O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida korrupsion sxema fosh etildi

3-sahifa

image

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimida tovar import qilish uchun ruxsatnoma va boshqa hujjatlarni rasmiylashtirishda pora va norasmiy to‘lovlar bilan bog‘liq korrupsion sxema fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tezkor-qidiruv tadbirlari davomida agentlikning ayrim mas’ul xodimlari tadbirkorlardan import hujjatlarini rasmiylashtirish uchun belgilangan norasmiy “stavka”lar bo‘yicha pul olib kelgani aniqlangan.

Jumladan, fuqaro G.U. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida ishlovchi tanishlari orqali Turkiyaning “Y.T.” korxonasini xorijiy eksportyor korxonalar reyestriga kiritib berishi evaziga 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruvda fuqaro G.U. va agentlikning bosh mutaxassisi M.G. o‘zaro til biriktirib, “S.S.” MCHJga Rossiya Federatsiyasidan yog‘och va Turkmaniston Respublikasidan pomidor mahsulotlarini import qilishda import karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirib berishi evaziga 2,9 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.

Bundan tashqari, fuqaro G.U.ning 2 ta bank plastik kartasiga fuqarolardan R2R shaklida 10,9 milliard so‘m kelib tushgan. Shundan atigi 1,6 milliard so‘mi to‘lovlar uchun to‘langan. Shu bilan birga fuqaro G.U. 6,1 milliard so‘mni naqdlashtirib, agentlikning mas’ul xodimlariga berganligi va qolgan 3,1 milliard so‘mni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.

Shuningdek, agentlik va uning quyi tashkilotlari g‘azna hisob raqamlariga kelib tushgan 91,7 milliard so‘m tahlil qilinganda 14,9 milliard so‘mlik to‘lovlar 759 nafar fuqaroning plastik kartalari orqali amalga oshirilib, shundan 174 nafari agentlik tizimi xodimi va 34 nafari ularning yaqin qarindoshlari ekanligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 643,2 milliard so‘m byudjet mablag‘ini talon-toroj qilish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxema fosh etilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing