Hindistonda zavod portladi. 25 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
20 aprel 2845 2 daqiqa
Hindiston janubidagi Taminladu shtatida joylashgan pirotehnika vositalari ishlab chiqariladigan zavodda yirik portlash sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘lgani, 4 nafar ishchi esa jiddiy jarohat olgani aytilmoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qayd etilishicha, portlash kecha, 19 aprel kuni kechqurun Virudxunagar shahridagi Vanyaja mushakbozlik sanoati hududida sodir bo‘lgan. Rasmiylarning aytishicha, portlash yuz bergan paytda ishchilarning ish vaqti yakunlangan bo‘lsa-da, ular ishlayotgan bo‘lgan. Ichkarida 50 ga yaqin inson qolgan.
Mahalliy politsiyaning xabar berishicha, zavodda 2 marta yirik portlash sodir bo‘lgan. Birinchi portlash juda kuchli bo‘lgan va o‘nlab insonlar vafot etgan. Ikkinchi portlash esa qutqaruv jarayonida yuz bergan. Unda 13 kishi jiddiy kuyish bilan mahalliy shifoxonaga jo‘natilgan.
Hodisa guvohlaridan birining aytishicha, zavod oldidagi ayvonda 25 ishchi ishlayotgan bo‘lgan. Ayvon butunlay portlab ketgan va kamida 3 ta xona va binoning bir qismi butkul yonib ketgan.
Voqea joyida o‘rganish hamda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Halok bo‘lganlarning 22 nafarining shaxsi aniqlangan – ularning aksariyati ayollar bo‘lgan. Ba’zi xabarlarga ko‘ra, portlash kuchli bo‘lganligi tufayli bir nechta jasad tanib bo‘lmas darajada kuyib ketgan.
Politsiyaning xabar berishicha, zavod egasi va ish boshqaruvchi ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ikkalasi ham yashiringani bois ularni topish va hibsga olish uchun to‘rtta maxsus guruh tuzilgan.
Yana bir qoidabuzarliklardan biri – zavodda yakshanba dam olish kuni bo‘lsa-da, ishchilar surunkasiga ishlashga majbur qilingan. Zavod qonuniy litsenziyaga egaligi aytilgan bo‘lsa ham, unda talabga javob beradigan xavfsizlik sharoitlari yaratilmaganligi bois mahalliy aholi uning haqiqiyligiga shubha bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyadagi zavodlardan birida kuchli yong‘in chiqqani haqida xabar berilgan edi.
Hojiakbar Muhammadjonov
Live
Barchasi