Ukraina Rossiyaga yirik dron hujumini uyushtirdi (video)
Olam
−
17:30 3292 2 daqiqa
Kecha, 24 sentyabr kuni tunda Ukraina Rossiyaning bir qator hududlariga yirik dron hujumini uyushtirib, neftni qayta ishlash zavodi va yo‘lovchi poyezdiga zarar yetkazdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi havo hujumidan mudofaa kuchlari tun davomida jami 592 ta dronni yo‘q qilganini ma’lum qilgan. Belgorod viloyatida Ukraina droni yuk mashinasiga urilishi oqibatida bir fuqaro halok bo‘lgan, yana bir kishi yaralangan. Perm viloyatida esa yirik dron hujumi vaqtida bir kishi halok bo‘lgani xabar qilingan.
Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar hudud ustida 50 ga yaqin dron yo‘q qilinganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum oqibatida Novoshaxtinsk neftni qayta ishlash zavodiga zarar yetgan va korxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. Qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan.
Ulyanovsk viloyati gubernatori Aleksey Russkixning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida sakkiz kishi jarohatlangan. Shuningdek, sanoat va fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetgan. Mazkur hududda yirik elektronika zavodi joylashgan.
Samara viloyatida esa Moskva–Tolyatti yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdining elektrovozi va birinchi vagoni tashqi ta’sir oqibatida shikastlangan. Hodisa sabab poyezd haydovchisi jarohatlangan va ushbu yo‘nalishdagi temir yo‘l qatnovi vaqtincha to‘xtatilgan.
Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusev esa viloyat markazi va kamida olti tuman osmonida 88 ta dron urib tushirilganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, hujumlarda to‘rt kishi jarohatlangan, turar joylar, avtomobillar va sanoat ob’ektlariga zarar yetgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya kuchlari kecha, 24 sentyabrga o‘tar kechasi Ukraina hududlariga hujum qilgandi. Kiyevda zarba oqibatida 2 kishi halok bo‘lib, kamida 8 kishi jarohatlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi