Harbiylar migrantlarga qarshi. Belarus-Litva chegarasida qanday “o‘yin” ketmoqda?

Olam

image
0:00
0:00
download

Turli manbalarga ko‘ra, ayni vaqtda Belarus-Polsha chegarasida 1-5 ming nafar muhojir yig‘ilgan. Bu haqda Litva chegarasi xavfsizlik xizmati rahbari Rustamas Lyubayevas ma’lum qildi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Litva Belarus bilan chegarada bunday holat yuz berishidan o‘tgan dam olish kunlari xabar topgan va “barcha mumkin bo‘lgan ssenariylarga tayyorgarlik ko‘rmoqda”.

“Hozirda Litva Qurolli kuchlarining shtab-kvartirasi bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda, biz qo‘shimcha miqdordagi harbiy qismni joylashtirish imkoniyatidan foydalanishni rejalashtirmoqdamiz”, deydi Lyubayevas. 

O‘z navbatida, Litva Ichki ishlar vaziri Agne Bilotayte chegaradagi vaziyat sabab mamlakatda favqulodda holat joriy etishni taklif qilgan.

Qayd etish kerakki, Belarus bilan umumiy chegaraga ega bo‘lgan boshqa bir g‘arbiy davlat – Polsha ham migrantlar oqimidan xavotirda. 

Xabarlarga ko‘ra, Polsha Belarus bilan chegaradagi qo‘shinlarining jangovar holatini oshirgan va u yerga harbiy dronlarni yuborgan. Mamlakat Ichki ishlar vaziri Mariush Blashakga ko‘ra, Belarus bilan chegarada 12 mingdan ortiq askar navbatchilik qilmoqda. 

RIA Novosti’ning yozishicha, Belarus tomondan bir necha ming muhojir mamlakat chegarasiga qarab bormoqda. Belarus harbiylari muhojirlarni chegaradan o‘tish punktiga emas, balki o‘rmon tomon yo‘naltiryapti. 

Eslatib o‘tamiz, Litva ayni vaqtda Belarus bilan chegarada balandligi 4 metrni tashkil qilgan temir to‘siq qurmoqda. Ushbu loyiha aynan migrantlarning noqonuniy oqimiga qarshi qaratilgan. 

O‘z navbatida, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko g‘arbiy qo‘shnilariga noqonuniy migrantlar hamda narkotrafik oqimini nazorat qilmasligi bilan tahdid qilgandi. Bunday “dag‘-dag‘alarning” ildizi esa G‘arb davlatlari bilan rasmiy Minsk o‘rtasidagi munosabatlarning sovuqlashishiga borib taqaladi. 

Ma’lumot o‘rnida, Belarusda 2020 yili bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidan so‘ng, mamlakatni qamrab olgan qo‘zg‘alon va noroziliklar, bundan ham yomonrog‘i – kuch ishlatar tuzilmalarning namoyishlarni bostirishi, Lukashenkoning barcha siyosiy raqiblari qamalishi yoki mamlakatdan qochib ketishi hamda OAV vakillarining taqibga uchrashi Belarusning G‘arb davlatlari tomonidan izolyatsiya qilinishiga olib keldi. Bunga javoban Lukashenko ayni vaqtda qo‘lidagi “kozir karta”sini ishga solmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

167

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing