Boylar yanada boyiydimi? BMT jahon iqtisodiyotidagi xavfli tendensiyani ochiqladi
Bu qiziq
−
15:14 2125 3 daqiqa
Jahon iqtisodiyoti texnologiyalar, investitsiyalar va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyati davlatlarning siyosiy ta’siriga tobora ko‘proq bog‘liq bo‘lib qoladigan davrga qadam qo‘ymoqda. Bu haqda BMTning Savdo va rivojlanish bo‘yicha konferensiyasi (YUNKTAD) tomonidan 9 oktyabr kuni e’lon qilingan “Trade and Development Report 2026” ma’ruzasida aytiladi.
Yirik davlatlar o‘z mavqeini mustahkamlash uchun savdo va moliyaviy instrumentlardan foydalanmoqda, kichik va rivojlanayotgan mamlakatlar esa arzon xomashyo yetkazib beruvchi hamda qimmatbaho texnologiyalar xaridori bo‘lib qolish xavfi ostida turibdi.
BMT ekspertlari globallashuvning avvalgi modeli sekin-asta o‘zgarayotganini ta’kidlamoqda. Agar ilgari mamlakatlar asosan mahsulot sifati va narxi bo‘yicha raqobatlashgan bo‘lsa, endilikda geosiyosiy ittifoqlar, davlat subsidiyalari, eksport cheklovlari va strategik texnologiyalar ustidan nazorat tobora muhimroq rol o‘ynamoqda.
Ayniqsa, sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari, kamyob va boshqa o‘ta muhim minerallar, shuningdek, yashil energetika texnologiyalari atrofida keskin kurash bormoqda. Shu bilan birga, texnologik rivojlanishdan keladigan asosiy foyda cheklangan sonli davlatlar va eng yirik korporatsiyalar qo‘lida to‘plangan.
YUNKTAD bosh kotibi vazifasini bajaruvchi Pedro Manuel Morenoning aytishicha, sun’iy intellekt mikrochiplar, serverlar, raqamli infratuzilma va strategik xom ashyoga bo‘lgan talabni oshirib, jahon savdosi va investitsiyalarining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanmoqda. Biroq raqobat uchun zarur bo‘lgan texnologiyalar, kapital va malakali mutaxassislar bozorning juda kam sonli ishtirokchilarida jamlangan.
Oqibatda rivojlanayotgan davlatlar yuqori texnologik ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan resurslarni eksport qilib, keyin tayyor texnologiyalarni import qilish, ammo yaratilayotgan qo‘shilgan qiymatning arzimas qismini olish xavfi yuzaga kelmoqda.
Misol tariqasida YUNKTAD Afrikani keltiradi. Kongo Demokratik Respublikasi dunyodagi kobaltning taxminan 73 foiziga egalik qiladi, biroq yashil texnologiyalarning global ishlab chiqarish zanjirida yaratilgan qiymatning 1 foizdan kamroq qismi Afrika qit’asida qoladi.
Yana bir tendensiya jahon savdosi geografiyasining o‘zgarishi bo‘lmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo 2024 yilga nisbatan 20 foizdan ko‘proqqa qisqardi. Bir vaqtning o‘zida Sharqiy Osiyo mamlakatlari har ikkala eng yirik iqtisodiy markazlar bilan savdo aloqalarini kengaytirmoqda.
Ekspertlarning hisoblashicha, global ishlab chiqarish zanjirlarining qayta qurilishi rivojlanayotgan mamlakatlar uchun muayyan imkoniyatlarni ochadi. Biroq ulardan birinchi navbatda investitsiyalarni jalb qilish, o‘z sanoatini rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishga qodir davlatlar foydalana oladi.
Shu bilan birga, moliyaviy xavf-xatarlar kuchaymoqda. Qarz olish qiymatining oshishi, xalqaro kapital bozorlarining beqarorligi va rivojlanayotgan mamlakatlarga yordamning qisqarishi yangi ishlab chiqarishlar va infratuzilmani moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklamoqda.
BMTning qayd etishicha, rivojlanayotgan davlatlar faqat xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va xomashyo eksporti bilan cheklanib qolmasdan, texnologiyalarni transfer qilish, o‘z mutaxassislarini tayyorlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega ishlab chiqarishlarni yaratishga erishishlari zarur.
Ma’ruzaning asosiy xulosasi shundan iboratki, yangi jahon iqtisodiyotida shunchaki xalqaro savdoga chiqishning o‘zi yetarli emas. Mamlakatning mustaqil ravishda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, texnologiyalarni rivojlantirish va iqtisodiyot ichida yaratilgan qiymatning katta qismini saqlab qalish qobiliyati tobora katta ahamiyat kasb etmoqda.
Live
Barchasi