Zilzila sabab Istanbulda maktab va oliygohlar yopildi
Olam
−
23 aprel 4992 2 daqiqa
Turkiyaning Istanbul shahridagi maktab va universitetlarda ta’lim 2 kunga to‘xtatildi. Bu haqda bugun, 23 aprel kuni Turkiya Milliy ta’lim vaziri Yusuf Tekin xalqqa yo‘llagan bayonotida so‘z ochdi.
“Maktablarimizdan faqat ikkitasining tashqi gipsida yoriqlar bor. Bundan tashqari, bizda hech qanday muammo yo‘q. Hozirgina Ichki ishlar vaziri bilan gaplashdim. Ertaga va ertadan keyingi kunlarda maktablarni yopishimizni so‘rashdi”, degan u o‘z bayonotida.
Shu bilan birgalikda, Yusuf Tekin maktab bog‘lari omma uchun ochiqligini aytgan.
“Istanbulda sodir bo‘lgan va qo‘shni shaharlarda ham sezilgan zilziladan so‘ng hozirgacha maktablarimizda jiddiy salbiy holatlar kuzatilmagan. Xavfsiz hududlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, maktab hovlilarimiz barcha fuqarolarimiz foydalanishi uchun ochiq. Umid qilamanki, butun xalqimiz tez orada tuzalib ketadi”, degan vazir.
Istanbulda zilzila
Bugun, 23 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:49 da Turkiyaning Istanbul shahrida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. U Silivri tumani sohilida sodir bo‘lgan. Zilzila qo‘shni viloyatlarda ham sezilgan. Zilzila epimarkazi 6,99 kilometr chuqurlikda joylashgan. Qolaversa, 6,2 magnitudali birinchi zilziladan keyin magnitudasi 3,1 dan 4,9 gacha bo‘lgan o‘nta aftershok qayd etildi. Soat 12:51 da yerosti silkinishi (5,9) qayd etilgan. Undan keyin 4,4, 4,8, 4,5 va 4,9 magnitudali zilzilalar kuzatilgan. 13:07 dan boshlab silkinishlar kuchi 3,4 dan 3,1 gacha pasayishni boshlagan. Mahalliy mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, yerosti silkinishlari hali davom etishi mumkin.
Ushbu zilzilalar paytida 151 kishi qo‘rquv sabab balandlikdan sakragan holda tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Istanbul gubernatorligi ma’lumotiga ko‘ra, zilzila oqibatida hech kim halok bo‘lmagan. O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mahalliy favqulodda xizmatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, vaziyatni kuzatishda davom etayotgani va jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Istanbul shahridagi ketma-ket ro‘y bergan zilzilalardan so‘ng, shaharni tark etishni xohlovchilar soni ortgani va aviachiptalar narxi keskin oshib ketgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi