“Bo‘lajak xotiniga aniq zarbalar berish uchun” mashq qilgan sportchi jazolandi (video)
3-sahifa
−
30 iyul 9276 2 daqiqa
“Bo‘lajak xotiniga aniq zarbalar berish uchun” mashq qilayotgani haqida yozib, Instagram’ga video joylagan sportchi 24,7 mln so‘m jarimaga tortildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Hujjatda keltirilishicha, joriy yilning 26 iyul kuni “Nemolchi” loyihasi rahbari Irina Matviyenko ichki ishlar organiga ariza bilan murojaat qilib, “Salax” ismli sportchi o‘zining Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida zo‘ravonlikni targ‘ib etuvchi video post joylaganini ma’lum qilgan va qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Ma’lum bo‘lishicha, I.S. Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntiga mashg‘ulot jarayoni aks etgan videoni joylashtirgan va izohga “Kelajakda xotinim faqat aniq zarbalarni qabul qilishi uchun mashq qilyapman” degan so‘zlarni yozib qoldirgan. Shu tariqa u tazyiq va zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi kontentni tarqatgani aniqlangan.
Joriy yilning 27 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida I.S. aybiga iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymon ekanini aytgan va qonuniy yengillik berishni so‘ragan.
Sud qarori bilan I.S. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 189-1-moddasida (tazyiqni, zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga ushbu modda bilan bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravari miqdorida (24 mln 720 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda ko‘proq kuzatuvchi yig‘ish uchun mushuk bolasini baland to‘siq orqali otgan yigit jazolangan edi.
Live
Barchasi