Si Szinpin Hindistonga yana maxsus “toychog‘ida” bordi

Olam

image

Xitoy rahbari Si Szinpin xorijiy davlatlarga tashriflari chog‘ida mezbon tomonning avtomobilidan emas, o‘ziga maxsus tayyorlangan bronlangan limuzinidan foydalanadi. Kecha, 12 sentyabr kuni BRICS sammitida qatnashish uchun Hindistonga tashrif buyurgan Xitoy raisining maxsus avto-ulovi OAVda qizg‘in muhokama qilindi. Bu haqda Hindistonning “Free Press Journal” nashri xabar berdi.

Qayd etilishi, “Qizil bayroq” ma’nosini anglatuvchi Hongqi N701 modeli Xitoy rahbari uchun maxsus yaratilgan bo‘lib, erkin savdoda sotilmaydi.

Ayni kunlarda Si Szinpin Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tayotgan BRICS sammitida ishtirok etyapti. Mahalliy OAV vakillari Xitoy raisiga tegishli maxfiy avtomobilni ko‘rishga urinib, uning qalin maxsus chexol bilan qoplanganini xabar qilgan.

Limuzinning uzunligi qariyb 5,5 metr, og‘irligi esa 3 tonnadan ortiq. Avtomobilni yirik xromlangan radiator panjarasi, qoraytirilgan faralari va qizil bayroq ko‘rinishidagi belgilari orqali tanish mumkin.

Nashrga ko‘ra, N701’ning eng muhim xususiyatlari uning tashqi ko‘rinishi ortida yashiringan. Avtomobil kuchaytirilgan bronya, o‘q o‘tmaydigan oyna va shikastlangan taqdirda ham harakatni davom ettirish imkonini beruvchi mustahkamlangan g‘ildiraklar bilan jihozlangan.

Jurnalistlar limuzinda kimyoviy va biologik tahdidlardan himoya qiluvchi mustaqil hayotni ta’minlash va havoni bosim ostida uzatish tizimlari, shuningdek, xavfsiz aloqa kanali uchun himoyalangan kommunikatsiya tizimi mavjudligini qayd etgan. Bronyaning aniq parametrlari va avtomobilning texnik jihozlari maxfiy saqlanadi.

Ma’lum bo‘lishicha, maxsus avtomobil 6 litrlik V12 dvigateliga ega bo‘lib, uning quvvati qariyb 408 ot kuchini tashkil etadi. Limuzin avval ham Si Szinpinning Rossiya, AQSH, Gonkong va Misrga tashriflari chog‘ida uni kuzatib borgan.

“Free Press Journal” nashrining yozishicha, Si Szinpinning avtomobili Hindistonda paydo bo‘lishi BRICS sammitining oddiy logistika tafsiloti emas. Maxsus limuzin xavfsizlik, siyosiy ramz va Xitoyning sanoat imkoniyatlari namoyishini birlashtiradi.

Ma’lumot uchun, brend 1958 yilda First Automotive Works kompaniyasi tomonidan Xitoy rahbariyatiga xizmat ko‘rsatish uchun tashkil etilgan. Dastlabki avtomobillar qo‘lda yig‘ilgan va ular Mao Szedun bilan bog‘liq ramz sifatida qabul qilingan.

Keyinchalik brend o‘z nufuzini yo‘qotgan, ammo Si Szinpin davrida qayta tiklanib, texnologik mustaqillik va milliy g‘urur ramziga aylantirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing