JCHda stadionni tozalagan yaponiyaliklar o‘z vatanida tanqidga uchradi
Sport
−
19 iyun 17233 2 daqiqa
Yillar davomida Jahon chempionatlari vaqtida o‘yindan keyin stadion tribunalarini tozalab ketishi bilan butun dunyoda e’tirof etiladigan yaponiyalik futbol muxlislarining bu odati o‘z vatanida bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Bu safargi Jahon chempionati o‘yinlarining biridan keyin ham yaponiyalik muxlislarning chiqindi xaltalari bilan tribunalarni tozalayotgani aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Biroq ayrimlar bu holatni ikki xil standart sifatida baholagan.
Tez orada internetda virusga aylangan rasmda stadionda chiqindi terib yurgan va uyidagi divanda telefon ushlab o‘tirgan, yonida esa kir savati turgan holda rafiqasi idish-tovoq yuvayotgan erkak tasvirlangan.
“Yaponiya erkaklari uy ishlarida ham ko‘proq qatnashishi kerak. Chunki ularning ro‘zg‘or ishlariga sarflaydigan vaqti dunyodagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi”, deyilgan rasmdagi yozuvda.
Mazkur post X ijtimoiy tarmog‘ida 60 mingdan ortiq layk to‘plagan.
“Hamma dunyoni qutqarmoqchi, lekin hech kim onasiga idish yuvishda yordam berishni istamaydi”, deb yozgan foydalanuvchilardan biri, amerikalik yozuvchi Pi Jey O'Rurkning mashhur iborasiga ishora qilib.
Boshqa bir foydalanuvchi esa chiqindi yig‘ib yurganlar orasida, ehtimol, yosh farzandini uyda ayoliga tashlab, o‘zi Jahon chempionatiga borgan odam ham borligini taxmin qilgan.
Tozalik va jamoat joylarini orqasidan yig‘ishtirib ketish madaniyati Yaponiya jamiyatida chuqur ildiz otgan. Biroq uy ishlarini taqsimlash borasida vaziyat boshqacha. 2021 yilgi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yapon ayollari kuniga uch soatdan ortiq vaqtni haq to‘lanmaydigan uy ishlariga sarflaydi. Bu erkaklar ko‘rsatkichidan besh baravar ko‘pdir. Yaponiyalik erkaklar esa bunday ishlarga kuniga o‘rtacha 47 daqiqa ajratadi.
Farzandli oilalarda bu tafovut yanada kattaroq. Hukumatning 2021 yilgi so‘roviga ko‘ra, olti yoshgacha farzandi bo‘lgan va ikkala ota-ona ham ishlaydigan oilalarda ayollar kuniga yetti soatdan ortiq vaqtni uy ishlariga sarflasa, erkaklar ikki soatdan kam vaqt ajratadi.
Ba’zi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari yana bir masalaga e’tibor qaratgan. Unga ko‘ra, yaponlar xorijda chiqindi yig‘ishi maqtovga sazovor bo‘lsa-da, Yaponiyaning o‘zida yirik tadbirlardan keyin ko‘plab jamoat joylari chiqindilar bilan to‘lib qoladi.
Shunga qaramay, ko‘pchilik yapon muxlislarining mashhur tozalash an’anasini qo‘llab-quvvatlagan.
“Buning nimasi uyat? Baribir “yaponlar xorijda chiqindi tashlab ketmoqda” degan xabarlardan ko‘ra yaxshi-ku”, deb izoh yozgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.
Kuzatuvchilarning bildirishicha, yapon muxlislarining ushbu odati boshqa mamlakatlardan bo‘lgan muxlislarga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ularni ham stadionlarni tozalashga undamoqda.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust