Hokim murojaati! Andijonda ayrim korxona va sexlar karantin tugamasdan faoliyatini boshlaydi
Jamiyat
−
16 aprel 2020
9001Andijon viloyatida ayrim korxona va sexlar faoliyatini qayta boshlashga ruxsat beriladi. Bu haqda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov o‘z murojaatida aytib o‘tdi. Abdurahmonov tadbirkorlar sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilgan holda faoliyatini qo‘rqmasdan boshlashi kerakligini uqtiradi.
“Tadbirkorlar, sizlardan iltimos qilaman. Qay biringizning trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarayotgan 50-60 kishi ishlaydigan sexlaringiz bor. Biz joylardagi rahbarlarga topshiriq berdik. Sizlar qo‘rqmasdan sexingizda ish faoliyatingizni yurgazing. Biz ish joyingizga sanitariya-epidemiologiya markazi va sog‘liqni saqlash tizimidan xodim ajratib beramiz. Ular korxona eshigi tagida turadi, kirayotgan har bir xodimning isitmasini o‘lchaydi, qolaversa, gigiyena talablariga amal qilgan holda ish joyiga kirib chiqishigacha nazorat qilishadi.
Tushuninglar axir, hammamiz yotaveradigan bo‘lsak... qachongacha yotamiz? Qanday qilib qorin to‘ydiramiz? Qanday qilib iqtisodiyotimiz boyidi? (byudjet pul tushumlari nazarda tutilmoqda – tah.) Bu degani hammayoq bo‘ldi degani emas (mavjud korxonalarning barchasi birdan ishga tushmaydi – tah.). Lekin, yana bir marta aytaman, 15, 30, 50 nafar odam ishlatayotgan, minglab odamlarni ishlatayotgan korxona, tadbirkorlarimiz bor edi.
Endi karantin ekan, deb yopib, yotavermasdan, nima masalangiz bo‘lsa, kredit kerak bo‘lsa yoki olingan kreditlaringizning muddatini cho‘zish kerak bo‘lsa, davlat va biz tomondan qanday yordam kerak bo‘lsa, ayting. Muhtaram Prezidentimizning tadbirkorlarni shunday vaqtda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha, soliqlardan imtiyoz berish va boshqalar bo‘yicha 2 ta farmoni chiqdi”, deydi viloyat hokimi.
Shuhrat Abdurahmonov, shuningdek, hokimliklarga bir qancha fuqarolar ishsiz qolgani yuzasidan murojaat qilganini aytadi.
“Marhamat qilib, men viloyat rahbari sifatida aytyapman, korxonangizda gigiyena talablariga amal qilgan holda faoliyatingizni boshlang. Biz xodim ajratishga, nazorat qilishga tayyormiz. Hayot davom etishi kerak. Sababi, ko‘pchilik fuqarolarimiz bizga murojaat qilyapti. Biz ishlayotgan edik, oylik olib kunimiz o‘tayotgandi va ish joyimiz yopilib qoldi deyishmoqda.
Mana yana bir marta aytyapman, faqat gigiyena talablariga amal qilgan holda marhamat qilib faoliyatingizni yurgizing”.
Shuhrat Abdurahmonov ko‘ra, boshqa tashkilot-muassasalarda karantin talablari davom ettiriladi. Viloyat hokimi sifatida faoliyatini yuritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
“Lekin maktab, bog‘cha, institut, kollej kabi tashkilotlarning ayrim xodimlari ishlashi va 65 yoshdan o‘tgan fuqarolarimizning ko‘chaga chiqishi qat’iyan man etiladi.
Iltimos qilaman, otajonlar va onajonlar! Yoshi ulug‘ otaxon-onaxonlarimiz hammangiz duo qilib, Xudodan tilab, bu balo tezroq O‘zbekistonimizni tark etishini so‘rab uylaringizda o‘tiring. O‘quvchi yoshlarimiz, iltimos qilaman, chiqmanglar ko‘chaga! Uyingizda o‘tirib, o‘sha onlayn darsingizni o‘ting, uyingizda o‘tirib, ota-onangizga, tomorqasiga qarashing. Uyingizdan chiqmang!
Lekin haligi korxona, tadbirkorlarimizga qayta-qayta aytyapman. Iqtisodiyot davom etishi kerak. Buni yana 15-25 kun o‘tiramiz deb hech kim kafolat bermaydi. Biz qanaqa yordam kerak bo‘lsa, qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Faoliyatingizni ishga tushirib, mana shu gigiyena talablariga javob beradigan tizim qilib berish uchun, men viloyat va shtab rahbari sifatida xodim ajratib berishga ham, qanday yordam kerak bo‘lsa, berishga ham tayyorman.
So‘zimning oxirida, yana bir marta aytyapman, Xudodan tilaymiz, ilohim, qadrli andijonliklar, hamyurtlar, otajonlar, onajonlar, opajonlar, singiljonlar, akalar va ukalar. Iltimos, kelinglar, gigiyena talablariga amal qilaylik, har xil yig‘in qilmaylik. U yer-bu yerda eshitib qolyapmiz, zerikdik deb ko‘chaga chiqayotganlarni va zerikdik deb 4-5 kishi bo‘lib to‘planayotganlarni. Qat’iy chora ko‘rishga majburmiz. Majburmiz!
O‘zingizning salomatligingizni, oilangiz, farzandlaringiz uchun, yurtimiz tinchligi uchun amal qilishga hammangiz majbursiz. Sog‘ bo‘linglar”, deydi viloyat hokimi o‘z murojaatida.
LiveBarchasi