Haqiqat haqoratga kirsa, bilmadim – Kusherboyev sudga berilganini izohladi

Jamiyat

image

Avvalroq Davlat soliq qo‘mitasi va uning tarkibiy bo‘linmalari xodimlari Birlashgan kasaba uyushmasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Xidraliyevich Kusherboyev ustidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgani haqida xabar berilgan edi. QALAMPIR.UZ holat yuzazidan izoh olish maqsadida Rasul Kusherboyev bog‘landi.

Deputat o‘ziga “yuklatilgan” ma’naviy zarar summasini eshitganidan so‘ng “bu summaga uyimni topa olmay qolaman-ku”, degan javob bilan cheklandi. Shuningdek, u voqeaga o‘z munosabatini bildirdi.

“Menga ham tanish advokatlar chiqyapti. Agar jiddiy borishsa, meni ham advokat topib, rasmiylashtiraman. 4 milliard 600 million so‘mni qayerdan olishgan, bilmadim. Mayli, birinchi navbatda sudda isbotlashsin! Men bildirgan bo‘lsam, tanqidiy fikr bildirganman. Qilayotgan ishlari noto‘g‘ri ekanini aytganman. O‘zimni tanqidiy munosabatim bilan tadbirkorlar huquqi uchun “turib berishga” harakat qilganman. Haqiqat haqoratga kirsa, bilmadim endi. Ko‘ramiz, isbotlab bersin”, deydi Kusherboyev QALAMPIR.UZ bilan suhbatda.

Shuningdek, Rasul Kusherboyev aynan biror jismoniy shaxsga qarata biror fikr bildirmaganini ta’kidladi.

“Men “falonchi pismadonchiyev” deb ochiq aytmaganman. Bu yerda murakkabliklar ko‘p. Men shunday fikrdamanki, DSQ bir qator tadbirkorlarga nisbatan adolatsiz va nohaq munosabatda bo‘ldi. Agar ularning hech qanday muammosi bo‘lmay, hech qaysi tadbirkorni norozi qilmasdan, 100 foiz qonuniy ishlaganlarida men unday fikr bildirmasdim. Deputat sifatida ko‘pchilik nomidan biz aytmasak, kim aytadi? Mayli, ko‘ramiz kim qayergacha boradi. Avvalo, hali u darajagacha borilmasa kerak. Hammaning omadini bersin”, deydi deputat.

Soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, deputat Rasul Kusherboyevning sudga berilishiga “HUMAN UZ” axborot portalidagi “So‘z blogerlarga” ko‘rsatuvining 2021 yil 23 fevraldagi sonida aytgan haqoratomuz so‘zlari sabab bo‘lgan.

Qayd etilishicha, javobgar xatti-harakatlari orqali soliq organlariga 4,6 mlrd so‘m miqdorida ma’naviy zarar yetkazgan. Ushbu ma’naviy zarar undirilgach, “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

796

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing