“Qonli yanvar” fojiasi takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaymiz – To‘qayev xalqqa murojaat qildi
Olam
−
13 fevral 2022
14875Xalqning birligi va totuvligi buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu nafaqat davlatning, balki barcha fuqarolarning umumiy burchidir. “Qonli yanvar” fojiasi qayta takrorlanmasligi kerak. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Hazrat Sulton” masjidida xalqqa yo‘llagan murojaatida so‘z ochdi.
Bugun, 13 fevral kuni Prezident To‘qayev “Hazrat Sulton” jome masjidida yanvar voqealarida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi. Prezident qurbonlar xotirasiga Qur’on tilovat qilib, o‘z nutqida bu yil Qozog‘iston xalqi og‘ir sinovlarni boshidan kechirganini ta’kidladi.
“Davlat yaxlitligi, fuqarolar xavfsizligi, mamlakat kelajagi xavf ostida edi. Biz terrorchilar qarshi tura oldik va ularning hujumini qaytardik. Afsuski, bu notinchlik ko‘plab fuqarolarning hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqiqiy fojia. Mening topshirig‘imga ko‘ra, tegishli idoralar har bir ana shunday holatni chuqur o‘rganmoqda. Men uchun inson huquqlarini himoya qilish masalasi juda muhim. Bo‘lib o‘tgan baxtsiz hodisalar butun mamlakatni larzaga soldi”, deydi To‘qayev.
Davlat rahbari Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqea munosabati bilan milliy motam kuni e’lon qilinganini esladi.
“Fojiali voqealardan 40 kun o‘tdi. Qurbonlar xotirasini duo bilan yodga olish uchun masjidga keldim. Halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga yana bir bor chuqur hamdardlik bildirmoqchiman. Davlat sizni muammolaringiz bilan yolg‘iz qoldirmaydi. O‘rnini o‘nglab bo‘lmas talofat ko‘rgan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatma berdim”, deydi Prezident.
To‘qayev “Qozog‘iston xalqiga” jamg‘armasi ham jabrlanganlarga xayriya yordamini ko‘rsatishini aytdi. U ishontirganidek, kelajakda bunday fojianing oldini olish uchun hamma narsa qilinadi.
"Xalqimizning birligi va totuvligi buzilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Bu nafaqat davlatning, balki barcha fuqarolarning umumiy burchidir. Bunday fojia boshqa takrorlanmasligi kerak!", dedi davlat rahbari.
So‘zi yakunida Prezident Qozog‘iston xalqiga sabr-toqat va osoyishtalik, mamlakatga tinchlik va farovonlik tiladi. Shuningdek, u vatandoshlarni yosh avlod manfaati yo‘lida umumiy sa’y-harakatlar bilan Yangi Qozog‘istonni barpo etishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 13 yanvar kuni Qozog‘istonning eng yirik shahri Olmaotada yana norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishchilar Hukumatdan ozodlikdan mahrum qilinganlarning chiqarilishini talab qilmoqda.
"Qonli yanvar" fojiasi
Qozog‘istonda 2022 yilning birinchi kunlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi — mamlakat g‘arbidagi Janaozen va Aqtau shaharlari aholisi suyultirilgan gaz narxining ikki barobar oshishiga qarshi chiqdi. Keyinchalik norozilik namoyishlari boshqa shaharlarga, jumladan, eski poytaxt va Respublikaning eng yirik shahri Olma-otaga ham tarqaldi: u yerda talonchilik boshlandi, namoyishchilar davlat muassasalariga hujum qilishdi, qurol-yarog‘larni olib ketishdi. Bunga javoban rasmiylar 19 yanvarga qadar butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi va aksilterror operatsiyasini boshladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi namoyishlar chog‘ida 1000 ga yaqin odam jarohatlangan. Mamlakat Bosh prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, tartibsizliklar natijasida 4578 kishi jarohatlangan, 225 kishi halok bo‘lgan, ulardan 19 nafari xavfsizlik xizmati xodimlari.
5 yanvar kuni ertalab Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hukumatni iste’foga chiqardi va Xavfsizlik kengashiga o‘zini rahbar etib tayinladi. O‘z rahbarligidagi Xavfsizlik kengashining birinchi yig‘ilishida To‘qayev Qozog‘istondagi vaziyatni davlat yaxlitligiga putur yetkazuvchi deb baholadi va “terrorchilik tahdidini yengishda” KXSHTdan yordam so‘raganini aytdi. KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashi mamlakatdagi vaziyatni normallashtirish uchun Qozog‘istonga kollektiv tinchlikparvar kuchlarni yuborishga qaror qildi.
7 yanvar kuni To‘qayev terrorchilar, jumladan, xorijdan kelganlar ham qarshilik ko‘rsatishda davom etayotganini aytib, qurolini tashlamaganlarni yo‘q qilishga va’da berdi. Bundan tashqari, Prezident fuqarolarning tinch shaklda bildirilgan barcha talablari tinglanganini ta’kidladi.
13 yanvar kuni KXSHT missiyasi muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilindi. 19 yanvar kuni Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Respublikada xorijlik harbiy xizmatchilar qolmaganini ochiqladi.
LiveBarchasi