O‘zbekistonda byudjetdan 643,2 mlrd so‘m o‘margan korrupsion sxema fosh etildi 

3-sahifa

image

O‘zbekistonda 643,2 milliard so‘m byudjet mablag‘ini talon-toroj qilish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxema fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Soliq qo‘mitasi, Buxoro viloyati Soliq boshqarmasi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda bir qator mahalliy va qo‘shma korxonalarning mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirgan holda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ygan.

Tergovga qadar tekshiruv materiallariga ko‘ra, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish bo‘yicha berilgan 5,3 trillion so‘mlik xizmatlar qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod etilgan bo‘lishiga qaramasdan, QQS summalari elektron hisob-fakturalarga noqonuniy ravishda kiritilgan.

Oqibatda byudjetda asossiz ravishda QQS mablag‘i shakllantirilib, ushbu mablag‘larning bir qismi “A.” MCHJning hisob raqamiga qaytarilishiga hamda “S.E.” MCHJ QQSning davlat oldidagi kreditorlik qarzdorliklarining yo‘q qilinishiga yo‘naltirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur sxema orqali 643,2 milliard so‘mlik byudjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Bildirilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, Sho‘rtan GKMni kengaytirish loyihasining bosh pudratchisi Enter Engineering hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida bir guruh shaxslar tomonidan “Soliq Mobile” ilovasi orqali 35,1 milliard so‘m mablag‘lar keshbek sifatida talon-toroj qilingani fosh etilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekneftgaz QQS Soliq qo'mitasi korruptsion sxema

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing