Maldini Pirlo bilan bog‘liq janjal sabab iste’foga chiqishi mumkin
Sport
−
27 iyul 1869 1 daqiqa
Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) texnik direktori Paolo Maldini, agar tashkilot Andrea Pirloni milliy terma jamoaning bosh murabbiyi etib tayinlashga to‘sqinlik qilsa, iste’foga chiqish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “La Gazzetta dello Sport” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Maldini FIGC’dagi lavozimni yangi bosh murabbiyni mustaqil tanlash huquqi saqlab qolinishi sharti bilan qabul qilgan. Agar federatsiya rahbariyati Pirlo nomzodini rad etsa, u buni o‘z vakolatlarining cheklanishi sifatida baholashi va lavozimini tark etishi mumkin.
Avvalroq Maldini Antonio Konte va Roberto Manchinilarning nomzodlarini rad etgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ta’kidlanishicha, u Kontening tez-tez klub almashtirishidan norozi bo‘lgan, Manchinining esa 2023 yilda Italiya terma jamoasini tark etganidan keyingi faoliyatini yetarlicha ishonchli deb hisoblamagan.
Xosep Gvardiola bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlanganidan so‘ng, Maldini va federatsiya maslahatchisi Leonardo 47 yoshli Andrea Pirlo nomzodida to‘xtashgan. Ular Pirloning zamonaviy futbol konsepsiyasiga mos kelishiga ishongan.
Biroq Pirloning Rossiya bukmekerlik kompaniyasining global elchisi sifatidagi faoliyati bahs-munozaralarga sabab bo‘lib, uning tayinlanish jarayonini murakkablashtirdi.
Pirlo bu masala yuzasidan bayonot berib, siyosatga aloqador emasligini ta’kidlagan. Shunga qaramay, Italiya futbol federatsiyasi prezidenti Jovanni Malago uning tayinlanishi bo‘yicha jarayonni vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi.
Live
Barchasi