Dunyo yetakchilari Makkada juma namozini o‘qidi (fotoreportaj)

Olam

image

Bugun, 7 avgust kuni Turkiya-Saudiya Arabistoni-Pokiston uch tomonlama mudofaa bitimi imzolanganidan so‘ng Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon va Bosh vazir Shahboz Sharif juma namozini o‘qidi. Bu haqda “Takvim” xabar berdi.

Saudiya Arabistoni, Pokiston va Turkiya Yaqin Sharqda harbiy keskinlik va nizolar kuchaygan sharoitda xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtiruvchi qo‘shma mudofaa bitimini imzoladi.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi va Saudiya Arabistoni davlat OAVlari e’lon qilgan qo‘shma bayonotga ko‘ra, bitimda uch mamlakatdan biriga qilingan qurolli hujum ularning barchasiga qilingan hujum sifatida qaralishi belgilangan.

“Ushbu kelishuv uch davlatning xavfsiz va farovon kelajak yo‘lida jamoaviy xavfsizlikni yanada mustahkamlash hamda mintaqada va undan tashqarida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ilgari surish bo‘yicha umumiy majburiyatini aks ettiradi”, deyiladi bayonotda.

Qayd etish joiz, kecha, 6 avgust kuni Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif va qudratli armiya rahbari Osim Munir Saudiya Arabistoniga tashrif buyurib, Makkada Umra ziyoratini ado etgan.

Bugun, 7 avgust kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Saudiya Arabistoniga uchib kelgan va valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan uchrashgan.

“Makka qo‘shma mudofaa bitimi” deb nom olgan ushbu kelishuv deyarli bir yillik muzokaralardan so‘ng imzolangan. Bitimning Islomning eng muqaddas maskani bo‘lmish Makkada tuzilishi ko‘p yillik ikki tomonlama harbiy aloqalarga asoslangan ushbu paktga ramziy kuch bag‘ishlashi aytilmoqda.

Erdo‘g‘an, bin Salmon va Shahboz Sharif bitimni imzolaganlaridan so‘ng Makkada juma namozini ado etgan.

Pokiston o‘nlab yillar davomida Saudiya kuchlariga ta’lim va texnik yordam ko‘rsatib kelgan, Turkiya va Pokiston esa harbiy kemalar va o‘quv samolyotlarini o‘zaro ayirboshlashgan. 2023 yilda Riyoz Turkiya dronlarini sotib olishga rozi bo‘lgan, Anqara esa buni o‘z tarixidagi eng yirik mudofaa eksporti shartnomasi deb atagan.

“Al Jazeera”ning yozishicha, bu pakt “mohiyatan eng yirik musulmon aholisiga ega uchta davlatni birlashtiradi” va mintaqada “mutlaqo yangi xavfsizlik arxitekturasi” boshlanishini anglatadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing