Putin Novosibirskda “tomosha ko‘rsatdi” (video)
Olam
−
15:57 6278 3 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 11 avgust kuni Novosibirskka tashrifi chog‘ida aeroport tomon harakatlanayotgan kortejini to‘xtatib, yo‘l bo‘yida uni kutib turgan mahalliy aholi, asosan bolalar bilan uchrashdi. Biroq keyinchalik e’lon qilingan videolar ushbu uchrashuv oldindan tayyorlangani haqidagi fikrlarni yuzaga keltirdi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Putin aeroport tomon yo‘l olayotganida kortejini to‘xtatib, uni kutib turgan odamlar oldiga borgan. Butunrossiya davlat televideniyesi va radioeshittirish kompaniyasining targ‘ibotchisi Pavel Zarubin tomonidan e’lon qilingan videoda Prezident atrofini asosan bolalar o‘rab olgani, Putin ular bilan qisqa suhbatdan so‘ng yo‘lida davom etgani aks etgan.
Biroq hodisa joyi yaqinidagi uylar aholisining videolarida Prezidentni kutayotganlar oldindan yig‘ilgani ko‘rinadi. “Insident Novosibirsk” Telegram-kanaliga ko‘ra, bolalar kortej o‘tishidan ancha oldin shu yerga olib kelingan va ayrimlari ikki soatdan ortiq kutgan. Shu vaqt davomida yaqin atrofdagi ko‘chalar yopilgani sabab haydovchilar ham uzoq tirbandlikda qolgan.
E’tiborlisi, uchrashuv yonilg‘isi tugagan Teboil AYOQSHi yonida bo‘lib o‘tgan. Guvohlar videolarida shoxobchadagi yonilg‘i narxlari aks etgan elektron tablo ham o‘chirib qo‘yilgani ko‘rinadi. “Sibirskiy ekspress”ning yozishicha, o‘sha vaqtda mazkur AYOQSHda benzin bo‘lmagan.
Bundan tashqari, Putinning tashrifi kuni Novosibirskdagi eng qimmat benzin sotadigan ayrim AYOQSHlar faoliyati ham vaqtincha to‘xtatilgan. “NDN.Info” nashriga ko‘ra, avval AI-95 benzini litri 125 va 148 rubldan sotilgan “Tatneft” va “Grand” tarmoqlari yonilg‘i sotishni to‘xtatgan. Prezident korteji o‘tadigan yo‘nalishdagi ayrim shoxobchalarda esa narxlar tablosi o‘chirib qo‘yilgan.
“Vot Tak” nashri suhbatdoshlaridan biri Putinning tashrifi kuni ayrim AYOQSHlarda benzin narxlari vaqtincha pasaytirilganini ham aytgan. Avvalroq, Irkutsk va Krasnoyarsk shaharlariga prezident tashrifi arafasida ham yonilg‘i narxlarining qisqa muddatga tushirilgani haqida xabarlar tarqalgan.
Shuningdek, Novosibirsk aholisi ko‘chalarning yopilishi oqibatida yuzaga kelgan tirbandliklardan shikoyat qilgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Akademgorodokdagi talabalar hamda Prezident korteji yo‘nalishidagi uylar aholisi derazadan qarashdan ogohlantirilgan. Guvohlarning videolarida Putinga qurollangan va kamuflyaj kiyimidagi xavfsizlik xodimlari hamrohlik qilgani ham ko‘rinadi.
Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, Putin tashrifi oldidan Novosibirsk markazida asfalt shoshilinch ravishda yangilanib, maysazorlar yotqizilgan, trotuarlar va binolar fasadlari ta’mirlangan.
“Meduza”ning qayd etishicha, Kreml matbuot xizmati Putinning safarlari davomida oddiy fuqarolar bilan “kutilmagan” uchrashuvlari haqida tez-tez materiallar e’lon qiladi. Biroq bunday uchrashuvlarning ayrimlari avval ham sahnalashtirilgani haqidagi da’volar bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yaponiya ham o‘ziniki deya da’vo qiladigan bahsli Kuril orollaridan biri – Iturupga tashrif buyurgan edi.
Live
Barchasi