Juda kuchli terma jamoa bilan muzokara olib boryapmiz – Kannavaro
Sport
−
13:46 5700 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro oldinda turgan Osiyo kubogiga tayyorgarlik ko‘rish mobaynida kuchli terma jamoalar bilan muzokaralar ketayotganini aytdi. Bu haqda Kannavaro bugun, 5 avgust Jahon chempionati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Italiyalik mutaxassisning aytishicha, u O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasidan doimo kuchli raqiblarga qarshi o‘yinlar tashkil etishni so‘raydi.
“O‘FAdan har doim kuchli terma jamoalarga qarshi bahslar tashkil etishni so‘rayman. FIFA kunlarida aynan shunday jamoalarga qarshi uchrashuvlar kutib turibdi. Faqat kuchli raqiblarga qarshi o‘ynabgina o‘z darajangizni oshirishingiz mumkin. FIFA reytingi ham muhim, ochkolar yig‘ish kerak. Ammo asosiy maqsadimiz terma jamoani yanada kuchaytirish bo‘lishi lozim”, deydi Kannavaro.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi yaqin oylarda Janubiy Koreyaga qarshi maydonga tushadi. Shuningdek, Toshkentda Eron milliy terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazish bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
“Biz Janubiy Koreya terma jamoasi bilan o‘ynaymiz. Hozir O‘zbekistonda Eronga qarshi o‘rtoqlik o‘yini tashkil etish bo‘yicha muzokaralar ketmoqda. Shuningdek, juda kuchli top terma jamoa bilan ham muzokara olib boryapmiz. Noyabr oyida ham bizni yaxshi o‘rtoqlik bahslari kutib turibdi”, deydi bosh murabbiy.
Kannavaro matbuot anjumanida maydondagi muloqot masalasiga ham to‘xtalib, bu jihatni jamoaning asosiy kamchiliklaridan biri sifatida baholadi.
“Futbolchilar o‘yin paytida bir-biri bilan deyarli gaplashmaydi, bir-biriga ko‘rsatma bermaydi. Maydonda kommunikatsiya juda muhim”, deydi O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo DRga qarshi o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchrab, 0 ochko bilan mundialni yakunlagandi.
Live
Barchasi