Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Allamjonovga suiqasd ishi. Bir chechenistonlikka nisbatan Interpol qidiruvi to‘xtatildi

Olam

image

O‘tgan yil oxirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan qotillikka suiqasd qilish bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida Rossiya Federatsiyasi fuqarolari Bislan Rasayev va Shamil Temurxonov Interpol qidiruviga berilgani xabar qilingan va Bosh prokuratura buni tasdiqlagandi.

Endilikda esa Bislan Rasayev O‘zbekiston tomonidan qidiruvga berilgan shaxslar ro‘yxatidan olib tashlandi. Buni Interpolning rasmiy saytidan ham ko‘rish mumkin. Interpol saytidan shuni anglash mumkinki, O‘zbekiston tomonidan 31 yoshli Shamil Temirxonov va 40 yoshli Feruz Ahmadjonov qidirilmoqda. Ahmadjonovning esa Allamjonovga suiqasd ishiga aloqadorligi ma’lum emas. 

Shamil Temirxonov qonunga xilof ravishda mamlakatga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik hamda o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasi kabi jinoiy harakatlarni sodir etganlikda gumonlanayotgan bo‘lsa, Feruz Ahmadjonov odam savdosida gumonlanmoqda.

Bislan Rasayevning bu ro‘yxatdan olib tashlangani u qo‘lga olinganini anglatadimi yoki boshqa sabablarga ko‘ra uni qidirish to‘xtatilganmi, ma’lum emas. O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari bu borada hozirgacha rasmiy axborot e’lon qilmadi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev Ramzan Qodirovning O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashishi, shuningdek, o‘zbek davlat amaldorlari – Komil Allamjonov va Dmitriy Liga nisbatan tahdid qilishini mutlaqo qoralashini bildirgan va u O‘zbekiston xalqidan ochiqdan-ochiq uzr so‘rashi, shu bilan birga, agar u do‘st bo‘lsa, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga qidiruvda bo‘lgan Bislan Rasayev va Shamil Temurxonovni topishda amaliy yordam berishi va ularni O‘zbekistonga topshirishi kerakligini aytgandi.

Allamjonovga suiqasd 

2024 yil 26 oktyabr kuni soat 01:40 larda fuqaro S.S.ning boshqaruvidagi Range Rover rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar noma’lum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar quroldan bir necha marotaba o‘q uzib, noma’lum tomonga yashiringan. Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan.

Suiqasdda ayblangan Allamjonovning xodimlari jazodan norozi north_east

Suiqasdda ayblangan Allamjonovning xodimlari jazodan norozi

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Jinoyat kodeksining 25, 97- (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248- (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Bosh prokuratura, Toshkent viloyati, Toshkent shahar, Harbiy, Transport prokuraturalari hamda IIV, viloyat, Toshkent shahar IIBB, Bojxona qo‘mitasi xodimlaridan iborat tarkibda tergov-tezkor guruhi tuzilgan.

Prezident Administratsiyasi mulozimi darajasidagi odamga suiqasd O‘zbekistonning yaqin 25-30 yillik tarixida ko‘zga ko‘rinmagan, quloq bilan eshitilmagan holat bo‘ldi. Bu ish ko‘pchilikda xavotir ham uyg‘otdi. 2019 yildan beri O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi sifatida ishlab kelayotgan, general-leytenant Abdusalom Azizov, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i polkovnik Ahrorjon Halimjonovich Atxamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik Doniyor Baxtiyorovich Toshxo‘jayev, Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Temur Akramovich Sobirov, Davlat xavfsizlik xizmatining Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan polkovnik Alijon G‘aniyevich Ashurov, O‘zbekiston Bosh vazirining yordamchisi – Bosh vazir qabulxonasining mudiri vazifasida ishlab kelayotgan Sarvar G‘aniyevich Ashurovlarning lavozimidan ozod qilinishi aynan sobiq administratsiya mulozimi Komil Allamjonovga nisbatan uyushtirilgan suiqasd va bu ishning tergovi bilan bog‘lanmoqda. Albatta, yuqorida nomini sanaganimiz qudratli kursilardan olingan shaxslarning nima uchun ishdan olingani haqida aniq gap aytilganicha yo‘q. Qolaversa, bu ishlar Allamjonov bilan bog‘liqmi yo‘qmi degan savolga aniq va rasmiy javob berilmadi. Ammo Allamjonov voqeasiga oid shu vaqtgacha tarqalayotgan norasmiy xabarlar sekin-asta o‘z tasdig‘ini topmoqda.

Shuningdek, OAVda O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Liga ham suiqasd qilingan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga qilingan suiqasddan ko‘p o‘tmay sodir bo‘lgan bu voqea ham Allamjonovga daxldorligi aytilmoqda. 

Suiqasdni amalga oshirganlikda ayblanib, ikki rossiyalik chechen fuqarosi O‘zbekiston tomonidan Interpol qidiruviga berildi. Bular:

  • Bislan Rasayev 1988 yil 26 may kuni Rossiyada tug‘ilgan. Avvalroq u Ukraina hududida qurolli to‘qnashuv qilganlikda ayblangan.
  • Shamil Temurxonov 1993 yil 10 avgust kuni Rossiyada tug‘ilgan. Bo‘yi 1 m 90 sm. Vazni 90 kg.

Qidiruvga berilgan har ikki erkak toifasi qizil bo‘lib, bu o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlikni anglatadi.

Mazkur voqealar fonida Checheniston rahbari Ramzan Qodirov bayonot bilan chiqib, suiqasdga uchragani aytilgan shaxslar Komil Allamjonov va Dmitriy Liga ochiqchasiga tahdid qildi.

"Komil Allamjonov va Dmitriy Liga qurbonlar rolini o‘ynamaslikni tavsiya qilaman. Nimani rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, o‘z vaqtida to‘xtatganingiz ma’qul, aks holda siz barcha intrigalar, tuhmatlar va taxminlar uchun javob berishingiz kerak bo‘ladi. Va endi men an’analarimizga ko‘ra javob haqida gapiryapman”, deya tahdid qilgan Ramzan Qodirov.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev esa Ramzan Qodirovning O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashishi, shuningdek, o‘zbek davlat amaldorlariga nisbatan tahdid qilishini mutlaqo qoralashini bildirdi va u O‘zbekiston xalqidan ochiqdan-ochiq uzr so‘rashi, shu bilan birga, agar u do‘st bo‘lsa, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga qidiruvda bo‘lgan Bislan Rasayev va Shamil Temurxonovni topishda amaliy yordam berishi va ularni O‘zbekistonga topshirishi kerakligini aytdi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev esa har bir Checheniston fuqarosini O‘zbekistonga kirishini qat’iy tekshirishga chaqirdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov Interpol Bislan Rasaev Shamil Temurxonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing