Mirziyoyev Toshkentga kelgan parlament rahbarlarini qabul qildi
Jamiyat
−
07 aprel
3120O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Ozarbayjon, Belarus va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari delegatsiyalari rahbarlarini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Raisi Sohiba Gafarova bilan uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon O‘zbekiston yetakchisiga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Iqtisodiy hamkorlik yili doirasida birgalikda samarali ishlar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
“Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirgan. Madaniy-gumanitar tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Erishilgan kelishuvlar ijrosini nazorat qilish va bo‘lajak oliy darajadagi sammitlar uchun yangi takliflar ishlab chiqish maqsadida parlamentlar o‘rtasida yaqin amaliy hamkorlikni va faol almashinuvlarni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova bilan uchrashuv avvalida ham Belarus delegatsiyasi rahbari O‘zbekiston yetakchisiga Aleksandr Lukashenkoning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Shuningdek, ko‘p qirrali O‘zbekiston-Belarus munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tovar ayirboshlash hajmi jadal ortib borayotgani, sanoat va qishloq xo‘jaligida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, hududlar o‘rtasidagi hamkorlik samarali bo‘layotgani, madaniyat, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
“Faol parlamentlararo muloqotni davom ettirish, shu jumladan oliy darajada erishilgan kelishuvlarning parlament nazoratini ta’minlash va o‘z vaqtida bajarilishiga ko‘maklashish muhim ekani ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.
Prezident Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majlisi Raisi Yerlan Koshanov, Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, Tojikiston Respublikasi Majlisi Namoyandagon Raisi Fayzali Idizoda va Turkmaniston Majlisi Raisi Dunyogo‘zal Gulmanova bilan qo‘shma uchrashuv o‘tkazdi.
Yuqori martabali mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘z mamlakatlari yetakchilarining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar, mintaqamizda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro tadbirning ahamiyatini alohida ta’kidladi. Qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, 4 aprel kuni Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti va Iqlim forumining samarali natijalari yuksak baholandi. Oliy va yuqori darajadagi faol muloqotlar alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Yaqinda mintaqada o‘tkazilgan uchrashuvlar, jumladan, chegaralarni delimitatsiya qilish masalalari to‘liq tartibga solingani hamda Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma imzolangani tarixiy ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
“Keyingi yillarda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ko‘p karra oshdi, chegaraoldi savdo zonalari tashkil etilmoqda. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida, shu jumladan mamlakatlarimiz hududlarida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Madaniyat va ta’limda tadbirlarga boy dasturlar ro‘yobga chiqarilmoqda”, deyiladi xabarda.
Uchrashuvda mamlakatlar va xalqlarni yanada yaqinlashtirish, qo‘shma kooperatsiya tashabbuslari va loyihalarini ilgari surish, hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvni kengaytirish maqsadida parlamentlararo muloqotni, shu jumladan qo‘mitalar darajasida mustahkamlash muhim ekani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 7 aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi yalpi majlisida qatnashgan edi. Shundan so‘ng, u Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenkoni qabul qildi. U bilan muloqot davomida Mirziyoyevning Rossiya poytaxti Moskvada bo‘lib o‘tadigan Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etishi ham muhokama qilindi.
LiveBarchasi