Volodin Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi
Jamiyat
−
14 mart
31289Rossiya Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin bugun, 14 mart kuni rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi. Bu haqda Rossiya Davlat dumasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vyacheslav Volodin Prezidentga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
“Rossiya va O‘zbekiston hamkorligi – bu milliy manfaatlarni hisobga olgan holda, an’anaviy qadriyatlarga hurmat, umumiy madaniyat va tarixga asoslangan strategik hamkorlar muloqoti”, dedi Davlat dumasi raisi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni, jumladan, xalqaro tashkilotlar doirasida parlament darajasida yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingan. Vyacheslav Volodin Rossiya va O‘zbekiston Prezidentlari tomonidan erishilgan strategik kelishuvlar deputatlarni qabul qilingan qarorlarni qonuniy ta’minlash borasida katta mas’uliyat yuklashini ta’kidlagan.
Davlat dumasi raisi Shavkat Mirziyoyevga Rossiya va O‘zbekiston parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, Vyacheslav Volodin mamlakat rahbariyatining Ikkinchi jahon urushi yillarida sovet xalqi jasoratini abadiylashtirish yo‘lidagi katta hissasini alohida e’tirof etgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan 11-13 mart kunlari Parijda bo‘lib qaytgandi.