1 noyabrdan ikkita soliq bo‘yicha imtiyozlar qisman bekor qilinadi
Jamiyat
−
17 iyul 2020
12039O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Yer resurslari va davlat mulki ob’ektlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolandi.
2020 yil 1 noyabrdan Soliq kodeksida nazarda tutilgan quyidagi imtiyozlar bekor qilinadi:
a) yer solig‘i bo‘yicha egallagan yer uchastkalari:
• sog‘lomlashtirish hamda dam olish joylari, turizm uchun joylar, xususan dam olish uylari;
• aholining ommaviy dam olishi va turizm uchun joylar, agar ular tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan bo‘lsa;
• sanatoriy-kurort ob’ektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan bo‘lsa;
b) mol-mulk solig‘i bo‘yicha sanatoriy-kurort xizmatlari ko‘rsatish uchun foydalaniladigan ko‘chmas mulk ob’ektlari, agar ular turistik zonalarda joylashgan bo‘lsa.
Tegishli ravishda, 1 noyabrdan foydalanilmayotgan maydonlarga nisbatan yer solig‘ining oshirilgan stavkalarini qo‘llash tartibi yuqorida sanab o‘tilgan yer uchastkalariga tatbiq etiladi. Foydalanilmayotgan sog‘lomlashtirish va rekreatsion yer maydonlari uchun oshirilgan soliq stavkalarini qo‘llash mexanizmi ikki oy muddatda ishlab chiqilishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 1 apreldan 31 dekabrgacha bo‘lgan muddatda foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun mo‘ljallangan inshootlariga, shu jumladan 1 aprelga qadar aniqlanganlarga nisbatan mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining oshirilgan stavkalarini qo‘llash, shuningdek ko‘rsatilgan soliqlar bo‘yicha oshirilgan stavkalarni qo‘llash natijasida yuzaga kelgan qarzdorlikka nisbatan penya hisoblash va majburiy undirish choralarini ko‘rish tartibi to‘xtatilgan (3.04.2020 yildagi PF-5978-son Farmonning 4-bandi «v» kichik bandi). Sub’ekt koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida joriy etilgan cheklovlar tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan holatda mazkur norma qo‘llaniladi.
Jo‘qorg‘i Kenges hamda xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga turistik zonalarda alohida sanatoriy-kurort ob’ektlari egallagan yerlar uchun mol-mulk solig‘i va yer solig‘ining kamaytirilgan stavkalarini qo‘llash yoki ushbu soliqlarni to‘lashdan ozod etish vakolati berildi.
Byudjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav fondida davlat ulushi miqdori 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, ularning tarkibiy bo‘linmalariga tegishli bo‘lgan aholining dam olish va salomatligini tiklash bilan bog‘liq idoraviy dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa ob’ektlar (bolalar dam olish lagerlaridan tashqari) bosqichma-bosqich xususiy sektorga realizatsiya qilinadi:
• Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 1 sentyabrga qadar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan ob’ektlar bo‘yicha takliflarini kiritishi lozim;
• Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda respublikaning boshqa hududlarida joylashgan ob’ektlar bo‘yicha takliflarni kiritishi lozim.
Moliya vazirligi tomonidan 2021 yil uchun Davlat byudjeti loyihasini tayyorlashda respublikaning turistik zonalaridagi alohida yer uchastkalari, shu jumladan jismoniy shaxslar foydalanishida bo‘lgan 1 gektardan ortiq yer uchastkalari uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer solig‘ining 3 baravarigacha oshirilgan stavkasini belgilash imkoniyati nazarda tutilishi lozim.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15