JSST “Tolibon” qo‘liga o‘tgan Afg‘onistonga birinchi marta yordam jo‘natdi
Olam
−
31 avgust 2021
7212Afg‘oniston “Tolibon” harakati nazorati ostiga o‘tganidan so‘ng, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mamlakatga birinchi marta tibbiy materiallar yubordi.
“Dushanba kuni Dubaydan (BAA) Mozori-Sharifga 12,5 tonnaga yaqin turli xil yuklar samolyotda yetkazib berildi”, deb xabar bergan JSSTning Jenevadagi bosh qarorgohi.
Ta’kidlanishicha, JSSTning dori-darmonlari va materiallari bo‘lgan samolyot kecha, 30 avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:25 da qo‘ngan. Bu mamlakat “Tolibon” nazorati ostiga o‘tganidan beri Afg‘onistonga havo orqali jo‘natilgan birinchi tibbiy yordamdir.
“Biz Afg‘onistondagi sog‘liqni saqlash muassasalari zaxiralarini qisman to‘ldirishga muvaffaq bo‘ldik va JSST tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan sog‘liqni saqlash xizmatlari hozircha o‘z faoliyatini davom ettirishini ta’minladik”, degan JSSTning O‘rta yer dengizi bo‘yicha mintaqaviy direktori Ahmad Al-Mandari.
Qayd etilishicha, 12,5 tonna turli xil tibbiy buyumlar, shu jumladan yaradorlarni davolash uchun mablag‘ yetkazib berilgan. Bu 200 ming kishiga sog‘liqni saqlashning asosiy xizmatlarini ko‘rsatish uchun yetarli.
Ta’kidlanishicha, tibbiy asbob-uskunalar Afg‘onistonning 29 viloyatidagi 40 ta sog‘liqni saqlash muassasalariga topshiriladi.
JSSTga ko‘ra, samolyot Pokiston tomonidan taqdim etilgan. U Afg‘onistonga tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berish rejalashtirilgan uchta reysning birinchisi hisoblanadi.
LiveBarchasi