Jeff Bezos va uning rafiqasi Maui oroli uchun 100 million dollar ajratmoqchi
Olam
−
12 avgust 2023
5701Amazon asoschisi Jeff Bezos va uning turmush o‘rtog‘i Loren Sanches Maui orolidagi tiklanish ishlari uchun 100 mln AQSH dollari ajratmoqchi. Bu haqda CNN ma’lum qildi.
8 avgust kuni Gavayining g‘arbida joylashgan Maui orolida o‘rmon yong‘inlari yuzaga kelgan. “Dora” to‘foni sabab kuchli shamol olovni kuchaytirgan. Oqibatda Laxaina shahridagi uylar vayron bo‘lgan. Minglab aholi o‘z uylarini tark etgan. Rasmiylarning ma’lum qilishicha, shaharni kulga aylantirgan yong‘in oqibatida kamida 36 kishi halok bo‘lgan.
“Jeff va men Maui orolida sodir bo‘layotgan voqealardan xafa bo‘ldik. Biz juda ko‘p jabrlangan oilalar va vayron bo‘lgan hududdan tashvishdamiz. Biz jamg‘arma tuzyapmiz va Mauiga hozir va kelgusi yillarda oyoqqa turishiga yordam berish uchun 100 million dollar ajratmoqchimiz” deb yozdi Sanches o‘zining Instagram sahifasida.
Ma’lumot uchun, Bezosning boyligi 163 milliard dollarga teng. Bu summa uni dunyoning uchinchi eng boy odamiga aylantirdi.
Bezos esa noyabr oyida bergan intervyusida boyligining asosiy qismini xayriya qilishni rejalashtirayotgani va u pulni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash va insoniyatni birlashtira oladigan odamlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflamoqchi ekanini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, Amazon asoschisi Jeff Bezos va mashhur aktyor Leonardo Dikaprio Amazon o‘rmonlarini asrab qolish uchun xayriya mablag‘i ajratmoqchi ekanini bildirgan.
LiveBarchasi