Jeff Bezos “Liverpul”ni sotib olishi mumkin
Sport
−
23 iyul 1513 2 daqiqa
Amazon asoschisi Jeff Bezosga Angliyaning “Liverpul” futbol klubidan ulush sotib olish bo‘yicha muzokara olib borayotgan konsorsium tarkibiga qo‘shilish taklif qilindi. Bu haqda “The Guardian” nashrlari xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Kuinz Park Reynjers” klubining sobiq hamegasi Amit Bxatia boshchiligidagi konsorsium “Liverpul” egasi hisoblangan Fenway Sports Group (FSG)ning klubdagi taxminan 30 foizlik ulushini 1,35 milliard funt sterlingga, ya’ni qariyb 1,8 milliard dollarga sotib olish bo‘yicha dastlabki taklif bilan chiqqan.
Ayni paytda konsorsium bitimni moliyalashtirish uchun qo‘shimcha sarmoyadorlarni jalb qilishga harakat qilmoqda.
FSG Bxatia boshchiligidagi guruh bilan “Liverpul”ga strategik minoritar investitsiya kiritish masalasida muzokaralar o‘tkazilganini tasdiqlagan. Shu hafta boshida hindistonlik milliarder Lakshmi Mittalning kuyovi bo‘lgan Amit Bxatia Angliya Chempionshipida ishtirok etuvchi “Kuinz Park Reynjers” klubidagi ulushidan voz kechgan.
Jeff Bezos avvalroq NFL’dagi “Sietl Sixoks” va “Vashington Kommanders” klublarini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqqan. Biroq u shu paytgacha Angliya Premer-ligasi klublariga jiddiy qiziqish bildirmagan. FSG “Liverpul” klubiga 2010 yildan buyon egalik qilib kelmoqda.
“Forbes” bahosiga ko‘ra, Jeff Bezosning boyligi 253 milliard dollarni tashkil etadi va u dunyoning eng boy insonlari ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Lakshmi Mittalning boyligi esa 31,3 milliard dollarga baholanib, u reytingda 72-o‘rinda qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, “Liverpul” o‘tgan mavsumni sovrinsiz yakunladi. Jamoa Angliya Premer-ligasida beshinchi o‘rinni egalladi va Chempionlar ligasining chorak final bosqichida musobaqani tark etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Liverpul” klubiga egalik qiluvchi Amerikaning Fenway Sports Group investitsiya kompaniyasi Mersisayd klubidagi ma’lum bir ulushini sotish bo‘yicha muzokaralar olib bormayotgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi