Toshkentda “kvartira”sini narkolaboratoriyaga aylantirganlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
13:15 1592 2 daqiqa
Toshkentning Yakkasaroy va Chilonzor tumanlarida “zakladka” usulida giyohvandlik vositalarini tarqatib kelgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 3 avgust kuni tezkor tadbirlar davomida 1993 yilda tug‘ilgan shaxs hamda uning jinoiy sherigi, muqaddam Jinoyat kodeksining 273-(Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) va 168-moddalari (Firibgarlik) bilan sudlangan, 1992 yilda tug‘ilgan shaxs qo‘lga olingan.
Ular Yakkasaroy tumanida gashish giyohvandlik vositalarini “zakladka” usulida tarqatayotgan vaqtida ushlangan.
Hodisa joyida ularga tegishli Nexia-3 rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganda, 20 gramm gashish moyi aniqlanib, rasmiylashtirib olingan.
Tezkor tadbirlar davomida gumonlanuvchilarning yashash manzillari ham tekshirilgan. U yerdan 2 kilogramm gashish moyi, “marixuana” va gashish, shuningdek, giyohvandlik vositalarini qadoqlash va tarqatishda foydalanilgan zip-paketlar, izolyatsion lentalar hamda boshqa ashyolar topilgan.
Bundan tashqari, Mirzo Ulug‘bek tumanida ular ijaraga olgan uyini narkolaboratoriyaga aylantirgani aniqlangan.
Mazkur xonadonni ko‘zdan kechirish davomida narkolaboratoriya uchun zarur bo‘lgan uskunalar, 1 kilogramm tamaki, 1 kilogramm kukunsimon modda, gashish moyi va gashish, 2 dona elektron tarozi, 5 ming dona zip-paket, 1,5 ming dona bo‘sh kapsula, rezina qopqoqlar, tibbiyot niqoblari, izolentalar, shpritslar hamda tayyor holdagi gashish giyohvandlik vositalari aniqlanib, rasmiylashtirib olingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jami 2 kilogramm 170 gramm, ya’ni 10 ming 700 dozaga teng giyohvandlik vositalari noqonuniy muomaladan chiqarilgan.
Holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (Giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Yashnobod tumanida fuqaroning dala maydonidan 47 tup giyohvandlik vositasiga o‘xshash o‘simlik aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi