamga umid qilamiz”, deyiladi “Xochu jit” loyihasi xabarida.

Ushbu ma’lumot e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston vakolatli organlari bu ma’lumotni tekshirishni boshlaganini bildirdi.

Tugayotgan haftada esa Ukraina poytaxti Kiyevda 2018 yil fevraldan 2024 yil yanvargacha 11 kishini o‘ldirgan va yana bir kishini o‘ldirishga urinib, ammo rejasini amalga oshira olmagan O‘zbekiston fuqarosi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

O‘tgan davr mobaynida o‘zbekistonlik 3 ayol va 8 erkakni o‘ldirgan. Jabrlanuvchilarning aksariyati uysizlar bo‘lib, u ular bilan tanishib, birgalikda alkogol iste’mol qilgandan so‘ng ularni yo‘q qilgan.

2024 yil yanvarda erkak Kiyevning Golosiyeyev tumanidagi gul do‘koniga xaridor sifatida kirib, sotuvchi ayolga pichoq bilan 30 martadan ortiq zarba berib o‘ldirgan va uning tilla taqinchoqlarini olib qochgan. Ayblanuvchi ushbu jinoyatda o‘z aybini tan olgan va shundan so‘ng avvalgi shunga o‘xshash jinoyatlarini ham batafsil bayon qilgan.

U har bir jabrlanuvchini yaxshi eslab qolgan va bu ma’lumotlar orqali jazoni yengillashtirishga umid qilgan. Ammo sud uning qilmishini hisobga olgan holda jinoyatlarini to‘liq isbotlovchi dalillar asosida aybdor deb topgan va Ukraina qonunchiligida ko‘zda tutilgan eng og‘ir jazo – umrbod ozodlikdan mahrum etish hukmini chiqargan.

O‘zbekistonlik migrantlar mamlakat xavfsizlik kuchlari tomonidan ayovsiz kaltaklandi

Rossiyaning Moskva shahridagi kafelardan birida Markaziy Osiyolik, xususan o‘zbekistonlik migrantlar mamlakat xavfsizlik kuchlari tomonidan ayovsiz kaltaklandi.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari so‘nggi bir oy ichida bu yerga uch marta hujum qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan kadrlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari binoga bostirib kirib, xo‘randalarni yerga yuztuban yotishga majburlagan va qo‘pol tarzda kuch ishlatgan.

“Kabob sotuvchini qattiq kaltaklashdi. Uning qovurg‘alari va bo‘yniga urishdi. U qo‘llari bilan boshini yopib oldi. Ofitsiantning qovurg‘alari shikastlangan, endi u ishga ham chiqmayapti. U shifokorga borishga majbur bo‘ldi. Hatto mijozlarni ham kaltaklashdi. Keyin politsiya bo‘limiga olib ketishdi. O‘tgan yilning iyun oyidan beri har oyda 2-3 marta muntazam ravishda kelishadi. Iyundagi reydda elektroshoker ishlatishdi. Meni ham do‘pposlashganidan keyin bir necha kun yurolmay qoldim. Ba’zan kuch ishlatishmaydi, ba’zan esa urib, hamma narsani sindirib ketishadi. Shu yilning yanvar oyida kompyuterni sindirib, kassadan pulllarni olib ketishdi”, deydi kafe xodimi.

Ma’lum qilinishicha, xavfsizlik kuchlari binoda o‘rnatilgan kuzatuv kameralarini ko‘rgach, ularni ham sindirib tashlagan. Xodimlarning aytishicha, tekshiruv vaqtida politsiya hech qanday qoidabuzarliklarni aniqlamagan.

Hozirga qadar ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston tomoni munosabat bildirgani yo‘q.

Bu Markaziy Osiyolik migrantlarga nisbatan kuch ishlatish bo‘yicha aprel oyida kuzatilayotgan yagona holat emas. 10 aprel kuni Moskvadagi hammomda Rossiya kuch ishlatar tuzilmalari qirg‘izistonlik migrantlarga qarshi reyd o‘tkazib, migrantlar yarim yalang‘och holatda emaklab yurishga majburlangandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa hammom majmuasini rejali tekshirish hech bir mamlakat fuqarolariga qaratilmaganini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Bishkek Moskvaga ushbu holat bo‘yicha nota yubordi.

O‘zbekistonlik do‘pposlangan shu haftada Bosh prokuror o‘rinbosari Shohrux Aminov Rossiyaga borib, mehnat migratsiyasi va migrantlarning huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya idoralararo ishchi guruhining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi. Rossiya delegatsiyasidan esa Rossiya Bosh prokurorining o‘rinbosari Pyotr Gorodov rahbarligida Bosh prokuratura, Federal xavfsizlik xizmati, Tashqi ishlar, Ichki ishlar vazirliklari va boshqa idoralarning vakillari qatnashgan.

Uchrashuvda ikki davlat Bosh prokuraturalari O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida kelishi hamda Rossiya fuqarolarining O‘zbekistonga kelishlari jarayonida ularning huquqlarga rioya etilishi ustidan nazorat va kuzatuvni kuchaytirish majburiyatini olgani aytilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing