Byudjet. Teshik tog‘ora
Tahlil
−
13 fevral
10974Har yili davlat byudjeti ishlab chiqiladi, har yili raqamlar oshadi va har yili savollar ham ortadi. 2025 yilda qaysi vazirlikka qancha mablag‘ ajratilyapti? Xarajatlar o‘zini oqlayaptimi? Har yili falon pul ajratilsa ham nega sohalarda o‘zgarish, siljish bo‘lmayapti degan savollar ko‘p beriladi. Ayniqsa, ham pul ajratilsa, ham narxlar oshirilsa va uyingizda “svet” yo gaz bo‘lmasa…
Maqolada byudjet taqsimotini bir necha vazirliklar misolida atroflicha ko‘rib chiqamiz. 1 yanvardan kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, deyarli barcha vazirliklarga o‘tgan yilgidan ko‘proq miqdorda mablag‘ ajratilmoqda.
Masalan, 2024 yilda salkam 50 trillion so‘m olgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga bu yil 59 trillion 164 milliard 225 million so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Masala mohiyati shundaki, ajratilgan shuncha mablag‘ o‘zini oqlayaptimi? Mazkur vazirlik byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar miqdori bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Agar vazirlik byudjetdan ajratilayotgan pullar evaziga ko‘zda tutilgan yillik ishlarni bajarayotgan bo‘lsa, nega ba’zi maktablarda sharoitlar hamon og‘irligicha qolmoqda? Nega ba’zi hududlarda boshlang‘ich sinflar boshqa maktabda, yuqori sinflar boshqa mahalla maktabida o‘qimoqda? Nega ba’zi o‘quvchilar qishda muzlab o‘qishga majbur bo‘lmoqda? QALAMPIR.UZ’ning “Molxonada o‘qiyotgan avlod” sarlavhali surishtiruvida 100 yoki 50 yil oldingi emas, ayni shu kunlardagi holat aks etgan. Ha, biz “yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar” haqida bong urayotgan bir paytda qaysidir maktab o‘quvchilari oyog‘i siniq stul va qiyshiq partada bilim olishga, isinish uchun “otopleniya”ni “quchoqlab” o‘tirishga mahkum. Demakki, 2024 yilda byudjetdan vazirlikka ajratilgan salkam 50 trillion so‘m mablag‘ ham yetmayapti yoki yetkazilmayapti. To‘g‘ri, bir qancha hududlarda yangi maktablar qurilyapti, ammo ularning talabga javob berishi yoki bermasligi alohida masala.
Buni nafaqat faollar, balki farzandini maktabga olib boradigan ota-onalar ham payqamoqda. QALAMPIR.UZ bilan suhbatlashgan ota-onalardan biri ular yashaydigan uyga eng yaqin maktab 4-5 km masofada bo‘lgani bois, farzandlari turli ob-havo sharoitlarida ham qiynalib maktabga borib kelishga majburligini aytmoqda.
“Qishloq joyda yashaganimiz uchun bolalarim uzoqdagi maktabga piyoda borib kelishiga to‘g‘ri keladi, 4-5 km borish va yana shuncha qaytish. Yo‘l ham tekis asfalt emas. Bolalar masofani qisqartirish uchun zovurlar va soylardan o‘tishadi, bu esa xavfli, albatta. Qorli, yomg‘irli, izg‘irinli kunlarda ayniqsa, qiyin. Ammo bilim olish kerak, bormasdan iloj yo‘q. Shuncha uzoqdan qiynalib borganga yarasha maktab ham hamma talabga javob bermaydi. O‘qituvchilari yaxshi, lekin jihozlari kam yoki eski”, deydi ikki farzandi o‘quvchi bo‘lgan ayol.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligidan kam tanqid qilinmaydigan tashkilotlardan yana biri bor. Bu – Sog‘liqni saqlash vazirligi. 2017 yildan to bugunga qadar 5 ta vazirni ko‘rgan vazirlikka 4 trillion 999 milliard 839 million so‘m ajratilmoqda. Bu o‘tgan yilgi summadan salkam 250 milliardga ko‘p. Ma’lumotlar o‘rganilsa, vazirlikka so‘nggi uch yilda 15 trillion so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratilganiga guvoh bo‘lish mumkin. Lekin odamlar ba’zi ko‘riklardan o‘tish, tahlillarni topshirish uchun xususiy klinikalarga murojaat qilishga majbur. Chunki ko‘pincha davlat ko‘p tarmoqli poliklinikalarida bunday apparatlar yoki laboratoriya texnologiyalari yo‘qligi aytiladi. Shuningdek, o‘rin yetishmaganidan yerda yotgan tug‘uruqxonalardagi ayollar va eskiligidan yomon sharoitga kelib qolgan shifoxonalarga o‘nlab misollar keltirish mumkin. Qolaversa, bu dorilarni o‘zimizning pulimizga olganmiz degan vaj bilan qo‘shimcha pul olinadigan “bepul xizmatlar” ham ko‘p. Maosh kamligi bahonasida qilinadigan “oldi-berdilar” esa alohida mavzu. Salomatlik tufayli tez-tez poliklinikaga borib turadigan ayolning aytishicha, apparatlar yetishmasligi ularga qimmatga tushadi.
“Tuman poliklinikasida navbat judayam ko‘p bo‘ladi, soatlab kutamiz, gohida janjal bo‘lib ketadi. Ba’zida esa qanaqadir apparatlar yo‘qligi uchun viloyat markaziga uzoq yo‘l bosib borishga to‘g‘ri keladi. Bunga kun bo‘yi vaqtimiz ham ketadi. Tuman “bolnitsa”si eskirgan, sovuq, ayniqsa yotib davolanadiganlarga qiyin”, deydi u.
Respublikadagi barcha vazirlik va idoralarga ajratiladigan tiyinlarni ham hisobi-yu rasamadini qiladigan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bu yil ham ancha pul ajratilgan – 96 trillion 34 milliard 852 million so‘m, boshqacha aytganda, 7 milliard 391 million AQSH dollaridan ortiq pul. Ma’lumot uchun, vazirlikka o‘tgan yili bundan qariyb 1 trillion 350 milliard so‘m ko‘proq pul berilgandi. Butun boshli davlat moliyasini boshqaruvchi bu vazirlikka davlat qarzini va fiskal xatarlarni boshqarish vazifalari ham yuklatilgan. Xo‘sh, vazirlik o‘ziga yuklatilgan vazifalarni qanchalik uddalay olyapti? Ushbu savolga iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulov quyidagicha javob berdi:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida 2023 yildan boshlab, davlat byudjeti defitsiti summasining nominal yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan edi. Bu xalqaro amaliyotda umumqabul qilingan ko‘rsatkich ham hisoblanadi. Ammo hozirga qadar bu ko‘rsatkichga erishilmadi”.
Shuningdek, professorning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat tashqi qarzining o‘sib borishi allaqachon o‘zining salbiy jihatlarini namoyon qilmoqda.
“O‘zbekistonning tashqi qarzi shiddat bilan o‘sib bormoqda. Bu esa bir kun kelib ichki valyuta bozoridagi xorijiy valyutalarga bo‘lgan talab bilan xorijiy valyutalar taklifi o‘rtasidagi muvozanatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Oqibatda milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi yuz beradi. Buning ustiga tashqi qarzning eng katta qismi davlat byudjeti xarajatlarini moliyalashtirishga yo‘naltirilmoqda. Bu esa inflyatsiyani yanada kuchaytiradi”, deydi u.
“Barcha yo‘llar Rimga eltadi” deganlaridek, vazirliklar, mablag‘lar va byudjet masalasi ko‘tarilar ekan, gap o‘z-o‘zidan Energetika vazirligiga borib taqaladi. Mazkur vazirlikka 2025 yil uchun 123 milliard so‘m ajratildi. “Energetik”lar 2024 yil uchun 333 milliard 765 million so‘m olgan edi. Energetika vazirligi yozda ham, qishda ham doim trendda! Chunki energetika tizimi yerosti va yerusti boyliklariga to‘la O‘zbekiston uchun doim muammoli masala bo‘lib kelgan. Qish kelyapti deguncha gaz muammosi, yoz kelyapti deguncha tok muammosi bir-birini quvib yuradi. Aholini energetik resurslar yetishmasligidan tashqari, ularning narxi va qo‘yilgan limit ham o‘ylantiradi. O‘tgan yilning 1 mayidan to‘lovlar deyarli ikki barobarga oshirilganiga qaramay, hamon bu sohani subsidiyalash davom etmoqda.
Xususan, 2025 yilda byudjet daromadlarining 8,2 foizi sohalarni subsidiyalashga ajratilmoqda. Qizig‘i, umumiy qiymati 28,3 trillion so‘mni tashkil etgan subsidiyaning katta qismi – 12,3 trillion so‘mi energetika sohasiga yo‘naltiriladi. Byudjet loyihasi tasdiqlangan ikkinchi yalpi majlisda senator Anvar To‘ychiyev Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga shu haqda savol bergan.
“Yoqilg‘i, energetika resurslari narxlarini shakllantirish maqsadida bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tilyapti. Savolim shuki, bunday sharoitda sohani subsidiyalash bo‘yicha yondashuvlarimiz ham bozor tamoyillariga mos ravishda o‘zgarib borishi kerak emasmi? Subsidiyalar tariflarga qanday ta’sir ko‘rsatadi?”, degan senator.
Bunga javoban vazir Qo‘chqorov tariflar oshgan bo‘lsa-da, energetika sohasi hamon o‘zini o‘zi qoplaydigan darajaga yetmaganini aytgan.
“Birinchidan, tariflar haligacha xarajatlarni to‘liq qoplaydigan darajaga chiqqani yo‘q. Ikkinchidan, biz gazning ma’lum qismini import qilamiz. Tariflarni o‘zini o‘zi to‘liq qoplaydigan tizimga o‘tkazishdan boshqa iloj yo‘q. Joriy yildan tariflar oshgan bo‘lsa, Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, 2025 yilda ham tariflarni yana bir bor ko‘tarish ko‘zda tutilgan. Kelgusi yil nasib bo‘lsa, 1 apreldan tariflar yana oshadi. Energetikani subsidiyalash 2025-2026 yillarda ham davom etadi, 2027 yilda keskin kamayadi va 2028 yildan to‘xtatiladi”, degan u.
Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, vazirning bu javobi bir necha savollarni paydo qiladi.
“Energetikani subsidiyalash yaqin 3 yilda to‘xtatilmas ekan, nima uchun eng katta subsidiya o‘zlashtirilayotgan tabiiy gaz bo‘yicha eksport to‘xtatilmayapti? Nima uchun ham import, ham o‘zimizda qazilayotgan va byudjetdan subsidiyalashayotgan gaz maxfiy qarorlar va yana kulrang sxemalar bilan eksport qilinmoqda. Oligarxik tuzilmalarning cho‘ntagini to‘ldirishdan tashqari yana qanday iqtisodiy asosi bor buning?”, degan u Telegram kanalidagi postida.
QALAMPIR.UZ bilan suhbatlashgan fuqaroning aytishicha, tarif narxlari ham cho‘ntakka yarasha bo‘lishi kerak.
“To‘g‘ri, energiya – qimmatli resurs. Uni ishlab chiqarish va aholiga yetkazish ham arzon emas, ammo odamlar cho‘ntagi ham shunga yarasha bo‘lishi kerak-da! Bugun maosh oshsa, ertaga narx ham oshadi. Shunda ikki o‘n besh – bir o‘ttizligicha qoladi”, deydi u.
“Azaga kelgan o‘z dardini aytib yig‘laydi” deganlaridek, byudjet loyihasi ko‘rib chiqilayotgan yalpi majlisda ham energetikaning “bedavo” muammolari yodga olingan va qashqadaryolik senator Abdurahim Irkayev odamlarni qiynayotgan tariflar va limitlar masalasini ko‘targan.
“Bir xonali “dom”da uch kishi yashaydiganga ham 200 kVt, to‘rt xonali “dom”da 7-8 kishi bo‘lib yashaydiganlarga ham 200 kVt. Shuningdek, gaz bo‘yicha ham shunday limitlar o‘rnatilgan. Ayniqsa, hovlida yashaydigan oilalarda ehtiyoj va o‘z navbatida xarajat ko‘proq bo‘ladi. Menimcha, bu to‘g‘ri emas. Bu hozir muhokama qilayotgan mavzuyimizga bevosita bog‘liq emas, lekin aholidan tushadigan savolni qo‘shib ketdim”, degan u.
Albatta, byudjet faqat yuqorida aytganimiz 4 vazirlikning o‘ziga ajratilmagan. Boshqalar ham bor. Ma’lumot uchun, byudjet to‘g‘risidagi qonunda 2025 yilda boshqa vazirliklarga ajratilgan mablag‘lar quyidagicha taqsimlangan:
- Suv xo‘jaligi vazirligiga – 10 trillion 410 milliard so‘m; o‘tgan yilda esa 10 trillion 177 milliard 786 million so‘m.
- Transport vazirligiga – 6 trillion 714 milliard so‘m; o‘tgan yilda esa 6 trillion 738 milliard 797 million so‘m.
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga – 6 trillion 280 milliard so‘m; o‘tgan yilda esa 5 trillion 778 milliard 32 million so‘m.
- Sog‘liqni saqlash vazirligiga – 5 trillion 94 milliard so‘m; o‘tgan yilda esa 4 trillion 751 milliard 177 million so‘m.
- Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga – 1 trillion 992 milliard so‘m; o‘tgan yilda esa 1 trillion 842 milliard 683 million so‘m.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligiga – 1 trillion 794 milliard so‘m; o‘tgan yilda esa 1 trillion 864 milliard 176 million so‘m.
- Madaniyat vazirligiga – 1 trillion 172 milliard so‘m; o‘tgan yilda esa 1 trillion 5 milliard 382 million so‘m.
- Sport vazirligiga – 1 trillion 135 milliard so‘m; o‘tgan yilda esa 1 trillion 509 milliard 109 million so‘m.
- Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga – 1 trillion 116 milliard so‘m; o‘tgan yilda esa 917 milliard 419 million so‘m.
- Tashqi ishlar vazirligiga – 1 trillion 27 milliard so‘m; o‘tgan yilda esa 759 milliard 271 million so‘m.
- Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligiga – 1 trillion 9 milliard so‘m; o‘tgan yilda esa 896 milliard 966 million so‘m.
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga – 927 milliard so‘m; o‘tgan yilda esa 826 milliard 658 million so‘m.
- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga – 733 milliard so‘m;
- Raqamli texnologiyalar vazirligiga – 532 milliard so‘m; o‘tgan yilda esa 345 milliard 81 million so‘m.
- Adliya vazirligiga – 322 milliard so‘m; o‘tgan yilda esa 239 milliard 581 million so‘m.
Rejalar tuziladi, pullar ajratiladi. Yil yakunida esa yana hal qilinmagan muammo, yechimini topmagan masala va e’tibordan chetdagi takliflar qolaveradi. Bu har yili shu taqlid davom etadigan holat. Ammo gap byudjet haqida ketar ekan, pullar xalq cho‘ntagidan chiqayotganini unutmaslik kerak.
LiveBarchasi
Trenddagilar

