Farg‘onada 18 yoshli qizni aldab, fohishalikka jo‘natmoqchi bo‘lganlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
24 iyun 4548 1 daqiqa
Farg‘ona viloyatida 18 yoshli qizni aldab, Turkiyaga jo‘natmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyat IIBning uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi odam savdosiga qarshi kurash bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 18 yoshli qizni xorijga jo‘natishga uringan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avval Quva tumanida yashagan, hozirda Turkiyaning Denizli shahrida istiqomat qilayotgan ayol hamda uning Farg‘ona shahrida yashovchi sherigi oldindan til biriktirib, qizlarni xorijga jo‘natish bilan shug‘ullanib kelgan.
Ular Farg‘ona shahrida yashovchi 2008 yilda tug‘ilgan qizni Turkiyada yuqori daromadli ish va’dasi bilan aldab, xorijga olib chiqishga uringan. Qiz taklifga rozi bo‘lgan, biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida ushbu rejaga barham berilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent xalqaro aeraportida 20 yoshli ayolni Dubayga fohishalik uchun yuborayotgan 25 yoshli boshqa ayol qo‘lga olingandi.
Qolaversa, Namangan viloyatida ayollarni xorijga olib chiqib, fohishalikka jalb qilish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi