O‘zbekistonning birinchi raketkasi afsonaviy Uilyamsni mag‘lub etdi
Sport
−
03 avgust 8126 2 daqiqa
Kecha, 2 avgust kuni O‘zbekistonning birinchi raketkasi Kamilla Rahimova Torontoda o‘tayotgan WTA 1000 toifasidagi National Bank Open turnirining birinchi bosqichida amerikalik afsonaviy tennischi Vinus Uilyamsni ishonchli hisobda mag‘lub etdi.
Yomg‘ir sababli qoldirilgan uchrashuv 1 soat 29 daqiqa davom etdi va unda Rahimova ikki set natijasiga ko‘ra, 6/4, 6/1 hisobida g‘alaba qozondi.
46 yoshli Vinus Uilyams ushbu musobaqada wild card orqali ishtirok etgan edi. Bu mag‘lubiyat amerikalik tennischi uchun ketma-ket 12-mag‘lubiyat bo‘ldi. Uning omadsiz seriyasi 2025 yilning iyul oyidan beri davom etmoqda. Uchrashuvdan keyin Vinus Uilyams o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
“Biz ochiq havoda o‘ynaymiz, ob-havoni nazorat qilib bo‘lmaydi. Ammo muxlislar ajoyib edi. Ular har bir ochkoda meni qo‘llab-quvvatladi. Men esa shunchaki to‘pni maydonga tushirish uchun kurashayotgandim”, deydi Uilyams.
Dunyo reytingida 82-o‘rinni egallab turgan Kamilla Rahimova esa afsonaviy raqibiga qarshi o‘ynash u uchun unutilmas tajriba bo‘lganini ta’kidladi.
“Vinusga qarshi o‘ynash har kuni nasib etavermaydi. Unga qarshi kortga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan juda xursandman. Bu uchrashuvni uzoq kutdim. Uning Markaziy kortda o‘ynashini bilardim. Natijadan qat’i nazar, kortdagi har bir lahzadan zavq olishga harakat qildim”, deydi Rahimova.
Endi Kamilla Rahimova musobaqaning ikkinchi bosqichida Chexiya vakili Katerina Sinyakovaga qarshi kortga chiqadi. Bellashuv joriy yilning 6 avgust kuniga belgilangan. Hozirda Sinyakova WTA reytingida 36-o‘rinni egallab turibdi.
Live
Barchasi