Rossiya NATOning Ukrainaga yordam va mudofaa bo‘yicha qarorlarini qoraladi
Olam
−
09 iyul 3509 2 daqiqa
Rossiya Turkiyada bo‘lib o‘tgan NATO sammitida qabul qilingan Ukrainaga harbiy yordam va jamoaviy mudofaa bo‘yicha qarorlarni keskin qoralab, ular “falokatli oqibatlarga” olib kelishi mumkinligini bildirdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy bayonot elon qildi.
Vazirlikning rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning aytishicha, NATOning ustuvor vazifalari o‘zgarmagan.
“Bular Yevropa qit’asini militarizatsiya qilish, mudofaa salohiyatini oshirish, Rossiya bilan qurolli to‘qnashuvga tayyorgarlik ko‘rish va, albatta, Ukrainaga yordam berishdir”, degan u vazirlik saytida e’lon qilingan bayonotida.
Zaxarova NATO rahbariyatini mas’uliyatsiz qarorlar qabul qilishda ham ayblagan.
“Afsuski, agar NATO strateglari bir lahza to‘xtab, o‘ylab ko‘rishganida, nafaqat alyans, balki butun dunyo uchun falokatga olib kelishi mumkin bo‘lgan bunday mas’uliyatsiz qarorlarni qabul qilmagan bo‘lar edilar”, degan u.
Zaxarova, shuningdek, AQSH bilan uning NATOdagi ittifoqchilari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar saqlanib qolayotganini ta’kidlagan.
“Bu ziddiyatlar hech qayerga yo‘qolgani yo‘q. Bu fonda amerikaliklar Shimoliy Atlantika alyansidan ko‘ngli qolganini yashirmayapti”, deb aytgan u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Grenlandiya masalasi ham Vashington istagan ssenariy bo‘yicha hal etilmayapti.
“Shuningdek, Vashingtonning fikricha, AQSHga ittifoqchilarning yordami kerak bo‘lgan paytda ular yetarlicha qo‘llab-quvvatlamaganidan ham norozilik mavjud”, degan Zaxarova.
NATO Bosh kotibi Mark Ryutte esa “Reuters” agentligiga bergan intervyusida AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan boshqa NATO yetakchilari o‘rtasidagi kelishmovchiliklar alyansning demokratik kuchini namoyon etishini va bu Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uchun saboq bo‘lishi kerakligini aytgan.
“Men Putinga shunday degan bo‘lardim: siz ham ochiq muloqot qilishni ko‘proq o‘rganishingiz kerak”, degan Ryutte.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO davlatlari Anqaradagi sammitda 2026 yil uchun Ukrainaga 70 milliard yevro (80 milliard AQSH dollari) miqdorida harbiy yordam ajratishga va’da bergandi.
Shuningdek, sammit yakuniy deklaratsiyasida a’zo davlatlar alyansning 5-moddasi bo‘yicha jamoaviy mudofaa tamoyiliga “mustahkam sodiqlik”larini yana bir bor tasdiqlagan hamda kamida 50 milliard AQSH dollarilik yangi qurol-yarog‘ shartnomalari e’lon qilingan.
Live
Barchasi