Energetika tizimi rahbarlari har bir viloyatdagi eng muammoli tumanga biriktiriladi
Jamiyat
−
27 iyul 1988 1 daqiqa
Energetika tizimi rahbarlari har bir viloyatdagi eng muammoli bittadan tumanga biriktiriladi. Bu haqda bugun, 27 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yoqilg‘i-energetika sohasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Yangiyo‘l tumanida yo‘lga qo‘yilayotgan energetika sohasidagi yangi tizim respublikadagi barcha tuman va shaharlarda tatbiq etiladi hamda energetika tizimi rahbarlari har bir viloyatdagi eng muammoli bittadan tumanga biriktiriladi. Ular hokimlar bilan hamkorlikda yil yakuniga qadar ushbu hududlarda yangi ish tizimini yo‘lga qo‘yishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, islohotlar shtabi, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlar, tarmoq va bank rahbarlari hududlarga chiqib, elektr va gaz ta’minotidagi muammolarni joyida o‘rganadi.
Jarayon davomida aholi hamda tadbirkorlarning energiya bilan bog‘liq muammolari tahlil qilinib, mas’ullarga yil yakuniga qadar va kelgusi yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar belgilab beriladi. Ushbu ishlar uchun zarur mablag‘ manbalari ham oldindan ko‘rsatib beriladi.
Bundan tashqari, hududlarda elektr va gaz hisobini yuritish tizimi tahlil qilinib, tarmoqlardagi yo‘qotishlar hamda debitor qarzdorlikni kamaytirish choralari ishlab chiqiladi.
Prezident viloyat va tumanlardagi elektr hamda gaz ta’minoti rahbarlari ishini tanqid qilib, ularning asosiy vazifasi shunchaki jarayonni kuzatish emas, balki aniq natija uchun ishlash ekanini ta’kidladi.
Live
Barchasi