Hafta oxiriga kelib havo harorati pasayadi – O‘zgidromet
Bu qiziq
−
18 Oktabr 2021
8486Bugun, 18 oktyabr kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo harorati me’yordan 3-4° ga yuqori bo‘lgan kam bulutli va o‘rtacha iliq ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.
Bunday holat haftaning o‘rtasigacha davom etadi, hududlarning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, harorat fonining yuqoriligi saqlanib turadi – kechalari 7-12° iliq, kunduz kunlari 22-27° iliq bo‘ladi. Faqat respublikaning shimoliy hududlariga chorshanba kuni Volga bo‘yi hududlaridan sovuq va nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, harorat pasayishni boshlaydi.
Payshanba kuni nam va sovuq havo massalari respublikaning barcha hududlariga ta’sir etadi. Ko‘pchilik viloyatlarda yomg‘ir yog‘adi. Eng chekka sharqiy hududlarda yomg‘ir yog‘ishi kechqurun kutilmoqda. Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida yog‘ingarchiliksiz havo bo‘ladi. Havo harorati kunduz kuni 13-18° iliqqacha pasayadi, bu me’yordan 2-4° past bo‘ladi.
Juma kuni Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlarida kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘adi. Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida kun davomida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi va kunduzi 8-13° iliqni tashkil etadi, bu iqlimiy me’yorlardan 6-7° ga past bo‘ladi.
21-22 oktyabrda tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.
21-23 oktyabrda respublika bo‘yicha shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin. 22-23 oktyabrda O‘zbekistonning ayrim viloyatlariga tuman tushishi mumkin.