“Real Madrid” La Liga rahbariyatida o‘zgarishlar bo‘lishini talab qilmoqda
Sport
−
09:41 460 2 daqiqa
“Real Madrid” La Liga prezidenti Xaver Tebasning klubga qarshi bildirgan so‘nggi bayonotlarini qabul qilib bo‘lmas deb hisoblaydi. Madrid klubi liga rahbariyatida o‘zgarishlar amalga oshirilishini talab qilmoqda. Bu haqda “Real Madrid” matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.
Joriy yilning 20 sentyabr kuni Ispaniya chempionati doirasida “Real Madrid” safarda “Atletiko Madrid”ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Uchrashuvdan so‘ng “Real Madrid” bosh murabbiyi Joze Mourino hakam Ortis Ariasning “Atletiko” futbolchilari Li Kan In va Kristian Romeroga qizil kartochka ko‘rsatmaganidan norozi bo‘ldi.
Joriy yilning 21 sentyabr kuni esa Xaver Tebas “Real Madrid” va klubning telekanali – “Real Madrid TV”ni tanqid qilib, ularni hakamlarga bosim o‘tkazishda aybladi.
“Klubimiz La Liga prezidenti o‘zining rasmiy mavqeidan foydalanib, ommaviy chiqishlarida doimiy ravishda “Real Madrid”ni obro‘sizlantirishi va unga hujum qilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi. Barcha La Liga klublarining manfaatlarini ifoda etish va himoya qilish uchun mas’ul bo‘lgan shaxsning “Real Madrid”ga nisbatan bunday munosabatda bo‘lishi, klubimizni o‘zining ommaviy hujumlari uchun doimiy nishonga aylantirishi jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Uning so‘nggi bayonotlari, ayniqsa, jiddiy va tushunarsiz. Chunki ular raqamli nashrda mustaqil jurnalist tomonidan e’lon qilingan maqolaga asoslangan bo‘lsa-da, u klubimizga qarshi fikr bildirish bilan birga, hatto bizning sport strategiyamizni baholashgacha borgan. Bu mutlaqo nomaqbul va mas’uliyatsiz yondashuv”, deyiladi “Real Madrid” bayonotida.
Keyinchalik AS nashri La Liganing texnik hakamlar qo‘mitasi Li Kan In uchrashuvda maydondan chetlatilishi kerak edi, degan xulosaga kelganini xabar qildi.
“Ushbu nomaqbul va tizimli xatti-harakatlarni hisobga olgan holda, Ispaniya professional futboliga uni boshqarish va to‘liq salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qodir, shu bilan birga betaraflikning asosiy tamoyiliga hurmat ko‘rsatadigan rahbar kerak, deb hisoblaymiz. Bizga o‘z rolining mohiyatini tushunadigan inson kerak. Chunki La Liga prezidenti chempionat egasi emas, balki uni tashkil etuvchi klublarga xizmat qiladigan va ular o‘z rahbariyatini ishonib topshirgan menejerdir. Klublarga ushbu vazifani halol va vijdonan bajaradigan inson kerak”, deya qo‘shimcha qildi madridliklar.
Ma’lumot uchun, 64 yoshli Xaver Tebas 2013 yildan buyon La Liga prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda. U avvalroq bir necha bor “Real Madrid” muxlisi ekanini bildirgan.
Live
Barchasi