Messi xayrlashuv maktubini yozdi

Sport

−

image

39 yoshli futbol yulduzi Lionel Messi Argentina milliy terma jamoasidagi faoliyati davomida uni qo‘llab-quvvatlagan va doimo yonida bo‘lgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilgan maktubida ma’lum qildi.

Kecha, 7 oktyabr kuni Argentina o‘rtoqlik uchrashuvida Beninni 3:0 hisobida mag‘lub etgandi. Ushbu bahs Messining milliy terma jamoa bilan xayrlashuv o‘yini bo‘ldi. Hujumchi uchrashuvda 1 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

“Kecha mening so‘nggi o‘yinim bo‘ldi va men allaqachon shu rangdagi libosni kiyishni sog‘inib ulgurdim. Men to‘g‘ri qaror qabul qilayotganimni bilaman. Bu quvonch va qayg‘ularga boy ajoyib sayohat bo‘ldi. Har bir qadam bunga arzirli bo‘lganini angladim. Aytmoqchi bo‘lgan gaplarim hali juda ko‘p. His qilayotgan barcha tuyg‘ularimni bir necha so‘z yoki bitta xabar bilan ifodalay olmayman”, deb yozdi Messi.

Futbolchi bu yo‘lda oilasi, do‘stlari, jamoadoshlari va murabbiylarining hissasi katta bo‘lganini ta’kidladi.

“Bu safar oilamsiz amalga oshmas edi. Ular doimo yonimda bo‘lishdi va ayniqsa, menga eng kerak bo‘lgan qiyin paytlarda qo‘llab-quvvatlashdi. Do‘stlarim, barcha jamoadoshlarim va murabbiylarim ham men uchun beqiyos ahamiyatga ega bo‘ldi”, deydi argentinalik futbolchi.

Messi, shuningdek, Argentina futboli afsonasi Diyego Maradona xotirasini ham yodga oldi.

“Mamlakatimizni munosib darajaga olib chiqqan va har bir qadamda yonimizda bo‘lgan, hatto osmondan ham bizga yordam bergan Diyegoni unutishni istamayman”, deya qo‘shimcha qildi u.

Ma’lumot uchun, 39 yoshli Messi 2023 yildan buyon MLS vakili “Inter Mayami”da to‘p tepmoqda. U Yevropada “Barselona” va “Pari Sen-Jermen” klublari safida o‘ynagan. Messi Argentina bilan 2022 yilgi Jahon chempionatida, 2021 va 2024 yillarda Amerika Kubogida hamda 2008 yilgi Olimpiadada g‘olib chiqqan. Messi Argentina terma jamoasi safida 208 ta uchrashuvda maydonga tushib, 126 ta gol urgan. U milliy jamoa tarixida o‘tkazilgan o‘yinlar va urilgan gollar bo‘yicha rekordchi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing