Putinning “rozilik” ortidagi rad javobi
Tahlil
−
14 mart
5441Vladimir Putin bosqinni to‘xtatishga rozi. Ammo Rossiya Prezidenti har doimgidek yana qator shartlarni o‘rtaga tashlab, potensial sulhni murakkablashtirishga intilmoqda. Saudiyaning Jidda shahridan Amerika rasmiylari tomonidan yo‘llangan chaqiriqqa roziligi, lekin bunda ko‘plab masalalarni muhokama qilish zarurligini aytib, bosqin boshlanishiga sabab bo‘lgan omillarga ishora qildi. Bu esa uning javobi rozilik alomati emasligi va u hali ham tinchlik muzokaralarini chigallashtirishga yoki bosqin boshidagi shartlaridan qaytish niyatidamasligidan dalolatdek go‘yo.
Jiddadagi muzokaralar va AQSH bosimi
Ko‘pchilikka ma’lum, 11 mart kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Ukraina va AQSH delegatsiyalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokarada AQSH tomoni Ukrainaga 30 kunlik otashkesim taklifini bergan. Jiddadagi muzokaralar ortidan AQSH va Ukraina delegatsiyalari qo‘shma yozma bayonot e’lon qildi. Bayonotda Ukraina AQSHning zudlik bilan 30 kunlik vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini joriy etish bo‘yicha taklifini qabul qilishga tayyorligini bildirgan. Shundan so‘ng AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Ukrainaning o‘t ochishni to‘xtatish taklifini Rossiya tomoniga yetkazishlarini aytdi. Shu kuni Tramp va Rubio bu qadamga Rossiya tomoni ham “ha” deb javob berishiga umid qilishini bildirdi. Zelenskiy esa shu kuni o‘zining kechki videomurojaatida AQSHning 30 kunlik otashkesim haqidagi taklifi ijobiy ekanini aytib, Ukraina tinchlikka tayyorligini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng hammaning ko‘zi, bor e’tibori Moskvaga qadaldi. Oradan bir kun o‘tdi. Kremldan hech qanday javob bo‘lmadi. Kremlga to‘xtatish chaqirig‘i berilganidan so‘ng AQSH tomonidan Moskvaga bosimlar ortdi. Jumladan, AQSH Moliya vaziri Skott Bessant tinchlik muzokaralarining muvaffaqiyati uchun zarur bo‘lsa, Rossiyaga qarshi eng qattiq sanksiyalarning hech ikkilanmasdan joriy etishilini aytdi. Uning qayd etishicha, Bayden ma’muriyati sanksiya qo‘llashda juda zaif bo‘lgan va bu zaiflikni Tramp ma’muriyati yo‘qotishi mumkin. Bessantga ko‘ra, barchasi Trampning muvaffaqiyatli muzokaralar rejasining bir qismidir. U har ikki tomonga maksimal bosim o‘tkazmoqchi.
“Agar birdan o‘ngacha bo‘lgan shkala bo‘yicha baholansa, AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyatidagi Rossiyaga qarshi sanksiyalarni, ehtimol, uchlikka baholash mumkin edi, uning ketishiga yaqinroq ular sanksiyalarni oltilikkacha kuchaytirdi. Aytishim mumkinki, biz ikkilanmasdan ularni o‘nlikkacha kuchaytiramiz”, degan Moliya vaziri.
Kremldan sado
13 mart kuni nihoyat Moskvadan sado chiqdi. Bu orada esa xuddi shu kuni AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoffning samolyoti Moskvaning Vnukovo aeroportiga qo‘ndi. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, Ukraina kelishuvi bo‘yicha AQSH tomonidan muzokarachilar Rossiyaga uchib kelayotgani va 13 mart kuni tegishli muloqot o‘tkazilishi rejalashtirilgani haqida xabar qildi. Shu muzokaralarga aloqador shaxslardan biri Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov AQSHning taklifiga javob berdi. U Moskva Ukrainada vaqtinchalik sulhga qarshiligini ma’lum qildi. U Rossiyaning bu boradagi pozitsiyasini AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts bilan suhbatda tushuntirgan va vaqtinchalik sulh shunchaki Ukraina qo‘shinining nafas rostlashi uchun vaqtdan yutish yo‘li ekanini aytdi. U Rossiya faqatgina uzoq muddatli nizoni hal etishdan manfaatdorligini qo‘shimcha qildi.
“Bizning maqsadimiz – uzoq muddatli tinchlik yo‘li bilan kelishuvga erishish, biz bunga intilamiz. Bu kelishuv Rossiyaning qonuniy manfaatlarini va xavotirlarini hisobga olishi kerak. Faqat sulhni taqlid qiluvchi chora-tadbirlarning hech kimga foydasi yo‘q”, dedi Ushakov.
Putinning yordamchisi, shuningdek, Moskva Vashingtonning Rossiyaning Ukraina bo‘yicha pozitsiyasini tushunishiga umid qilishini va sulhni muhokama qilish jarayonida bu hisobga olinishi kerakligini ta’kidlagan. U shu tariqa ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lgan Rossiyaning Vashingtonga sulh shartlari bo‘yicha o‘z talablarini yetkazgani haqidagi xabarlarga izoh bergan. Chunki Ushakovning chiqishidan bir necha soat oldin “Reuters” vaziyat bilan tanish manbalarga tayanib, Rossiya AQSHga o‘z talablari ro‘yxatini taqdim etganini xabar qilgandi. Ushbu talablar avvalroq Moskva tomonidan Ukraina, AQSH va NATOga bildirilgan pozitsiyaga o‘xshash bo‘lib, ular quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechishi;
- Ukrainada xorijiy qo‘shinlar joylashtirilmasligi;
- Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarining Rossiya tarkibida tan olinishi.
Putinning javobi
Ushakov Rossiya sulhga rozi emasligini aytgan bo‘lsa-da, u baribir so‘nggi nuqtani Putin qo‘yishiga ishora qilgandi. Putin esa voqealar rivoji jadallashib ketgan 13 mart kuni Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenkoning tashrifi va shu doirada o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumani bahonasida AQSH taklifiga o‘z javobini aytdi. Unga ko‘ra, Rossiya AQSHning Ukrainada vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi, biroq har qanday sulh uzoq muddatli tinchlik va mojaroga sabab bo‘lgan omillarning bartaraf etilishiga olib kelishi kerak. Mojaroga sabab bo‘lgan omillarni bartaraf etish jumlasi esa bu yerda eng asosiy nuqta deyish mumkin. Ya’ni Putin bu bilan bosqin boshlangan va undan keyingi davrlarda o‘zgarishsiz qolgan talablariga ishora qilganlik ehtimoli yuqori. Bular Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lmasligi, demilitarizatsiya va bosib olingan yerlarni tan olish hamda Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetiga zarar beruvchi boshqa talablardir. Putinning ta’kidlashicha, muhokama qilinishi zarur bo‘lgan masalalar qatoriga jangovar to‘qnashuv chizig‘ida sulh rejimiga rioya etilishini nazorat qilish, Rossiyaning Kursk viloyatida qolayotgan ukrainalik harbiylar taqdiri hamda Ukrainaga G‘arb tomonidan qurol yetkazib berilishi kabi jihatlar kiradi.
“Biz jangovar harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha takliflarga rozimiz, biroq bu to‘xtash shunday bo‘lishi kerakki, u uzoq muddatli tinchlikka olib kelsin va ushbu inqirozning dastlabki sabablarini bartaraf etsin. Bu g‘oya o‘z-o‘zidan to‘g‘ri va biz, albatta, uni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biroq biz muhokama qilishimiz kerak bo‘lgan masalalar bor. O‘ylaymanki, amerikalik hamkorlarimiz bilan muzokaralar o‘tkazish lozim. Balki AQSH Prezidenti Tramp bilan bog‘lanib, u bilan birgalikda bu masalani muhokama qilish kerakdir. Lekin bu mojaroni tinch yo‘l bilan yakunlash g‘oyasi biz tomondan qo‘llab-quvvatlanadi”, dedi Putin.
Trampning ko‘ngli to‘lmadi, Zelenskiyning esa hafsalasi pir
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Ukrainada mumkin bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi bayonoti ma’lum darajada umid uyg‘otishi, ammo bu “to‘liq emas”ligini aytdi. U 13 mart kuni Vashingtonda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan bo‘lib o‘tgan ochiq suhbat jarayonida o‘t ochishni to‘xtatish taklifini Putin bilan shaxsan muhokama qilmoqchi ekanini aytib, o‘zining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoffning Rossiyadagi muzokaralaridan mamnunligini bildirdi. Biroq Tramp yakuniy natija olinmaguncha bu hech narsani anglatmasligini qo‘shimcha qildi.
“Agar Putin Jiddadagi muzokaralardan so‘ng AQSH va Ukraina tomonidan bildirilgan taklifga rozi bo‘lmasa, bu umidsizlikka sabab bo‘ladi. Yakuniy kelishuvning ko‘plab tafsilotlari allaqachon muhokama qilingan. Endi Rossiya ishtirok etadimi, ko‘ramiz. Aks holda, bu butun dunyo uchun juda umidsiz dam bo‘ladi”, dedi Tramp
Zelenskiy esa Putinning bayonotiga keskin munosabat bildirib, buni “ruslarning yana bir manipulyatsiyasi” deb atadi. Zelenskiyga ko‘ra, Putin Trampga bu urushni davom ettirishni va ukrainaliklarni o‘ldirishda davom etishni istayotganini to‘g‘ridan to‘g‘ri aytishdan qo‘rqadi. Shuning uchun Moskvada ular o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasini shunday shartlar bilan o‘rab olishmoqdaki, u yo barbod bo‘ladi yoki imkon qadar uzoqqa cho‘zilib ketadi.
“Putin buni tez-tez qiladi, u to‘g‘ridan to‘g‘ri “yo‘q” demaydi, lekin narsalarni sudrab olib, oqilona yechimlarni imkonsiz qiladi. Biz buni yana bir rus manipulyatsiyasi deb bilamiz”, dedi Zelenskiy.
Zelenskiy Ukraina imkon qadar tez va konstruktiv ishlashga tayyorligi, jarayonni murakkablashtiradigan shartlarni qo‘ymayotgani, ammo Rossiya mana shunday qadamlar tashlayotganini aytdi.
“Har doim aytganimizdek, to‘xtab qolgan, konstruktiv bo‘lmagan yagona narsa bu – Rossiya. Ularga bu urush kerak. Putin tinchlik yillarini o‘g‘irladi va bu urushni kundan kunga davom ettirmoqda. Endi unga bosimni kuchaytirish vaqti keldi. Sanksiyalar qo‘llanilishi kerak, ular ishlaydi. Biz amerikalik va yevropalik hamkorlarimiz va dunyoda tinchlikni xohlaydigan har bir kishi bilan Rossiyani bu urushni tugatishga majbur qilish uchun ishlashni davom ettiramiz”, dedi Ukraina Prezidenti.
LiveBarchasi
Trenddagilar

