Yevropa o‘zining yadroviy qalqonini ishlab chiqadi
Olam
−
14 fevral 483 2 daqiqa
Yevropa yetakchilari o‘z yadroviy qalqonini yaratish masalasida muhokamalardan amaliy bosqichga o‘tdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, ma’lumotni Germaniya kansleri Fridrix Mers ham tasdiqlab, Myunxen xavfsizlik konferensiyasi ochilishida Germaniya Fransiya bilan Yevropa yadroviy mudofaa tizimini yaratish bo‘yicha muzokaralarni boshlaganini ma’lum qilgan.
“Men Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan Yevropa yadroviy tiyib turish masalasi bo‘yicha maxfiy muzokaralarni boshladim. Yevropada turli darajadagi xavfsizlik zonalari paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz, dedi Mers.
Uning aytishicha, Germaniya 1990 yilda zimmasiga olgan yadroviy qurol ishlab chiqmaslik, unga egalik qilmaslik va uni boshqarmaslik majburiyatlariga sodiq qoladi. Biroq Parij bilan Fransiyaning yadroviy “soyaboni”ni Yevropa Ittifoqi davlatlariga, jumladan, Germaniyaga ham tatbiq etish imkoniyati muhokama qilinmoqda.
Manbalarga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Trampning siyosati tufayli Yevropa davlatlari AQSH himoyasiga to‘liq ishonch hosil qila olmayotgani sababli, ular Sovuq urush tugaganidan buyon ilk bor o‘z yadroviy tiyib turish tizimini yaratish masalasini muhokama qilmoqda. “Bloomberg” suhbatdoshlaridan birining aytishicha, muzokaralar yuqori harbiy darajada olib borilmoqda, ayrim vazirlar esa bundan xabardor bo‘lmasligi ham mumkin.
Muzokaralar asosan o‘zaro ishonch mustahkam bo‘lgan ikki yoki uch tomonlama formatda o‘tkazilmoqda. Asosan AQSH harbiy ob’ektlari joylashgan, Rossiyaga yaqin va uning tomonidan bevosita tahdidni his qilayotgan davlatlar ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, bu tashabbus Moskvaga qanday signal berishini ham diqqat bilan kuzatmoqda.
Yelisey saroyiga yaqin manbalarning ma’lumotiga ko‘ra, Makron yaqin orada Fransiyaning yadroviy tiyib turish tizimini boshqa Yevropa davlatlariga ham kengaytirishni taklif qilishi kutilmoqda. Bu ehtimol, Myunxen konferensiyasidan keyin ro‘y beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Emmanuel Makron Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Yevropa o‘z xavfsizlik arxitekturasini mustaqil ravishda qayta ishlab chiqishi kerakligini ta’kidlagan edi.
Live
Barchasi