Aholi vahimada: Kongoda 14 kishi noma’lum kasallik qurboni bo‘ldi
Olam
−
23 iyun 2099 2 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasi g‘arbidagi Kvilu provinsiyasining bir nechta qishloqlarida noma’lum kasallik ikki hafta ichida 14 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Bu haqda “Africa-info” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Kongo g‘arbida noma’lum kasallik avj olishi ortidan xavotir kuchaymoqda. Bir nechta qishloq aholisi o‘lim holatlari haqida xabar bermoqda, oilalar esa kasallik yanada tarqalishidan qo‘rqib, o‘z uylarini tashlab ketyapti.
Nashrning yozishicha, kasallik tarqalishi haqidagi ma’lumotlarni hudud deputati Jak Ilunga va mahalliy shifokorlar keltirgan. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki hafta ichida kamida 14 kishi ushbu kasallik qurboniga aylangan. Vaziyat aholi o‘rtasida ommaviy vahimaga sabab bo‘lgan. Ba’zi oilalar jabrlangan aholi punktlarini tark etib, qo‘shni hududlarga ko‘chib o‘tishni boshlagan.
Shu bilan birga, provinsiyaning sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Bena Mutuyya halok bo‘lganlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytgan.
“Qurbonlar soni 20 kishiga yetishi mumkin”, deydi u.
Jak Ilunga davlat organlariga murojaat qilib, jabrlangan qishloqlarga zudlik bilan sanitariya brigadalarini yuborishni so‘ragan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar kasallik sababini aniqlash uchun biomateriallar namunalarini olishi va laboratoriya tadqiqotlarini o‘tkazishi zarur.
Hozircha Kongo Demokratik Respublikasi rasmiylari kasallik qo‘zg‘atuvchisining tabiati va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf ko‘lami haqida rasmiy bayonot bergani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasining sharqida davom etayotgan Ebola epidemiyasida tasdiqlangan kasallanish holatlari soni 1 003 nafarga yetgani va ulardan 254 nafari vafot etgani haqida xabar qilingan edi.